Salomatlik

​O‘zingizni saratondan asrang!

Saraton jiddiy kasallik, uning oldini olish uchun esa yiliga bir marotaba bo‘lsa-da, gastroenterolog, urolog, ginekolog va terapevt ko‘rigidan o‘tishni kanda qilmang. Saraton qancha erta aniqlansa, uni davolash imkoniyati shuncha katta bo‘ladi. Shuningdek, saratondan muhofazalovchi usullardan foydalanishni ham unutmang.

Zig‘ir yog‘i va tvorog

Kuniga 1-2 osh qoshiqdan salatlarga qo‘shib iste’mol qiling. Yog‘ni isitmasdan, qizdirmasdan o‘zini iste’mol qilish zarur. Shu bilan birga, zig‘ir yog‘ini tvorog bilan iste’mol qilish ham saratonga chalinish xavfini kamaytiradi. Buning uchun har kuni 100-150 gr. tvorogga 2 osh qoshiq (sovuq uslubda siqib olingan) zig‘ir yog‘i aralashtirib, iste’mol qilish lozim.

Oq karrakli damlama

4 osh qoshiq oq karrak (tatarnik) gullarini bir litr qaynagan suvda damlang va past olovda 6 daqiqa qaynatib, so‘ng tindirgani qo‘ying. Kuniga 4 mahal ovqatlanishdan avval bir yoki yarim stakan iching.

Qon bosimi yuqori bo‘lgan bemorlarga oq karrak o‘simligidan foydalanish mumkin emas.

Nasliy saratonning oldini olish uchun…

Naslingizda saratonga chalinganlar bo‘lsa, albatta taomnomangizga karam va karamgullilar oilasiga kiruvchi o‘simliklarni qo‘shing. Bular gulkaram, koreyscha karam, binafsharang karam va brokolli. Karamgullilar saratonga qarshi ta’sir etuvchi moddalarga boy va bu foydali xususiyatini yo‘qotmasligi uchun karamni xom holatda yoki bug‘da pishirib iste’mol qilish zarur. Biroq oshqozon-ichak kasalliklariga chalingan bemorlar bu borada shifokor bilan maslahatlashishlari zarur.

O‘pka saratoniga chalinmay desangiz…

Pista o‘pka saratonidan asraydi. Kuniga 50 gr. pista yeyish organizmni gamma-tokoferol bilan boyitadi. Bu modda Ye vitaminining bir turi bo‘lib, saratonga qarshi muhofaza tizimini mustahkamlaydi.

Pista allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulot. Shuning uchun allergiyaga chalinganlar ehtiyot bo‘lib qabul qilishlari lozim.

Kungaboqar va oshqovoq urug‘i

Zig‘ir, kunjut, oshqovoq va kungaboqar urug‘i po‘stlog‘i fitoestrogenlarga boy. Bu ayniqsa ayollar uchun foydali bo‘lib, ko‘krak bezi, tuxumdonlar va bachadon saratoniga chalinishning oldini oladi. Zig‘ir, kunjut, kungaboqar, oshqovoq urug‘ini aralashtiring va hovonchada kukun holiga keltiring. Bu aralashmadan kuniga 1 qoshiq iste’mol qiling.

Allergiyaga chalingan bemorlar ehtiyotkorlik bilan qabul qilishlari lozim.

Kurkuma

Kurkuma ziravor bo‘lib, u zanjabillilar oilasiga kiradi, ko‘rinishi za’faronni eslatadi va za’faron o‘rnida ham ishlatiladi. Qizilo‘ngach va oshqozon saratoniga chalinmaslik uchun yarim choy qoshiq kurkuma 1-2 choy qoshiq aloe sharbati bilan aralashtirib qabul qilinadi.

Kurkuma homiladorlarga va o‘t pufak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarga mumkin emas.

Uzum danagi yog‘i

Prostatit, bachadon, ko‘krak bezlari saratonining oldini olish uchun uzum danagidan olingan yog‘ foydali. Kuniga 3-4 osh qoshiq uzum danagi yog‘ini salatlarga aralashtirib iste’mol qilinadi. Bu yog‘ni ham issiq haroratga qo‘yib bo‘lmaydi, aks holda u foydali xususiyatlarini yo‘qotadi.

Piyoz va sarimsoq piyoz

Piyoz va sarimsoq piyozni har kunlik taomnomangizga kiriting. Ular tarkibida organizmdagi kanserogen (saraton chaqiruvchi) moddalarni yo‘qotadi. Sarimsoq piyozni xomligicha iste’mol qilish foydali: avval po‘stlog‘ini tozalab, maydalab to‘g‘rang va 10-15 daqiqaga qoldirib, keyin iste’mol qiling.

Prostatit, siydik qopi kasalliklarida ehtiyot bo‘lib iste’mol qilish zarur.

Manba: Darakchi.uz