Oila

Ota-ona bo‘lishga tayyormisiz?

Farzandi dunyoga kelib ota-onalik maqomiga erishgan ayol va erkakning yuz-ko‘zidagi quvonchni ko‘rganmisiz? O‘sha lahzalarda ular dunyodagi eng baxtiyor insonlarga aylanadilar. Aslida ham shunday emasmi? Axir avlodlarining davomchisi, xonadonlariga bir olam quvonch va shodlik olib kelgan bu murg‘ak vujud ularga to‘kis baxt hadya etdi. Endi olam ko‘zlariga yanayam go‘zal va charog‘ondek ko‘rinadi. Mana shunday baxtiyor insonlarni ko‘rganda beixtiyor qalbimizdan hammani mana shunday baxtga yetkazsin, degan ezgu istaklar o‘tadi.

Farzand tug‘ilgani – aslida ota-ona gardaniga bir olam shirin tashvish yuklangani, deganidir. Chunki hali oldinda go‘dakni parvarishlash, unga ta’lim-tarbiya berish, tarbiya jarayonida esa avvalo o‘zlari ibrat bo‘lish, farzandini komil inson qilib voyaga yetkazish, ularga e’tiborli bo‘lish, g‘amxo‘rlik qilish va doim farzandiga xuddi eng yaqin do‘stdek muomala qilishdek ma’suliyatli vazifalar bor. Bu bir qarashda oddiy jihatdek tuyuladi insonga. Shuning uchun ham ba’zi ota-onalar bu jihatlarga ko‘pam ahamiyat beravermaydilar. Lekin birgina e’tiborsizlik, beparvolik farzandlar taqdirida ko‘p achinarli holatlarni yuzaga keltirishi mumkin ekan. Bunga yaqinda bir maqolada o‘qiganim, mana bu voqea ham misol bo‘la oladi:

«Universitetni tamomlab, ish faoliyatimni boshlaganimga bir yil bo‘lgan edi. Dastlab ish joyimda to‘siqlarga duch keldim. Asta-sekin tajribam ortib, o‘z kasbimning ustasiga aylandim. Psixolog mutaxassis sifatida tanila boshladim. Bir kuni mudiramiz yaqin do‘stining qizi joniga qasd qilmoqchi bo‘lganligi to‘g‘risida gap ochdi. Do‘sti va uning qizi bilan suhbatlashib, yordam berishimni so‘radi. Men rozi bo‘ldim.

Ertasiga ular huzurimga yetib kelishdi. Dastlab ota-onasi, so‘ng qizi bilan alohida suhbatlashdim. Qizning ismi Sila bo‘lib, 16 yoshda edi. Litseyda ikkinchi bosqichda o‘qir ekan. Sila xushro‘y, farosatli va tirishqoq qiz ekanligi yuz-ko‘zidan bilinib turardi. Otasi maktab direktori, oilasi iqtisodiy tomondan yaxshi ta’minlangan ekan. Suhbat davomida Silaning oilada to‘ng‘ich farzand ekanligi, ukasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Silaga ota-onasi bilan suhbatlashganim, ular qizlarini ardoqlashlari, Istanbulning eng mashhur maktablaridan birida o‘qitayotganliklari, og‘zidan chiqqan narsasini muhayyo qilishga tayyor ekanliklarini, aytdim. Sila asta-sekin uni azoblayotgan dardlarini tushuntirishga harakat qila boshladi.

U yig‘lamoqdan beri bo‘lib, ota-onasi o‘qishi uchun yaxshi sharoit yaratganlari, aytgan narsasini olib berishlari, ammo Silani tushunmasliklari, sevmasliklari, qizlariga vaqt ajratmasliklarini aytdi. Xuddi shuning uchun ham ota-onasiga qasdma-qasd, ularga ma’qul bo‘lmagan insonlar bilan do‘stlashgani, chekishga rujo‘ qo‘ygani oshkor bo‘ldi. Oilasi bundan xabar topgach, ular tomonidan ko‘rsatilgan tazyiq tufayli o‘zini ikki marta o‘ldirmoqchi bo‘lganini ham yashirmadi.

Psixologik suhbat natijasida farzandining ma’naviy kamoliga beparvo bo‘lgan, uni faqat moddiy tomondan to‘la ta’minlagan ota-onaning sa’y-harakati qanday oqibatlarga olib kelishiga guvoh bo‘ldim.

Sila ismli bu qiz – o‘zini farzandiga baxshida qilganini doimo ta’kidlaydigan ona va faqat o‘z ishini o‘ylaydigan otaning farzandi bo‘lib ulg‘aygandi. Ha, ko‘p yutuqlarga erisha oladigan Sila haddan ziyod tazyiq va beparvolik, e’tiborsizlik va mehrsizlik qurboni bo‘ldi. Suhbat davomida ota maktabni boshqarish bilan band bo‘lib, farzandiga yetarli vaqt ajrata olmaganini tan oldi. U maktabdagi bolalarga mehr bergani-yu, biroq, uyidagi dilbandiga kerakli mehrni bera olmaganini ham aytib o‘tdi.

Mazkur oila bilan olib borilgan psixologik suhbatlar yakunida ota-ona sifatida farzandga vaqt ajratish, vaqtida va o‘rnida mehr ko‘rsatish, bolaning har bir harakati, ruhiyatidagi o‘zgarishlarni e’tiborga olish lozimligini ta’kidladim…»

Ha, bolaning yoshi va istaklariga qarab muomala qilish kerak. Aks holda bola qalbidagi orzu, sevgi, hurmat gullari so‘ladi.

Ota-ona shuni unutmasligi kerakki, oila – asosiy ehtiyojdir. Huzur, baxt, quvonch faqat oilada bo‘ladi. Oila bir chaman bo‘lsa, farzand uning eng nafis gulidir. Bog‘imizda parvarishlangan gullar rangimiz, iforimiz va yashash tarzimizni ifodalaydi. Oila qurish bizni ota-ona degan ulug‘ nomga sazovor qiladi. Ba’zi yoshlar ota-onalik vazifasiga tayyor bo‘lmasdan oila quradilar. Ota-onalik mas’uliyati bilan yuzma-yuz kelganda esa dovdirab qoladilar. Yo‘q, bunday bo‘lmasligi kelak. Chunki ota-ona bolaning birinchi ustozidir. Bola ota-onasidan ko‘rib, o‘rganib ulg‘ayadi. Bola tarbiyasida ota-onaning javobgarligi katta. Shu sababdan farzand tarbiyalash san’at desak xato bo‘lmaydi.

Bolaning kishilar bilan munosabati boshlang‘ich ta’lim davridayoq shakllanadi. Shaxsning ijtimoiylashuvi – insonlar o‘rtasidagi munosabat va muomala madaniyatini o‘rganishidir. Ota-onaning bolaga go‘daklik chog‘idan sevgi, mehr berishi, to‘g‘ri parvarish va tarbiya qilishi unda ishonch tuyg‘usini shakllantiradi. Bu davrda ota-ona va farzand o‘rtasida iliq, yoqimli taassurot uyg‘onadi. Bola boshqalar bilan ham shunday munosabatga kirishadi. Ota-ona doim bolani tinglashi, uni rag‘batlantirishi, unda sevgi, mehr, hurmat, sabr-qanoat va ishonch tuyg‘ularini uyg‘otishi lozim. Bolaning o‘ziga ishonishi, o‘zini hurmat qilishi muhim sanaladi.

Bola tarbiyasi qachon boshlanadi? Bolani necha yoshdan boshlab tarbiya qilish kerak? Uning tarbiyasiga qayerda ko‘prok e’tibor berilishi kerak: uydami yoki maktabda?

Bunday savollar ota-onalarni hamisha o‘ylantirishi tabiiy. Mazkur mavzuda ko‘plab kitoblar yozilgan. Yagona haqiqat shuki, tarbiya qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, har bir bola alohida gav­har va rang, boshqa-boshqa guldir.

Bolani tarbiyalashda uning jismoniy, psixologik va genetik rivojlanish xususiyatlarini e’tiborga olish kerak. Masalan, 3 yoshdagi boladan o‘z o‘yinchog‘ini o‘rtog‘i bilan o‘ynashni talab qilish to‘g‘ri emas. Sababi, bu yoshdagi bolalarda biror narsasini yaqinlari bilan baham ko‘rish ko‘nikmasi hali shakllanmagan bo‘ladi.

Garchand, ota-onalar farzandi o‘zlarining bir bo‘lagi ekanligini o‘ylasalar ham, bola ota-onaning aynan nusxasi emas. Har bir bola xarakter sohibi bo‘lgan shaxs. Shuning uchun ham bola tarbiyasida quyidagilarga e’tibor berish lozim:

  1. Ota-ona bolaga keragicha mehr, sevgi bersa, unda o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib, qayg‘u va qo‘rquvlari kamayadi.

  2. Oilada yetarli mehr va samimiylikni ko‘rgan bola axloqiy qadriyatlarni o‘zida mujassamlashtirishga intiladi. Agar uyda kattalar baqirib chaqirishsa, bunday oilada ulg‘ayayotgan bolaga sokin va sabrli bo‘lishni o‘rgatish qiyin. Axir, qush uyasida ko‘rganini qiladi.

  3. Uyda tez-tez kaltak bilan jazolanib, doim aybdor sanalgan bolalar o‘zlarini ota-onasini ranjitgan yaramas farzanddek his qiladilar. Ular o‘zlarini arzimas narsaga ham aybdor deb hisoblayveradilar. Bu tuyg‘u ularning sababsiz asabiylashishlariga, so‘zga quloq solmaydigan odobsiz farzand sifatida uyi va oilasidan ko‘ngli qolishiga olib keladi. Bunday salbiy xislatga ega bola fahm-farosati va sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan holda, ota-onasiga nisbatan yuragidagi norozilik uni darslarni vaqtida bajarmay, biror ishni qilishda qaysarlik qilib, noqobil farzand sifatida oila a’zolarini ranjitishiga sabab bo‘ladi.

  4. Ota-ona farzandi bilan imkon qadar osoyishta va sabrli munosabatda bo‘lsa, unga ortiqcha o‘git va eslatma berishga hojat qolmaydi. Zotan, quruq nasihat bola tarbiyasida yaxshi foyda bermasligi ma’lum.

  5. Yaxshi ota-ona bo‘lish uchun ortiqcha urinishga o‘rin yo‘q. Bu borada samimiylik yetarli. Zero, haddan ziyod mehr va e’tibor bolani xudbin qilib qo‘yadi.

  6. Bola noto‘g‘ri ish qilganida uni koyib: «Sen hech aytganni qilmaysan, qachon odam bo‘lasan, bizga doim tashvish keltirasan» singari odatiy tanbeh berish, zarda qilish to‘g‘ri emas. Bolani ayblash o‘rniga, uni sabr bilan so‘zini oxirigacha tinglash eng ma’qul yo‘ldir. Sababi, ota-onasi unga yon bosmoqchiligini ko‘rib, bolaning oilasiga bo‘lgan mehri ortadi va qilgan noto‘g‘ri ishini tan olishi osonlashadi. Shunday qilinganda, bola barchasini ochiq aytib beradi va xatolarini boshqa takrorlamaslikka o‘ziga o‘zi so‘z beradi.

  7. Ota-ona aksincha yo‘l tutsa, bola oilasiga ishonmaydi, dilidagi alamlar, muammolarni birgalikda hal qilishga intilmaydi. Farzandini tinglagan va uni tushunishga harakat qilgan ota-ona bola ko‘z o‘ngida hurmatini saqlab qoladi.

  8. Farzandlar o‘rtasidagi tushunmovchilik yoki kelishmovchilikda qay biri haq-nohaq ekanini bilmasdan tanbeh berish noto‘g‘ri. Agar ikkovi ham jazolansa, aybi yo‘q farzandning ota-onaga bo‘lgan ishonchi susayadi, ukasiga gina nazari bilan qaray boshlaydi. Shu sababdan jiddiy vaziyatlar yuzaga kelmasa, o‘rtaga tushmaslik, oradagi kelishmovchiliklarni bolalarning o‘zlari hal qilishlariga imkon yaratish lozim. Bu ularning samimiy, sofdil inson bo‘lib ulg‘ayishlariga ham yordam beradi.

Gulnora Hojimurodova tayyorladi

Manba: Tafsilot.uz