Sizning gavda tuzilishingiz qanday? Olma, nok yoki qum soat. Biz hammamizning qomatimiz aynan shu uch toifaga bo‘linadi, deb hisoblaydi shifokorlar. Va siz kiradigan toifaga qarab sog‘liq va ozishning qiyinchiliklari haqida ko‘p narsalarni aytish mumkin.
«Olmalar»da ortiqcha yog‘lar qatlami bel sohasida joylashgan bo‘ladi. Va bu joy yog‘larni «saqlash» uchun xavfli joy hisoblanadi. Visseral yog‘i teri ostiga mahkam o‘rnashib oladi, u ichki a’zolar atrofida to‘planadi va vaqt o‘tishi bilan ularga zarar yetkazadi.
Buning natijasida «olmalar»da yurak-tomir tizimi kasalliklari, qon bosimining ko‘tarilishi, diabet va saratonning ba’zi turlari, shu jumladan yo‘g‘on ichak va bachadon saratoni xavfi yuqori bo‘ladi.
Yaxshi tomoni: visseral yog‘lardan parhez va mashqlar vositasida qutulish osonroq bo‘ladi. Shuning uchun «olmalar» boshqa toifa vakillariga qaraganda ortiqcha yog‘lardan tezroq qutulish qobiliyatiga ega.
«Noklar» esa aksincha, bunga hammadan ko‘ra qiyinroq erishadi.
Gap shundaki, «noklar» da ortiqcha yog‘ tananing pastki qismida yig‘iladi. Bu qaysar yog‘lar ko‘pincha «passiv» deb ataladi. Garchi u visseral yog‘laridek xavf tug‘dirmasa ham, baribir oyoqlarga tushadigan og‘irlikni oshiradi.
Bu tomirlarning varikoz kengayishi, tizza va oyoq bo‘g‘imlarining degenerativ kasalliklari xavfini oshiradi.
Yaxshi tomoni: «noklarga» «olmalarni» ta’qib qiluvchi kasalliklar xavf solmaydi.
Va nihoyat, ayollar orasidagi «qum soatlar» va erkaklar ichidagi «to‘g‘riburchaklar». Bu toifa vakillarida yog‘lar deyarli hamma joyda, shu jumladan bel sohasida ham visseral yog‘lar yig‘iladi.
Shuning uchun ularga yurak-tomir kasalliklari va diabet xavf tug‘diradi. Yaxshiyamki parhez va mashqlar bu xavfni kamaytirishga yordam beradi.
Manba: Daryo.uz