Bilasizmi?

O‘zi ham, po‘sti ham foydali

Ayrim sabzavot va mevalarning nafaqat o‘zi balki po‘stlog‘i ham ba’zi kasalliklarga davo. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishtiramiz.

Sarimsoqpiyoz

Uning ustki qavati keksalikni bartaraf etuvchi antioksidantlarga boy sanaladi. Agar oshga yoki dimlama taomlarga uni po‘sti bilan solish odatingizga barham bermasangiz kifoya.

Baqlajon

Ba’zi taomlarni tayyorlashda baqlajonning pusti archiladi, aslida esa bunga zarurat yo‘q. Agar siz organizmdagi hujayra membranalarini himoya etuvchi nasunin nomli kuchli antioksidantning foydasi tegsin desangiz, baqlajonni po‘sti bilan yeng.

Kartoshka

Eng qizig‘i, kartoshkani ham po‘stidan ajratish shart emas. Aniqlanishicha, kartoshkadagi V vitaminlari guruhi va mikroelementlardan tashkil topgan oziq moddalarning 20 foizi aynan uning po‘stlog‘ida bo‘lar ekan.

Bodring

Odatda bodringning po‘stlog‘ini tozalamasak-da, ba’zi vaqtlarda po‘stidan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Imkon qadar bunday qilmaslikka harakat qiling. Negaki aynan bodring po‘stlog‘ida immun tizimini stimullashtiruvchi antioksidantlar mavjud.

Olma

Odatda olmani po‘stini oshqozonga botadi, degan xayol bilan archib tashlaymiz. Bu to‘g‘ri fikr, archilgan olma me’da faoliyatini yaxshilab, to‘qlik hissini paydo qiladi. Biroq olmaning po‘stlog‘i ham kversitin, S vitamini va saratondan himoya qiluvchi triterpenoidlar borligini unutmaslik darkor.

Limon, mandarin va apelsin

S vitaminiga boy mahsulotlarni har kim ham po‘sti bilan iste’mol qilolmaydi. Lekin po‘stlog‘idan ko‘pgina uy bekalari unumli foydalanishlari sir emas. Sitrus mevalarining quritilgan sedrasi pishiriq xamiri va murabbolarga o‘zgacha yoqimli ta’m bag‘ishlaydi.

Anor

Bu mevani po‘sti bilan iste’mol qilish mumkin, demaymiz. Shunchaki meva ichidagi donachalardan tashqari qattiq po‘stloq ham foydali ekanligini yana bir karra eslatib o‘tmoqchimiz. Anor po‘sti stafilakokk hamda antibiotiklar bilan davolanadigan bir qancha infeksiyalarga qarshi davo vositasi sanaladi. Ammo biz uni diareyaga qarshi vosita sifatida yaxshi bilamiz. Anor po‘sti hamda novvot qaynatmasi ich ketishiga qarshi ishonchli vositadir.

Manba: Darakchi.uz