Bilasizmi?

O‘zbekistonlik tennischi Farg‘onadagi musobaqada 25 000 dollar yutib oldi

Farg‘onada xotin-qizlar o‘rtasida tennis bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 25 000 AQSh dollarini tashkil qiluvchi turnir o‘tkazildi. Bu haqda Qalampir.uz yozmoqda.

E’tiborlisi, ushbu xalqaro turnirning bosh sovrini musobaqada uchinchi raqam ostida saralangan o‘zbekistonlik tennischi Nigina Abduraimovaga nasib qildi.

Nigina musobaqada Nasiba Espolova (O‘zbekiston), Sadafmoh Tolibova (Belarus), Nastiya Kolar (Slovakiya), Varvara Flink (Rossiya) kabi tennischilarni mag‘lub etdi. Hal qiluvchi final bahsida esa rossiyalik Anastasiya Frolovadan ustun kelgan holda turnir g‘olibasiga aylandi. Ushbu muvaffaqiyat Nigina Abduraimovaga 50 reyting ochkosini taqdim etdi.

Bu vaqt ichida Farg‘onada erkaklar o‘rtasida “Chellenjer” turniri ham bo‘lib o‘tdi. Afsuski, musobaqada o‘zbekistonlik tennischilar dastlabki davralardayoq o‘z ishtiroklarini yakunlashga majbur bo‘ldilar.

Turnir g‘olibligi uchun finalda serbiyalik Nikola Miloyevich va ispaniyalik Enrike Lopes Peres kurash olib bordi. Hal qiluvchi uchrashuvda serb tennischisining qo‘li baland keldi va u Farg‘onadagi “Chellenjer”ning g‘olibiga aylandi.