Galitoz - tibbiy termin bo‘lib og‘izdan yomon hid kelishini bildiradi. Og‘izdan noxush hid kelishi bu nafaqat og‘iz bo‘shlig‘idagi balki ichki a’zolardagi turli kasalliklardan belgi berishi mumkin. Bu holat odamni boshqa odamlar bilan muloqot qilishiga to‘siq bo‘ladi va ma’lum ma’noda ruhiy zarba ham bera oladi. Galitoz muntazam va vaqti vaqti bilan deylik qorin ochganda yoki ovqat yegandan so‘ng bezovta qilishi mumkin.
Vaqt yetishmasligidan yoki boshqa sabablarga ko‘ra ko‘p odamlar stomatolog huzuriga borishni ortga suraveradilar. Og‘izdagi noxush hidni esa saqich yoki yalpizli konfet bilan yashirishga urinadilar.
Og‘iz bo‘shlig‘idan noxush hid kelishiga ba’zan gigiyenaga rioya qilmaslik sabab bo‘ladi.Tishlar yuvilmaganda yoki chala yuvilganida og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriyalar tilda to‘planadi va ular o‘zidan yoqimsiz hid tarqatadi. Shuningdek, stomatit, parodontit, kariyes kabi tish kasalliklari ham shunday noqulay holatga sabab bo‘ladi. Uyqu vaqtida og‘zini ochib uxlaydiganlar ham ayni vaziyatga tushib qolishlari mumkin.
BOShQA KASALLIKLAR BELGISI
Og‘iz hidlanishi nafas yo‘llari infektsiyalari, gastrit, oshqozon yarasi kabi oshqozon ichak kasalliklari, burun bo‘shlig‘idagi surunkali kasalliklar, qandli diabetdan ogoh qilishi mumkin.
UNUTMANG!
Yalpizli saqich vaqtincha sizni muammodan xalos qilishi mumkin lekin u ayni holatning sabablari bilan kurasha olmaydi. Shuning uchun ham kuniga ikki marta yaxshilab yuvgandan keyin ham noxush hid yo‘qolmasa stomatolog huzuriga borishni kechiktirmang.
QANDAY ANIQLASA BO‘LADI ?
Menda bunday muammo bormi yo‘qmi deb aniqlamoqchi bo‘lsangiz uy sharoitida bir nechta usullarni tavsiya etamiz: Paxtani olib tilning iloji boricha o‘rtarog‘ini artib uni hidlab ko‘rasiz Tish cho‘tkasidan foydalangandan so‘ng bir ikki daqiqa o‘tgach uni hidlab ko‘rasiz agar noxush hid sezilsa demak mutaxassisga uchrash kerak.