Salomatlik

Og‘riq, operatsiya va homiladorlik. 5 savolga 5 javob

"NOXUSh HIDDAN BEZORMAN"

– Og‘zimdan noxush hid keladi. Onam stomatolog bo‘lgani bois bu tishlarim bilan bog‘liqmasligini aniq bilaman. Balki muammo tomog‘imdadir deb lor shifokoriga bordik. U tomog‘imni yuvganidan keyin og‘izdan yoqimsiz hid kelishi to‘xtadi. Ammo bir haftadan so‘ng yana eski holat boshlandi. Shuni deb odamlar bilan muloqot qilishga qiynalaman. Bu yoqimsizlikdan qanday qilib qutulish mumkinmi?

S. A., Toshkent viloyati

Savolga umumiy amaliyot shifokori Yulduz KARIMJONOVA javob beradi:

-Lor ko‘rigidan o‘tib, sizda bodomcha bezlarining yallig‘lanishi, burun-xalqum kasalliklari bor-yo‘qligini atroflicha tekshirtirish kerak. Bundan tashqari, gastroenterolog va endokrinolog ko‘rigidan o‘tishni maslahat beraman. Chunki bu holatga oshqozon osti bezi, gastrit, xoletsistit kabi kasalliklar hamda oshqozonda safro yig‘ilishi sababchi bo‘ladi. Og‘izdan atseton singari hid kelishi esa qandli diabet belgisidir. Shuning uchun to‘laqonli tibbiy tekshiruvdan o‘tishni tavsiya qilamiz. Oshqozon-ichak tizimi va nafas yo‘llarini tekshirtirish va davolashdan keyin bu muammo sizni umuman bezovta qilmaydi. Og‘izdagi hidni yo‘qotish uchun achchiq tosh va vodorod peroksidi aralashmasidan og‘izni chayqash tavsiya etiladi.

«FARZANDLI BO‘LOLAMANMI?!»

– Menda kista aniqlangach, chap tuxumdonimni olib tashlashdi. Bunga ham mana 4 oy bo‘ldi. Kerakli muolajalarni oldim, har oy muntazam ravishda follikula yorilishi UTT tekshiruvi orqali nazorat qilinadi. Ammo homilador bo‘lmayapman. Buqog‘im bordir deb endokrinolog ko‘rigidan o‘tdim, hech nima aniqlanmadi. Nega bo‘yimda bo‘lmayotganini tushunmayapman?..

N.K., Farg‘ona viloyati

Savollarga shifokor-ginekolog Nilufar BO‘STONOVA javob beradi:

– Muammo turmush o‘rtog‘ingizda bo‘lishi ham mumkin. Har holda operatsiyadan keyin organizm tiklanishi uchun ma’lum vaqt o‘tdi. Maslahatim er-xotin ikingiz to‘laqonli tibbiy tekshiruvdan o‘ting. Qo‘shimcha ravishda kamqonlikka qarshi choralar, xususan qonda gemoglobinni ko‘tarish, buqog‘ingiz bo‘lmasa-da, tarkibida yod va foliy kislotasi bo‘lgan vitamin qo‘shimchalar qabul qilish hamda infeksiya o‘choqlari – chirigan kariyesli tishlar hamda angina, gaymorit, jinsiy a’zolardagi yallig‘lanishni davolang. Yana UTT tekshiruvida follikula hajmi 20 mm dan yuqori bo‘lishiga ham ahamiyat berish kerak. Shundagina bu follikula tuxumhujayraga aylanishi mumkin.

«TOMOG‘IMGA NIMADIR QADALAYaPTI...»

Bir necha oydan beri tomog‘imda nimadir tiqilib turgandek bo‘ladi. Yotganimda ham bo‘g‘ilib qolaman. Tomog‘im tez-tez og‘riydi, muzdek ichimlik ichsam, bezovtalik kuchayadi. Bu nima bo‘lishi mumkin?

O.J., Samarqand viloyati

Savollarga shifokor-terapevt Shahnoza SAIDOVA javob beradi:

Odam qattiq asabiylashganda, mas’uliyatli holatdan cho‘chiganda tomoqqa nimadir tiqilgandek bo‘ladi. Agar tez jazavaga tushsangiz, balki gap shundadir. Yana tomoqdagi noxush belgilar buqoq kasalligida kuzatiladi. Maslahatim, nevropatolog va endokrinolog ko‘rigidan o‘ting.

«ENSAMDA OG‘RIQ BOR!»

Uch kundan beri boshim orqasi (ensa) qismi bilan og‘riydi. Shu paytda burnimdan qon oqadi, gapirishga qiynalaman, uyqumda ham halovat yo‘q, buni ustiga tez charchab qolayapman. Qaysi shifokorga uchray?

D. E., Navoyi viloyati

Shifokor-nevrolog ko‘rigidan o‘tishingiz kerak. Bosh miya MRT tekshiruvi zarur. Tahlillar sizda miya ichki bosimi bor-yo‘qligini aniqlash uchun olib boriladi. Barcha tekshiruvlar shifoxona sharoitida bajarilgani durust.

«OYoG‘IMNI BOSOLMAY QOLDIM»

Mana bir haftadan beri oyog‘imni tayinli bosolmayman. Nima bo‘lganiga hayronman. Bungacha oyoqlarimning tovon qismida keskin og‘riq sezardim. Bundan bir yil oldin miyam chayqalgandi, balki bu shuning asoratidir? Qon bosimim ham ko‘tarilgan.

Savolga tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor-nevrolog Shukrulla JALILOV javob beradi:

Bu belgilar bosh miyada qon aylanishi buzilganda, umurtqa bel qismining osteoxondrozi, oyoq tomirlari kasalilklarida kuzatiladi. Siz shifokor-nevrolog va tomirli jarroh ko‘rigidan o‘tib, tezroq davolanishni boshlashingiz kerak.

Manba: Darakchi.uz