Oila

Ota o‘rnini kim egallamoqda?

Bolangiz nechanchi sinfda o‘qishini bilasizmi, o‘zi?!

Ota – oila ustuni. Ustunsiz bino omonat bo‘lgani kabi, oila boshlig‘isiz xonadonni ham butun, deb aytolmaymiz. Lekin bugun ana shu ustunlarimiz qanchalik mustahkam? Ular oila boshlig‘i, ulkan tayanchi  ekanini his qilyapdimi?

Keling, zamonaviy ota obrazini chetdan kuzataylik: oyog‘ida shippak, egniga tor futbolka-yu shortik kiyib, labiga sigaret qistirgancha, ust-boshiga gard yuqtirmaslik uchun go‘yoki omonat harakat qilayotgan erkak. Ana shu saxt-sumbat biz tasavvur qilgan va bilgan  to‘laqonli ota obrazini qanchalik ochib bera oladi? Yoki unga qanchalar mos?

Ota farzandlariga ibrat bo‘lishi uchun, avvalo, namunali er bo‘la olishi lozim. Endi bugungi kunning ayrim otalari qiyofasiga razm solsak: xotini ro‘zg‘or qilib kelsa, bunga tabiiy hol deb qaraydi; o‘zi ishlamay, ayolining topib kelganiga qarab turishdan hecham xijolat tort­maydi; oilada nimanidir hal qilib, qaror qabul qilishga kelganda, sekingina o‘zini chetga oladi…

«Ana, onang bilan hal qil!». «Otang nimani ham bilardi?..» Bunday gaplarni eshitgan bolalar bora-bora otasiga umuman murojaat ham qilmay qo‘yadi. Qarabsizki, oilada hukmronlik o‘z-o‘zidan onaga o‘tadi. Ba’zi otalar uchun bolalar bilan suhbatlashish, ularni hunarga o‘rgatish, kundalik, darslarini nazorat qilish kabilar «mayda ish» hisoblanadi. Balki, shuning uchun ham bugun maktabdagi sinf majlislariga otalarning bormasligi odatga aylangandir. Mash­hur qiziqchimiz kuyunib gapirganidek, hatto o‘g‘lining qaysi maktab, qaysi sinfda o‘qishini bilmaydigan otalar ham yo‘q emas.

Uyda, bog‘chada, maktabda faqat onasi, bog‘cha opasi yoki ustozi bilan maslahatlashib ulg‘aygan bola, yigit yoshiga yetib, uylanganidan so‘ng ham ayoli tomonidan boshqarilishga oson ko‘nikadi. Nafaqat ko‘nikadi, balki shunga ehtiyoj sezadi. Bu esa oila tanazzuliga yetaklaydigan yo‘ldir.

– Ota oilada eng to‘rda, markazda turuvchi sulton bo‘lishi zarur, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – Har bir mamlakat rahbar-yetakchiga muhtoj bo‘l­ga­­nidek, har bir oilada bosh­liqqa ehtiyoj bor. Uning aytgani buyruq, uning mavqei boshqalarnikidan ko‘ra eng balandda turadi. Agar oilada er o‘z o‘rnini egallay olmasa, bu o‘ringa boshqalar da’vogarlik qiladi. Bu esa oila sultonini yo‘qotishiga, ayni vaqtda otaning hech kimga keraksiz mavqega tushib qolishiga sabab bo‘ladi. Qarabsizki, bu oilada ulg‘aygan yigitlar ham ayolning chizgan chizig‘idan chiqmay, o‘zlari oilali bo‘lganlaridan ke­yin ham bu «an’ana»ni davom ettiradilar.

Hozir ayrim yosh oilalarda yanada boshqacharoq vaziyatni kuzatish mumkin. Ayollar farzandlari oldida ham erini jerkib gapiradi, har ikki gapning birida erini noshudlikda ayblaydi. Er esa boshini quyi eggancha o‘z xayollariga asir bo‘lib jim turaveradi. Chunki bu er degani ikki og‘iz so‘z aytsa, uchqundan alanga chiqib, janjalga aylanishini,juda ko‘p narsalar yuziga solinishini yaxshi biladi.

Ayolining ovozi erkaknikidan yuqori chiqqan xonadonda otaning o‘rni tobora kichra­yib boraveradi. Oqibatda esa, ayolining ko‘ziga qarab, uning ko‘rsatmasisiz biror ish qilolmaydigan, jur’atsiz otalar ko‘paymoqda.

– Erkak kishi ko‘chaning odami, doim ham uydagi gap-so‘zdan xabardor bo‘la olmaydi, – deydi to‘rt kelinga qaynonalik qilayotgan ­Munavvar aya. – Oila boshi ko‘chadan uyga qadam qo‘yganida bahri dili ochiladigan, ko‘ngli ravshan tortadigan bo‘lishi kerak. Erining kelishiga gap tayyorlab, xonadonning hamma ikir-chikirlarigacha eriga aytib, yo‘q joydan muammo paydo qiladigan ayollarimiz ham, afuski, uchrab turadi. Bu odat borib-borib erkakni uydan bezdiradi. Farzandlarim yoshlikdan otasidan hayiqib turishadi. Ular qilgan ayrim xato-kamchiliklarni o‘zim berkitib, silliqlab otasiga tushuntiraman. Shu bois ham bolalarning xayolida «Otam nima derkin» degan o‘y turadi. Har bir qadamini, qilayotgan ishini otasining tarozisiga solib ko‘rishadi. Otasi doim ham ularning ishlarini sinchiklab so‘ramasligi mumkin, biroq mening o‘zim ularga dadasining «pozitsiya»sini eslatib turaman. Hamma oilada ota hukmron bo‘lsa, o‘sha xonadonda baraka ham bo‘ladi.

Kuzatishlarga ko‘ra, ayol tomonidan muttasil boshqarilgan bola, yigit yoshiga yetganida ham hamma narsani oilada ona hal qilsinu, erkak televizor ko‘rib yotaversin, degan fikrda bo‘ladi. Ming afsuski, mudom ayollar ustunligini ko‘rgan yigitlarda ayollarga xos ayrim xususiyatlar, – maydagaplik, g‘iybat, mol-dunyoga o‘chlik, o‘ziga zeb berish kabilar ko‘zga tashlanmoqda.

Yaqinda qo‘shnimiz yig‘lagudek bo‘lib gapirib qoldi:

– Qizimning tug‘ilgan kuniga 1,5 million so‘mga kir yuvish mashinasi xarid qilgandim. Endi kuyovim kir yuvish mashinasini ko‘rib, bunisi bo‘lmaydi, boshqa rusumdagisiga almashtirib kelishsin, deyayotganmish. Do‘­kondagilar almashtirib bersa-ku xo‘p-xo‘p, agar almashtirmasa, yana boshqatdan yangi sotib olaman-da…

Ayol molparast kuyovidan achchiqlansa, unga hech nima deyolmaydi. Ammo kuyov sulton nomiga munosib ish qilyapdimi? Umuman, otalar o‘z mav­qeida, o‘z o‘rnidami? Axir to‘rdagi o‘rin hech qachon bo‘sh turmaydi-ku!

Zuhra Ro‘ziyeva

Manba: Tafsilot.uz