Bolalar maydonchasi. Turli yoshdagi bolalar har xil qurilmalarda qiyqirishib uchisharkan, ularning ovozi butun borliqni tutib ketgandi go‘yo. To‘satdan bir bolaning baqirib yig‘lashi maydonchadagilarni qo‘rqitib yubordi. Oyog‘im, oyog‘im,to‘xtatinglar, oyi to‘xtatinglar- arg‘amchiq uchayotgan uch nafar bolakayning yoniga yugurib borganimizda bittasining oyoq to‘pig‘i siqilib qolgan oyog‘ida qon bor edi. Bir erkak ziyrakroq ekan uning oyog‘ini siqilib qolgan joyidan avaylabgina chiqardi. Oyoq ko‘kargan, tovon shishgan, chamasi bolaning oyog‘i singan edi. Bir zumda bolani hamma o‘rab oldi. Eski yirtilib ketay deb turgan shippak oyoqqa zo‘rg‘a ilinib turardi. Og‘riq zo‘ridan terlab ketgan bolakay yig‘lardi. Undagi qo‘rquv haliyam tarqab ketmagandi chog‘i. Kimdir unga suv berdi. -Tez tibbiy yordam chaqirish kerak, yurgizish mumkin emas. -Yo‘g‘e, o‘zi yuroladi, ozgina siqilgan hech nima qilmaydi -Oying qani, otangni telefon raqamini bilasanmi? Diqqatimni tortgani bola otangni telefon raqamini bilasanmi deganida bo‘ynini yanayam qisib oldi. -Yo‘q, bilmayman. -Voy, tavba shunaqasi ham bo‘larkanmi, o‘zi nechanchi sinfda o‘qiysan? -Uchinchida. -Uchinchi sinfda o‘qib turib ham otangni raqamini bilmasang, ota onalarga ham hayronsan bolani ko‘chaga tashlab qo‘yib loaqal raqamlarini ham berishmaydiya. -Xo‘p, ota onang qayerda hozir? -Ishda, uyda hech kim yo‘q. -Odamlar bolani tashlab qo‘yib ishlayveradi. Mayli tez tibbiy yordam chaqira qolaylik. -Tez tibbiy yordam ota onasi yoki birorta katta odam bo‘lmasa uni olib ketmaydi avval onasini topaylik. Bolaning onasi shu yaqin o‘rtadagi maktabda farrosh bo‘lib ishlarkan. U kela kelgunicha ham kelganidan keyin ham nechundir eriga ya’ni bolaning otasiga qo‘ng‘iroq qilmadi. Odamlar orasidan kimdir tez yordamga qo‘ng‘iroq qilgan ekan u yetib keldi. Hamshira bolaga birinchi yordam ko‘rsatgunicha bolaning chinqirib yig‘lagani bolalar maydonchasidagilarning etini uvishtirdi. Bolani rengten qilmaguncha aniq xulosaga kelolmaymiz, uni kasalxonaga olib ketish kerak- shifokor bolaning onasiga vaziyatni tushuntirdi. Xo‘p, faqat mana bu kichik o‘g‘lim ham biz bilan ketsin. Mayli, unda xo‘jayniningizga ayting ketimizdan yetib borsinlar. Balki dori darmon kerak bo‘lib qolar, balki biz olib borgan kasalxona boshqasiga jo‘natar, xullasi sizga yordam kerak bo‘ladi. Hozir ukamga qo‘ng‘iroq qilaman.- ayol sarosimani yengib, ukasiga qo‘ng‘iroq qildi. Keyin esa bo‘yi balandgina ko‘tarishga qo‘pol bo‘lsada amallab o‘g‘lini ko‘tarib tez yordam mashinasi tomon yurarkan, o‘g‘li oyisiga pichirladi. Oyi, endi adamga telefon qilsangiz meni ko‘rgani keladilar-a? U uzoqda kelolmaydi deb senga necha marta aytishim kerak? Onaning ko‘zlarida nafrat bor edi. Unda o‘zim telefon qilay, men aytsam albatta ko‘rgani keladilar. Bo‘ldi qil, boshqa gapirma-ayol o‘g‘lini o‘pib qo‘ydi. Tez yordam mashinasi uzoqlashgandan keyin odamlar orasidan bir ayol boshqalarga boshini chayqab chayqab izoh berdi: Otangni raqamini ber deysizlar, bolaning ota onasi ajrashgan, nahotki bolaning yurish turishidan, onasi keliboq eriga emas, ukasiga qo‘ng‘iroq qilganidan tushunmadinglar. Otasi ikkita bolani tashlab boshqasiga uylangan.Shuning uchun ham bolalar oyisi ishdaligida vaqtni shu yerda o‘tkazishadi. Men esa oyog‘i og‘riganida otasi kelishini juda juda istayotgan bolaning otasi biror tasodif bo‘lib uni ko‘rgani kelishini, u ham boshini baland ko‘tarib otamning telefon raqami mana bunaqa u qo‘ng‘iroq qilsam darrov yetib keladi deyishini judayam istardim. Afsus bolasini tirik yetim qilib qo‘yadiganlar, bola ota yoki onasini har soniyada kutib yashashini anglamaydilar-da.
Oila