Kutubxona

Obuna mavsumi. Majburlashlar avj olayotgan bu sohani ham tartibga solish fursati yetib kelmadimi?

Paxta mavsumi tugab, obuna mavsumi boshlandi hamki KUN.UZ tahririyatining elektron pochtasi turli arz-dodu, shikoyatlar bitilgan xatlarga to‘lib ketdi. Ularning aksariyati o‘qituvchilar, ota-onalar va talabalardan kelib tushgan...

Hozir 2018 yil obuna mavsumiga yakun yasaldi. Biz turli bosma davriy nashrlarda mehnat qilayotgan hamkasblarimizni hurmat qilgan holda ta’kidlashimiz joizki (chunki bu illatda ularning ham ma’lum bir «hissa»si bor), keyingi yillarda «obuna yuki» ham fuqarolarimizning asabiga tegib kelayotgani bor haqiqat.

Soliq idoralari tomonidan tadbirkorlarga, huquq-tartibot organlari tomonidan xodimlarga, mahalliy hokimliklar tomonidan o‘qituvchilar va shifokorlarga, oliygohlardagi talabalarga obuna rejasi belgilab berilayotgani, obuna uchun pul ularning oylik maoshidan bosib qolinayotgani ko‘z yumib bo‘lmaydigan achchiq haqiqat.

Tizim soat mexanizmidek aniq ishlaydi. Berilgan reja bajarilishi kerak - tamom vassalom. Lekin hammasi ko‘ngildagidek emasligi aniq, chunki shikoyatlar bor…

Xo‘sh, obuna nima o‘zi? Bu — davriy nashrga 1 yil oldindan to‘lab quyiladigan, foizsiz ishonch krediti. Davriy nashrlarimiz, ayrim gazeta va jurnalarimiz shu ishonchga loyiq bir yil ishlab bera olish-olmasligi alohida o‘rganiladigan mavzu, albatta. Lekin axborot asrida yashayotgan bugungi insonni o‘zi o‘qishni xohlamaydigan nashrga majburlab obuna qildirish g‘irt bo‘lmag‘ur ish ekanligi ham rost.

Qanday nashrlarga obuna uyushtiriladi?

Ko‘p yillik kuzatishlarim asosida qo‘rqmay ta’kidlashim mumkinki, davriy nashrlar shartli besh qismga bo‘linadi:

1. Davlat nashrlari. Ha, ular sanoqli va salmoqli. Ular, asosan, o‘z muxbirlari xabar va yangiliklari, O‘zAda chiqqan rasmiy materiallar va reklama bilan sahifalarini to‘ldirishadi. Holbuki, axborotga chanqoq inson bu yerdagi informatsiyalarni Internet orqali o‘sha kuniyoq ko‘rib, kuzatib, xulosa chiqarib bo‘lgan bo‘ladi. Lekin axborot tashishning bir usuli sifatida bunday nashrlar ham kerak. Chunki internet yetib bormagan ko‘p joylarda bunday nashrlar kerak bo‘ladi. Lekin sekin-asta davlat nashrlarining o‘rnini davlat internet-nashrlari egallab borishi kerak. Chunki ma’muriy resurs richagi yordamida majburiy obuna qilinadigan eng ko‘p davriy nashrlar ham davlat nashrlaridir.

2. Partiya nashrlari. Partiyalarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, g‘oyalarni targ‘ib etuvchi nashrlar bo‘lishi kerak. Lekin bularning ham aksariyat sonlaridagi ma’lumotlar davlat nashrlariniki bilan bir xil ekanligi sir emas. Bularning obunasini tashkillashtirishda ham joylardagi ma’muriy resurs ishga solinadi.

3. Tarmoq nashrlari. Vazirlik, qo‘mita, agentliklar tarafidan nashr etilayotgan, o‘z sohasi bo‘yicha maqola, xabar va yangiliklar yoritiluvchi nashrlar. Soliq, moliya, ta’lim, tibbiyot sohalari va huquq-tartibot organlari nashrlari bunga misol. Obuna faqat o‘z sohasi kishilari uchun uyushtiriladi.

4. Bozorda o‘z o‘quvchisini topgan xususiy nashrlar. O‘ndan ziyod, xususiy matbaachilikda o‘z o‘rnini topgan nashrlar ham borki, bularning obunasi majburiy tarzda emas, mutlaqo ixtiyoriylikka asoslangan. Bular obuna mavsumida TV-radioda reklama uyushtirishadi, ko‘chalarda banner ilishadi. Aslida, o‘zini hurmat qiladigan barcha nashrlar obuna uyushtirishda aynan mana shunday ishlashi kerak. Bu haqda quyida batafsilroq to‘xtalamiz.

5. Bozorda o‘z o‘quvchisini topa olmagan, faqat majburiy obuna evazigagina kun ko‘rayotgan xususiy nashrlar. Bunday nashrlar davlatning biror organi muassisligida chiqarilmaydi yoki hech bir tarmoqqa tegishli emas. Lekin hokimliklar, korxonalar, tashkilotlar, pochta va matbuot tarqatish bo‘limlarida mukofot e’lon qilish, pora evaziga og‘dirish, foydani bo‘lishish kabi usullar bilan majburiy obuna uyushtiruvchi tahririyatlardir. Aslida ularning gazeta-jurnali o‘qishli ham emas. Obuna uyushtirilsa ham nashrlar obunachilarga oxirigacha yoki umuman yetkazilmaydi (quyiroqda batafsilroq to‘xtalamiz). Tahririyatimizga kelgan shikoyatlar ichida ana shunday nashrlar ham tilga olib o‘tilgan.

Obuna qanday uyushtiriladi?

Keling, avvalo, obuna risolasida yozilishi bo‘yicha qanday uyushtirilishi kerakligi haqida to‘xtalib o‘tsak.

Siz o‘zingiz yoqtirgan (yoki tavsiya etgan) gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lishni rejalashtirdingizmi, uning «O‘zbekiston pochtasi» AJ yoki «Matbuot tarqatuvchi» AK tomonidan chop etilgan yoki rasmiy saytida e’lon qilingan katalogdagi narxini ko‘rib chiqib, keraklisini tanlab, aloqa bo‘limlari yoki kiosklarda pulini to‘lashingiz, evaziga sizga kvitansiya yozib berishlari kerak.

Bo‘ldi! Tanlangan nashr, puli to‘langan obuna muddati va davriyligiga qarab, kvitansiya bo‘yicha sizga davriy nashr o‘z vaqtida yetkazilishi lozim.

Lekin ayni paytda yurtimizning turli go‘shalarida obuna qanday uyushtirilayotganligidan barchamiz xabardormiz.

Tashkilot, korxona, muassalarda rahbarning bo‘yrug‘i bilan obuna uyushtiruvchi tayinlanadi. Hech kimga tanlov huquqi berilmaydi. Falon million obuna uchun pul reja qilinadi va pul yig‘iladi. U pullarga kim obuna bo‘ldi, qaysi nashrga qancha adadda obuna bo‘ldi — qiziqishga hech kimning haqi yo‘q.

Maktablar va oliygohlarda ham shu ahvol. Talaba va o‘quvchilarga 25–30 ming so‘mdan obuna uchun pul yig‘ishtiriladi. Ota-onalarning aksariyati berishadi. Talabalarning esa stipendiyasidan bosib qolinadi. Lekin ularning qo‘liga obuna bo‘lingan nashrlar har doim ham yetib kelmaydi.

Bu hol obuna uyushtirishda o‘zganing haqini yeyish, turli xil nayrang va qallobliklar kelib chiqishiga zamin yaratadi.

Keling, obuna bilan bog‘liq o‘ta og‘riqli muammolardan birini tahlil qilaylik.

Obuna uyushtirish, davriy nashrlarni o‘z egalariga o‘z vaqtida yetkazib berish uchun «O‘zbekiston pochtasi» AJ va «Matbuot tarqatuvchi» AKning ko‘p yillik tajribasi, resurslari, kadrlari, viloyatlarning barchasida filiallari va sho‘’ba korxonalari mavjud bo‘lgani holda, hozir xususiy tarqatuvchi firmalar ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Lekin ularda yetarli resurs yo‘q, xodimlar yo‘q. Nomiga «pochta» va «matbuot»ning katalogidan picha arzon (ayrim hollarda kelishilgan «otkat» tufayli karrasiga qimmat) narxlar bilan korxona, tashkilot va muassasalarda obuna tashkillashtirishadi. Ular «pochta» yoki «matbuot tarqatuvchi» singari har bir fuqaro bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkonini mutlaqo taqdim eta olishmaydi. Albatta, tashkilotlarni guruh usulida, umumiy obuna qilishadi.

Shunday obunachi firmalar bilan obuna uyushtirildi, millionlab pullar yig‘ildi ham deylik. Endi qanday oqibat kelib chiqadi? Bunday «obunachi firmalar» bilan pulni «arra» qilib yeb ketadigan rahbarlar ham uchraydi. Keyin, rahbar ma’lum bir foizga (15–20 atrofida) kelishib, obuna uyushtirishda kamarbasta bo‘lib beradi. Firma esa dastlabki uch-to‘rt oyda amallab, ko‘pincha kechikib, nashrlarni yetkazib turadi. Keyin yetkazishni bas qiladi. Rahbar bilan til biriktirib, soxta yuk xatlari bilan «ish»ni yopishadi. Hech kim ketini surishtirmaydi. «Bitta gazetaning ketidan surishib yuramanmi», deb qo‘l siltaydi aksariyat kishilarimiz. Bu esa firibgarlarning tegirmoniga suv qo‘yishning o‘zginasidir.

Mana shunday «firma»lar ham obuna uyushtirishu, pullarni yeb ketishi, obunachilarga nashrlarni yetkazib bermasligi bilan ham aholi o‘rtasida norozilik keltirib chiqarishmoqda. Boz ustiga, bundaylarning kirdikorlaridan nafaqat obunachilar, tahririyatlar ham kuyib qolishmoqda. Chunki, nashrning yetkazilmay qolgan qismiga tegishli obuna puli to‘liqligicha yeb ketiladi. Tahririyatga o‘tkazib berilmaydi. Tahririyatlar esa bu narsadan bexabar ham qolib ketishadi. Obuna bo‘lgan nashri yetib kelmagan ayrim mushtariylar esa tahririyatga qo‘ng‘iroq qila boshlashadi... Bu holda tahririyatning aybi ne?

Endi nopok xususiy nashrlar tahririyatlari haqida. «O‘zbekiston pochtasi» AJ va «Matbuot tarqatuvchi» AK tomonidan uyushtirilgan umumiy obuna pulining 6 oyligi tahririyatga qog‘oz zaxira qilish va boshqa xarajatlar uchun oldindan o‘tkazib beriladi. Tilga olinayotgan tahririyatlar ana shu pulni olib, nashrlarni o‘z vaqtida obunachilarga yetkazishmaydi. O‘rtada tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Bu holda yana yakuniy iste’molchi — mushtariy jabr ko‘radi yetkazilmagan nashrlar uchun pulni obunachi «pochta» yoki «matbuot»dan talab qila boshlaydi...

Bularning barchasiga qanday chek qo‘yish mumkin?

Sohani to‘liqligicha tartibga solish lozim. Eng qizig‘i, bu u qadar qiyin ish ham emas.

Avvalo, obuna bilan «O‘zbekiston pochtasi» AJ, «Matbuot tarqatuvchi» AK va o‘zining halol ishlashi bilan e’tibor qozongan ayrim yirik xususiy obuna uyushtiruvchilar shug‘ullanishi kerak.

Bu ish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan xususiy korxonalar O‘zbekiston Respublikasi informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalar agentligi tomonidan litsenziyalanishi lozim. Litsenziya olish talablari ichida davriy nashrlarni saqlash uchun xususiy ko‘chmas mulk, tarqatish uchun transport vositalari soni, elektron obuna uyushtirishga yaroqli rasmiy sayti kabi kriteriylar kiritilishi shart. Shu ish bilan shug‘ullanaman degan ishbilarmon, avvalo, o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatilgan talabni joriy qilsin, ana undan keyin fuqarolarning milliardlab mablag‘larini tasarruf eta boshlaydi.

Matbuot va axborot agentligi esa tahririyatlar yoki yuridik shaxs bo‘lmagan davriy nashr muassislarining MChJ shaklida bo‘lishiga barham berishlari lozim bo‘ladi. Minglab insonlar bilan ishlaydigan korxonaning mas’uliyati cheklangan bo‘lmasligi kerak, mas’ul bo‘lmog‘i lozim.

Eslatib o‘tamiz, gap tahririyatlarning kun ko‘rishi uchun zarur bo‘lgan, mushtariylarning yeb ketilayotgan milliardlab mablag‘i haqida bormoqda.

Obunani tashkil qilish

Obuna uyushtirish ixtiyoriy majburiy tarzda o‘tkazilsa ham, korxona, tashkilot va muassasalarda majburiy pul yig‘ilishi bas qilinishi kerak. Mayli, xodimlarga, o‘quvchi va talabalarga obuna bo‘lish tavsiya qilinsin, yoshlar ittifoqi tomonidan targ‘ib qilinsin, ana, yoki lozim topilsa — rahbariyat tomonidan buyurilsin, lekin ularning oyligi, stipendiyasidan ushlab qolinishiga, ota-onasidan pul yig‘ilishiga to‘liq chek qo‘yilishi kerak.

Obuna mavsumida nashrlarga obuna bo‘lish — obuna kvitansiyalariga qarab hisoblanishi lozim. «Qani, qaysi nashrga obuna bo‘lding?» deb obuna kvitansiyasi so‘ralishi kerak. Maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida ham o‘quvchi va talabalardan obuna bo‘lgan nashrlarining kvitansiyasi so‘ralishi kerak. Kimgadir shu hisobot qiziq bo‘lsa — o‘sha kvitansiyalarga qarab hisob-kitob yurgizsin. (Garchi, ko‘zlarida mudom olov bo‘lgan yoshlar ittifoqi vakillaridan bo‘lak kimdir pul yo‘q bo‘lgan joyda shu ishni jonbozlik ko‘rsatib bajarishiga ko‘p ham ishonmayotgan bo‘lsam ham).

Keyin «pochta» va «matbuot tarqatuvchi», shuningdek, bu borada katta tajriba orttirgan boshqa xususiy tarqatuvchilarimiz o‘z internet saytlarida elektron obuna tizimini mukammal yo‘lga qo‘yishlari kerak. Plastik kartochka, CLICK tizimi orqali bemalol o‘z uy manziliga obuna bo‘lish tizimini mukammallashtirishlari talab etiladi. Ularda bu ishlar oqsayotgani sababli, yuqorida tasvirlab o‘tilgan qalloblarning bemalol faoliyat ko‘rsatishiga zamin yaratilmoqda.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga murojaatnomasida ham hozirgi kundagi jurnalistikaning ahvoli bir qur tanqid qilib o‘tildi. Majburiy obunaning borligi ham ayni kunda jurnalistikamizni boqimanda qilib turgan illatlardan biri ekanligi shubhasiz. O‘zingiz ayting, obunasini ma’muriy resurs bilan hal qiladigan, yillik byudjetiga jonini koyitmasdan yetarli pul to‘plab ololadigan tahririyat jurnalistika bilan shug‘ullanadimi?

Kimdir birovga «Sen mana bu nashrga obuna bo‘lasan!» deb aytishga mutlaqo haqli emas, aslida. Mayli, kishilar obuna bo‘lishga jalb qilinsin, targ‘ib qilinsin, ularga tavsiya berilsin. Lekin tanlov huquqi ularning o‘zida qoldirilishi shart. Ana shunda yuqorida nomlari tilga olib o‘tilgan besh toifa davriy nashrlar o‘rtasida raqobat yuzaga keladi. Tahririyatlar matbaachilik bozorida o‘z o‘quvchisini topgan xususiy nashrlar kabi mehnat qilishga, o‘zlarini reklama qilishga, obunachi uchun jon kuydirishga majbur bo‘lishadi. Muxlislarning ko‘nglidan joy oladigan maqolalar ham o‘z-o‘zidan yozila boshlaydi.

Va aynan mana shu holatda adolat yuzaga keladi va odamlarimizda tanlash huquqi, azaliy tajribaga ega bo‘lgan tashkilotlarning sifatli xizmatidan foydalanish va sifatli davriy nashrlarni (o‘z vaqtida!) qo‘liga olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Qolaversa, o‘qituvchi va shifokorlarimiz majburiy mehnat kabi yillar davomida ularni qiynab kelgan muammolardan butkul xalos bo‘layotgan bir paytda, ortiqcha daromadi bo‘lmagan, faqat maoshga kun ko‘radigan bu zahmatkash fidoyilarimizni majburiy obuna degan «illat»dan ham xalos qilishga allaqachon fursat yetib kelgan.

Shuhrat Shokirjonov