Kutubxona

Ortga surishdan ehtiyot bo‘ling!

Bugungi kun insonining eng katta va birlamchi muammosi: vaqtni boshqara olmay, undan to‘g‘ri foydalanmasligidir.

Vaqt — ketdimi, aslo ortga qaytarib bo‘lmaydigan qimmatbaho mulkdir. Agar uni boshqarmasangiz, u sizni boshqaradi va o‘ziga bo‘ysundirib qo‘yadi. Vaqtni o‘zlari istagandek yo‘nmagan insonlarni vaqt o‘zi istagandek yo‘nishga o‘tadi. Shunday ekan, vaqtni eng qiymatli sarmoyaga aylantirish ham, eng zararli vositaga aylantirish ham mumkin. Hayotimizning asosi bo‘lgan vaqtni tartibga solishning ham o‘ziga xos yo‘l-yo‘riqlari bor.

1) Yotog‘ingizga ikki lavha osib qo‘ying. Birini ertalab, ikkinchisini esa kechqurun o‘qing. Ertalab “Bugun nima qilmoqchi edim?” yozuvini o‘qimasdan uydan chiqmang. Kechqurun esa “Bugun nima qildim?” yozuvini o‘qimasdan, o‘zingizga o‘zingiz hisob bermasdan yotmang. Buning foydasi: “Biroz vaqtim bo‘lganida uni qilardim, buni qilardim…” kabi bahonalarga o‘rin qolmaydi.

2) Bir ishni keyinga qoldirishning ifodasi bo‘lgan “ertan” so‘zini taqvimingizdan olib tashlang. Chunki tarix “ertan”larning qurbonlari bilan to‘lib-toshgan. Bu so‘z betayin va palapartish ish qiladiganlarning eng sevimli qal’asidir. Ertani bugundan ko‘ra bemalolroq deb o‘ylamang. Aks holda buning badalini o‘sha ishni qilolmaslik bilan to‘laysiz.

3) Hayotda o‘z o‘rnini topgan mashhur insonlar singari bugungi ishni ertaga qoldirmang. Bugunining qadrini bilmay ertani kutadiganlar kechaning o‘tganini va ertaning balki hech kelmasligini o‘ylamaydilar, bu haqiqatni aqllariga sig‘dirolmaydilar. Bejiz “Qolgan ishga qor yog‘ar” deyishmagan.

4) Ishlaringizni ma’lum bir vaqtlarga bo‘lib, tartibli bajarishga odatlaning. Shunda eng qiyin ishlar ham siz uchun osonlashadi. Chunki tartib umrning barakali o‘tishini ta’minlaydi. Madaniyatlar rivojlanishining shartlarini o‘rganib chiqqan sotsiologlar rivojlangan va qoloq millatlar orasidagi eng muhim farqlardan biri “vaqtni to‘g‘ri tasarruf qilish” ekanini aniqladilar.

5) Uchrashuvlaringizga alohida e’tibor qarating. Chunki o‘z vaqtingizni bekorga sarflashga haqqingiz yo‘qligini bila turib boshqalarning vaqtini isrof qilishga qanday haqqingiz bo‘lishi mumkin?

6) “Hayot juda qisqa” deb shikoyat qilishning o‘rniga har soatning hisobini bersangiz “bo‘sh vaqt” degan so‘zning cho‘pchakligiga amin bo‘lasiz.

7) “Vaqtim bo‘lmayapti, ulgurmayapman” deb shikoyat qilmang. Bizdan oldin yashab o‘tgan, umrimizning oxirigacha o‘qisak ham ulgurolmaydigan darajada ko‘p asar yozib qoldirganlarning ham kunlari 24 soatdan iborat edi.

8) Miyaga orom berish uchun hamma narsani chetga surib qo‘yish kerak emas. Chunki zehn va badan faoliyatining charchog‘i miyamizning ma’lum bir qismlari tomonidan boshqariladi. Shuningdek, har birida miyaning bir markazi ustidagi yuk ozayib, boshqa markaz aktiv holga keladi.

9) Kamroq uxlab umr sarmoyangizdan unumli foydalanishga harakat qiling. Har kuni 30 daqiqa ertaroq uyg‘onsangiz bir yilda 7,5 kundan yutasiz. Lekin buning asosiy sharti shuki, shirin uyqungizni nimaga fido qilayotganini biladigan idealga ega bo‘lishingiz kerak.

10) Vaqtingizning sarfiga pulingizning sarfidan ko‘ra ko‘proq ahamiyat bering. Chunki pul topilishi mumkin, lekin vaqt ketdimi, aslo qaytib kelmaydi, hatto uni milliardlab pul evaziga ham qaytarib bo‘lmaydi.

Qanchadan-qancha umrlar bor — uzundan-uzunu qadri yo‘q, qanchadan-qancha umrlar bor — qisqadan-qisqa-yu qadri buyuk. Siz ikkinchi toifadan bo‘lishga g‘ayrat qiling!

Abdulloh Rahimbayev

Manba: Tafsilot.uz