Oilaviy munosabatlarda mojaro kelib chiqqanda uning ishtirokchilariga bu muammo o‘ziga xos, noyob masaladek bo‘lib tuyuladi. Biroq oilaviy munosabatlarni tahlil qilib chiqqan terapevtlarning tajribasi buning aksidan dalolat beradi.
Qoida bo‘yicha munosabatlardagi inqiroz oiladagi juftlik quyidagi yettita ssenariyning birida "rol ijro eta" boshlagandan so‘ng yuzaga keladi. Bunda mojaroga aynan nima sabab bo‘lganligi va ularning qanchadan buyon birga yashayotganligi ko‘p ham ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
Quyida o‘zaro munosabatlarni barpo etishdagi ana shunday yanglish yo‘llarni keltirib o‘tamiz:
- "Sen mening hayotimsan"
Oilaviy juftlikning har biri ikkinchisi uchun uning butun dunyosiga aylansa, munosabatlar mustahkam va barqaror bo‘ladigandek tuyuladi. Aslida esa erkak va ayol bir-biriga juda bog‘lanib qolgan juftliklar munosabatida inqiroz tezroq yuzaga keladi.
Ular bir-biri uchun ham suyukli yor, ham do‘st, ham ota-onaning o‘rnini bosishga harakat qiladi. Bunday hayot tarzida begona insonlar va hodisalar uchun joy bo‘lmaydi. Biroq bunday vaziyat bir umr davom etmaydi. Farzand tug‘ilishi yoki yangi ish kabilar ulardan birining e’tiborini o‘ziga torta boshlaydi. Har qanday yopiq hududda vaqt o‘tishi bilan "havo yetishmay" boshlaydi. Ana shunda inqiroz yuzaga keladi.
- "Men xohlagandek inson bo‘l"
Ikkinchi eng ko‘p tarqalgan muammo bu o‘z juftining boshqa, alohida shaxs ekanligi, uning dunyoqarashi va o‘y-xayollari o‘ziga xos bo‘lishini anglab yetmaslikdir. Aslida undagi asabga tegadigan "kamchiliklar" ko‘pincha o‘zimizning kamchiliklarimiz bo‘lib chiqadi. Biz boshqa insonni o‘zimizning hayotiy qarashlarimiz bo‘yicha baholab, o‘zimizdagi yoqmaydigan jihatlarni unga nisbat beramiz. Yillar davomida bir-birini qayta tarbiyalashga urinadigan munosabatlarni baxtli turmush tarzi deb atab bo‘lmaydi, albatta.
- "Biz bir-birimizni so‘zsiz tushunamiz"
Sevishganlarning ko‘pchiligiga ular bir-birini "yarim qarashdan" tushunadigandek bo‘lib tuyuladi. Shuning uchun ular muloqot qilish va o‘zaro suhbatdan hech qanday naf ko‘rmaydi. Biroq vaqt o‘tishi bilan yonma-yon yashayotganligiga qaramasdan, bir-birini yaxshi bilmasligi aniq bo‘ladi.
- "Men seni qutqaraman"
Bunday munosabatlar endi boshlangan paytda juda mustahkamdek bo‘lib ko‘rinadi. Er-xotin sevgan insoni uchun o‘zidagi har qanday muammoni hal eta oladigan, masalan, ichishni tashlash yoki ishda omadliroq bo‘lishga erisha oladigandek bo‘ladi. Bunda ulardan biri "qutqaruvchi" rolini o‘z zimmasiga oladi.
Bunday munosabatlar ikki xil natija bilan tugashi mumkin:
- "Qutqarilgan" inson unga xalaqit berib kelgan barcha ortiqcha narsalardan qutulgandan so‘ng, hayotining uncha yaxshi bo‘lmagan davriga guvoh bo‘lgan insondan qutulishga harakat qiladi. Qolaversa, uning yordami ham boshqa kerak bo‘lmay qoladi;
- "Qutqarilayotgan" inson o‘zgarmaydi va "qutqaruvchi" buning uchun o‘zini aybdor his eta boshlaydi. Oxir-oqibatda munosabatlarda inqiroz yuzaga keladi.
- "Bugungi kun bilan yasha"
Xatoliklardan yana biri kelajak uchun birgalikda rejalar tuza olmaslik yoki buni istamaslikdir. Biroz vaqt o‘tgach esa bunday juftlikning umumiy maqsadlari yo‘qligi va birgalikda qayoqqa qarab harakat qilishni bilmasligi ayon bo‘ladi.
Shunda er-xotin birga yashayotganligiga qaramasdan, alohida rejalar tuza boshlaydi va unda ikkinchisi uchun joy bo‘lmaydi.
- "Hammasi o‘z-o‘zidan iziga tushib ketadi"
Ko‘pchilik romantik kayfiyatdagi yoshlar "sevgi hamma to‘siqlarni yengishi"ga ishonadi. Munosabatlarni rivojlantirish uchun biror bir harakat qilishni ortiqcha deb biladi. Bunday sodda qarash esa real qiyinchiliklar yuzaga kelganda, muammolarning o‘z-o‘zidan hal bo‘lishini kutishga olib keladi. Biroq odatda bunday bo‘lmaydi.
- "Singan piyolani tuzatib bo‘lmaydi"
Oxirgi eng jiddiy xatolardan biri bu o‘rtada jiddiy mojarolar yuzaga kelsa yoki bir-biriga bo‘lgan qiziqish yo‘qolsa, buni o‘zgartirib bo‘lmasligiga ishonishdir.
Muammolarning nimada ekanligini tahlil qilish va ularni hal qilish orqali munosabatlarni saqlab qolish mumkin. Eng asosiysi, har qanday inqirozni va har qanday xatoni, agar juftlik bunga tayyor bo‘lsa, yengib o‘tish mumkin.
Maqolani tayyorlashda "All4girls.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.