Salomatlik

«Oyog‘im terlashidan bezdim...»

– Ko‘pdan beri oyoqimdagi noxush hiddan qiynalaman. Qilmagan ishim qolmadi, hisob, bari befoyda. Vannalar, hidli paypoqlar, chayinishni-ku, kanda qilmayman. Menga nimani maslahat berasiz, bu muammodan qanday qilib forig‘ bo‘lishim mumkin? Erkaklardagi oyoq hidlanishining chorasini aytsangiz?..

Savol «SMS» orqali kelgan

Savolga shifokor dermato-venerolog Rustam ZOKIROV javob beradi:

– Inson tanasi bo‘ylab tarqalgan ter bezlarining ko‘p foizi oyoq kaftida joylashgan. Harakatlanish vaqti oyoqlarda qon aylanishi jarayoni sodir bo‘ladi va bu ter bezlarining faollashishi, oyoq kafti terisi haroratining ko‘tarilishini paydo qiladi. Organizm o‘zgarishlarga sezgir bo‘lgani bois, harorat almashinuviga qarshi tezgina himoya tizimini ishga tushiradi. Ya’ni ter ajralishi ortadi. Ter ajralmasining asosiy tarkibi suvdan iborat, shuningdek, xolesterin, turli xil yog‘ kislotalari va yaroqsiz holga kelgan azot moddalari ham bor. Ter ajratish tizimida biror bir nosozlik yuzaga kelmasa, oyoqdan yoqimsiz hid kelmaydi. Aksi bo‘lganida esa ter ajralishi ortib, teri qatlamida yuzaga kelgan yupqa qobig‘ bakteriyalarning ko‘payishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Bakteriyalar esa o‘z navbatida yoqimsiz hidning sababchilaridir.

Asabiylik, stress, surunkali charchoq, kuchli his-xayajon, ichki kasalliklar – ter ajralishini faollashtiradi. Bundan tashqari:

– Nasliy moyillik;

– Infeksion xastaliklar, gormonal holat o‘zgarishlar;

– Yassioyoqlik;

– Teri kasalliklari;

– Nerv tizimi patologiyalari;

– Sintetik paypoq, koltgotka, old qismi yopiq, sifatsiz charmdan ishlangan poyabzal;

– Og‘ir jismoniy yuklama;

– Qalqonsimon bez nosozligi;

– Achchiq, sho‘r, dudlangan yeguliklarga mehr qo‘yish;

– Zamburug‘lar ham muammoning sababchilari bo‘lishi mumkin.

Oyoq terlashiga qarshi eng yaxshi chora gigiyena qoidalariga rioya etish hisoblanasada, ba’zan shuning o‘zi bilan kifoyalanish mushkul. Bunday vaqtda tibbiy ko‘rikdan o‘tish, kerakli tahlillarni topshirish va oyoq terlashining asl sababini aniqlashtirish lozim. Shundan so‘ng bugunga kelib samarali natija ko‘rsatayotgan usul – SPA RF qurilmasi yordamida radioto‘lqinli muolaja o‘tkazilishi mumkin. Mazkur usul ter bezlarini nobud qilmagan holda, ishlash prinsipini yo‘lga solish imkonini beradi. Mutaxassis, bemordagi ter ajralish holatiga baho berib, botoks amaliyotini taklif etishi ham mumkin.

N.Ilyosova tayyorladi

Manba: Darakchi.uz