Oshxona

Ochil dasturxon: “Shimoliy o‘rmon” salati

Biz sizga tavsiya etayotgan ushbu salat Yangi yil dasturxoni uchun ayni muddao. Ayniqsa, qo‘ziqorinlarni yaxshi ko‘radiganlar uchun bu salat juda yoqishi tayin. Uni tayyorlashga ko‘p vaqt sarf etilmaydi. Ba’zi masalliqlarni sharoit va ta’bga ko‘ra o‘zgartirish mumkin.

Salatga kerakli mahsulotlar:

400 gramm marinadlangan shampinon qo‘ziqorinlari; 300 gramm tovuq (mol go‘shtini ham ishlatish mumkin) go‘shti; 200 gramm koreys qizil sabzisi (tayyor holatda bo‘ladi); 150 gramm o‘rtacha qattiqlikdagi pishloq; 2-3 dona kartoshka; Mayonez; Ukrop; Petrushka; Barra piyoz;

Salatni tayyorlashni boshlashdan avval, tovuq go‘shti va kartoshkani pishirib olamiz. Avval, tovuq go‘shtini oldindan pishirib, so‘ng uning sho‘rvasida kartoshkani pishirish ham mumkin. Pishloq mayda tishli qirg‘ichdan o‘tkazib olinadi. Qolgan barcha masalliqlar somoncha shaklida to‘g‘raladi. Ko‘katlar mayda shaklda to‘g‘rab olinadi.

Tayyorlash jarayoni:

Odatda, mahsulotlar qavat-qavat qilib terib chiqiladigan ushbu salat laganga yoki doira shakldagi maxsus idishga solib tayyorlanadi. Biroq, uni boshqacha shaklda tayyorlash ham mumkin.

Idishning tag qismiga bir qator qilib marinadlangan shampinon qo‘ziqorinlarni terib chiqamiz. Ustidan esa pishloqni sepamiz. Uning ustidan ko‘katlar sepiladi, mayonez surtiladi.

Shu zaylda qo‘ziqorindan keyin kartoshka, tovuq go‘shti, koreys sabzisi ustma-ust teriladi va har biring orasiga ko‘katlar, tuz, pishloq sepiladi va mayonez surtib chiqiladi. Ta’bga ko‘ra ushbu salatni ketma-ketlikda 7-8 qavat yoki 4 qavatli qilish ham mumkin. Masalliqlar terib chiqilgach, salatning ustki qismiga pishloq va ko‘kat sepiladi hamda qo‘ziqorinlarning ust qismi tepaga qaratib joylashtiriladi.

Manba: Qalampir.uz