Kutubxona

Oilaviy mutolaa kechasi o‘tkazildi

Germaniyaning Saarland Universiteti Ta’lim Texnologiyalari yo‘nalishi bitiruvchisi Nilufar Oripovaning tashabbusi bilan Jajji Akademik bolalar jurnali bilan hamkorlikda 25 avgust kuni Olmazor tumanidagi 224-maktabda ilk Oilaviy Mutolaa Kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ikki qismdan tuzilgan bo‘lib, ota-onalar uchun “Oilada o‘qish muhitini shakllantirish” bo‘yicha vrach-psixoterapevt Gavhar Teshaboyeva mashg‘ulot o‘tkazdilar. Bolalar esa Jajji Akademik jurnali muharriri Sa’dulla Quronovdan jurnaldagi yangi rukn - komiks ertaklardan birini tinglashdi.

Dasturga ko‘ra, ikkinchi qismda ota-onalar farzandlari bilan birgalikda o‘zlari yarim tayyor komikslarga ertaklar yozishdi. Eng yaxshi komiks-ertak Jajji Akademik jurnalining keladigan sonlaridan birida chop etiladi.

Tadbir aniq reja asosiga qurilgan bo‘lib, xorij tajribasiga asoslanadi. Bu gal 9-11 yoshli bolalar uchun tashkillashtirilgan tadbirni keyinchalik boshqa yoshdagi, jumladan 1 yoshdan 13 yoshgacha bolachalar uchun, boshqa viloyatlardagi maktabalarda va mehribonlik uylarida ham tashkil etish rejalashtirilgan.

Psixologik izlanishlarga ko‘ra, har kunlik 10 daqiqalik oilaviy kitob o‘qish bolalarda kitobga mehrni uyg‘otishga yetarli bo‘lar ekan. Tadbirning ham maqsadi kichkina yoshdan boshlab ota-onalar va bolalar uchun mutolaa muhitini yaratish, o‘qish qobiliyatlarini va o‘qishga qiziqishni shakllantirish, bolalarning ijodkorligini yuzaga chiqarish va bolalarning o‘zidan bolalar yozuvchilari yetishib chiqishiga imkon yaratish.

Tadbir so‘ngida bunday kechalarni ko‘proq o‘tkazishga kelishib olindi.