Kasallikning yoqimlisi bo‘lmaydi, deyishadi shifokorlar. Bahor payti qo‘zg‘aydigan oshqozon yarasidan ham yaxshilik kutish amrimahol. Darmonsizlik, ish ko‘pligi tufayli stressli holatga tushish, parhez tutmaslik muammoni yanada og‘irlashtiradi. Bu kasallikda o‘zboshimchalik qilish yaramaydi. Yaxshisi, bu ishni mutaxassisga ishongan ma’qul. Keling, biz ham bu borada shifokor-terapevt Shahnoza Ahmedova tavsiyalariga quloq tutib, oshqozon yarasini qay tarzda davolash mumkinligini bilib olamiz.
ME’DANGIZ TINCh BO‘LSIN DESANGIZ...
Odatda, oshqozonda doim ikki muhit xukmron bo‘ladi: biri ovqatni hazm qiluvchi oshqozon shirasi, ikkinchisi uni ta’siridan asrovchi shilliq modda. Lekin odam kun davomida to‘g‘ri ovqatlanmasa, aksariyat achchiq, yog‘li, qovurma taomlar iste’mol qilsa, ko‘p asabiylashsa, bilib-bilmay dori-darmonlarni qabul qilsa, oshqozon devorida yara hosil bo‘lishi mumkin. Oshqozon yarasi nasldan o‘tadi. Ota-onada bu kasallik kuzatilsa, farzandida ham hayoti davomida oshqozon yarasiga moyillik saqlanadi. Shuningdek, «xelikobakter pilori» nomli kasallik chaqiruvchi bakteriya ham oshqozon yarasini keltirib chiqaradi. Aynan shuning uchun, yoshlikdan oshqozonni yallig‘lanishdan asrash kerak. Ayniqsa, kasallik hurujini vaqtida to‘xtatish lozim.
YaRA HURUJ QILGANDA
Oshqozon yarasi:
* mavsum o‘zgargan paytda;
* parhez buzilganida;
* ruhiy va jismoniy zo‘riqishda;
* yallig‘lanishga qarshi antibiotik va gormonal dorilarni pala-partish qabul qilinganda huruj qiladi.
Bunday paytda quyidagilarga rioya qilish darkor:
1. Zudlik bilan shifokor chaqiring. Uning kelguniga qadar, og‘riq qoldiruvchi dori-darmonlardan birini qabul qiling. Agar qo‘l ostida ular bo‘lmasa, kartoshka shirasini 2 osh qoshiq miqdorida ichiladi. Buning uchun kartoshkani po‘stidan tozalab, mayda qirg‘ichdan chiqarib, shirasi siqib olinadi. Kartoshka shirasi oshqozon devorini o‘rab, og‘riqning kamayishiga yordam beradi.
2. Bir dona tuxum sarig‘ini yaxshilab ko‘pirtirib, yarim choy qoshiq sariyog‘ bilan aralashtirib qabul qilish ham hurujda asqotadi. Ayniqsa, bedana tuxumi bo‘lsa, foydali.
3. Shuningdek, chakanda moyi (oblepixa) oshqozondagi og‘riqni bartaraf etish xususiyatiga ega. Chakanda moyini 2 choy qoshiq miqdorida oshqozonda og‘riq paydo bo‘lgan paytda ichish kerak.
KASALLIKNI PARHEZ DAVOLAYDI
Kasallik ortiq qo‘zg‘amasligi uchun ovqatlanishda oshqozon devorini yallig‘lantiradigan mahsulotlardan saqlangan ma’qul. Bu degani endilikda yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar tanovul qilasiz. Taom bug‘da tayyorlansa, yanada yaxshi. Nonushtaga suli, grechixa yoki guruchdan tayyorlangan bo‘tqalar yeyish foydali. Ovqatni har ikki soatda oz-ozdan iste’mol qilish, non va pishiriqlarni kamaytirib, o‘rniga bug‘da, suvda pishgan, yengil hazm bo‘ladigan suyuq taomlar iste’mol qilinadi.
Oshqovoq urug‘ini po‘sti bilan maydalab, ustiga qaynoq suv quying. Yarim soat tingach, bir choy qoshiq asal bilan birga kun davomida choy o‘rniga iching.
Taomlanish orasida zig‘ir yoki suli urug‘ini sutda qaynatib, qabul qiling. Bu oshqozon uchun juda foydali hisoblanadi.
Tolmachoy paytida na’matak, zirk yoki o‘rik qoqisidan tayyorlangan damlama yoki mevali kisel ichish kerak.
Yotishdan oldin esa albatta, bir piyola yangi ivitilgan qatiq ichiladi. Bu oddiy ko‘rsatmalar kasallikning kechishini yengillashtiradi, ammo asosiysi, asabiylashmasdan sog‘lom turmush tarziga rioya qilish kerakligini unutmang. Vaqtida ovqatlanish, vaqtida dam olish va parhez yordamida bu kasallikni, albatta, yengishingizga ishonamiz.
Barno HOJIMIRZAYeVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz