Adliya vazirligining Telegram-kanalida xabar qilinishicha, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari quyidagi manbalardan shakllanadi:
har yili 300 mlrd. so‘mgacha bo‘lgan miqdorda ajratiladigan Davlat byudjeti mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamoat fondining mablag‘lari Vasiylik kengashining qaroriga muvofiq:
xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatishga;
xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda;
mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashishga;
xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda imtiyozli kreditlar berishga;
onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash bo‘yicha vazifalarning amalga oshirilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning ma’naviy-axloqiy negizlari va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilishiga ko‘maklashishga;
og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarni turar-joy bilan ta’minlashda boshlang‘ich badallarini qaytarilmaslik sharti bilan to‘lab berishga;
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va "Oila" markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga;
Ijro etuvchi direksiyani saqlashga ishlatilishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi farmoni bilan tashkil etilgan edi.