Bilasizmi?

Olimlar eng ko‘p allergiyani yuzaga keltiruvchi omillarni aniqlashdi

Fransiyalik olimlar allergik rinit ko‘rinishida paydo bo‘luvchi eng ko‘p uchraydigan 5 sababni aniqlashdi. Fransuz ekspertlarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo miqyosida turli ozuqaviy allergik reaksiyalar kuzatilmoqda, ular teri kasalliklari, toshmalar va ko‘z yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek allergik reaksiya insonning nafas olish jarayonida havodagi turli aralashmalarni yutishi natijasida ham kuzatiladi. Sof.uz shu haqda yozmoqda.

Haroratdagi keskin o‘zgarishlar. Ekspertlarning fikricha, burun bitishi ko‘rinishidagi allergik reaksiyalar ko‘pincha haroratning keskin o‘zgarishi natijasida yuzaga keladi. Yozgi jazirama harorat va yuqori namlik yoki qish faslidagi ayoz sovuqlar insonda allergik rinitning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek olimlar konditsioner ishlab turgan xonada ko‘p o‘tirish ham rinitga sabab bo‘lishini qayd etishdi.

Turli hidlar. Bugungi kunda turli hidlarga nisbatan allergik reaksiyalarni juda ko‘p kuzatishimiz mumkin. Shunga qaramay, uning paydo bo‘lishiga nafaqat atir yoki dezodarant sabab bo‘ladi, balki xushbo‘y hid tutatqilari va shag‘amlar ham allergik reaksiyalarni paydo qiladi. Sog‘liqni saqlash uchun ahvolni yomonlashtirayotgan sababni to‘g‘ri aniqlay bilish lozim.

Lak-bo‘yoq mahsulotlari. Aksariyat kishilar ahvollari lak-bo‘yoq mahsulotlaridan yomonlashganini hattoki xayollariga ham keltirishmaydi. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida biror joyni bo‘yash vaqtida maxsus respirator-niqoblardan foydalanish kerak. Shuningdek bo‘yoq hidi ketmasidan yangi ta’mirdan chiqqan inshootlarda yurish tavsiya etilmaydi.

O‘simlik changlari. Bugungi kunda o‘simliklarning gullashidan jabr ko‘ruvchi kishilar soni muntazam ravishda o‘sib bormoqda. Bu asosan daraxtlar va o‘simliklar ko‘p bo‘lgan hududlarda yashovchi kishilarga xos. Statistikaga ko‘ra, o‘simliklar changi butun dunyo ahli o‘rtasida eng ko‘p allergiyani keltirib chiqaruvchi sabab hisoblanadi.

Atmosferaning ifloslanishi. Mahsulotlarni qayta ishlovchi zavod va korxonalar havoga katta miqdordagi zararli aralashmalarni ajratib chiqaradi, avtotransport esa zararli gazlarni ajratadi, bu ham o‘z navbatida Yer atmosferasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu zararli moddalar ko‘pincha insonlarda allergik kasalliklarni qo‘zg‘atadi.