Nafaqa oluvchilarning yoshini belgilash, tegishli tartibda pensiya to‘lovini joriy etish bugun barchani qiziqtirayotgan masalaga aylandi. Pensiya jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, pensiya fuqarolarning umr kechirish yoshiga nisbatan belgilanishi manba sifatida olinadi. Ya’ni, umrguzaronlik erkaklar 71 yosh, ayollar 76 yoshgacha bo‘lsa, o‘rtacha 73 yil ekanligi qayd qilingan. Pensiya yoshi ayollar uchun 58, erkaklarga esa 63 yosh bo‘lishi mumkin.
Pensiya va ijtimoiy nafaqa tayinlashda daromad va xarajat muhim manba hisoblanadi. Ya’ni, har bir ishchi-xodimning ish haqidan “Xalq banki”da ochilgan jamg‘arib boriladigan daftarchaga muayyan miqdorda mablag‘ o‘tkaziladi. Fuqaro pensiya yoshiga yetgach, jamg‘armada to‘plangan pul taqsimlanib, oyma-oy to‘lab boriladi. 2018 yilning 10 oyligi davomida tushumlar ijrosi 19 240,5 milliard so‘mni tashkil etdi.
Boshqacha aytganda, bu belgilangan puldan ko‘p. Pensiya va nafaqa oluvchilarning oylik to‘lovlarini oshirish imkoni mavjud, ammo pensiya va nafaqa oluvchilar soni sog‘ligini yo‘qotganlik, baxtsiz hodisa, tasodifiy falokat sabab nogironlik nafaqasiga chiqayotgan, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam yildan-yilga oshib borayotgani hisobga olinsa, pensiya miqdorini “bir zarb bilan” oshirishning imkoni yo‘qligi seziladi. Mazkur yilning 10 oyi davomida 244 225 nafar fuqaro qo‘shimcha ravishda pensiya va ijtimoiy nafaqa ola boshladi.
2018 yil 1 yanvardan 65 yosh va undan oshgan hamda 2010 yilga qadar pensiya tayinlangan fuqarolarni nafaqasida aniqlangan ortiqcha to‘lovlar qarzdorliklari hisobdan chiqarildi, ulardan undirilmaydigan bo‘ldi hamda mazkur yilning yanvaridan 24 toifadagi ishlovchi pensioner ish haqi hamda pensiyasini 100 foiz miqdorda oladi.
Aytilgani kabi, xarajatga nisbatan aholidan yig‘ilgan daromad tushumlari bir muncha ko‘p. Pensiya va nafaqa oluvchilarning oylik to‘lovlari summasi kelgusi yilda ham oshib boradi. Shuningdek, non va non mahsulotlarining narxi oshishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, “Pensiya” dasturi moduliga ko‘ra, mazkur yilning oktyabridan ayrim toifadagi pensiya va nafaqa oluvchilarga eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik non konpensatsiya puli to‘lovi joriy etildi. Pensiya va ijtimoiy nafaqa har oyning 10 sanasidan 27 gacha “Xalq banki” tomonidan to‘lanmoqda.
Tadbirda aholidan tushayotgan shikoyatlarga ham to‘xtab o‘tildi. 2018 yilning o‘tgan davrida Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatiga
5925 nafar fuqarodan kelgan ariza, shikoyatlar muddatida hal etildi. Pensiya jamg‘armasining “Ishonch telefoni” orqali 754 nafar hamda Bosh prokuraturaning “Ishonch telefoni” orqali 198 nafar fuqarodan murojaatlar qabul qilingan, belgilangan tartibda joyiga chiqib o‘rganilib, ijrosi ta’minlangan.
“Pensiya va ijtimoiy nafaqa to‘lovlariga oid qonun borligiga qaramay, ayrim xodimlarimizning o‘z mansabini suiiste’mol qilish holatlari uchrab turibdi, — deydi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Yorqin Tursunov. — Qonunni bilmaslik oqibatida aholi so‘roviga mas’uliyatsizlik bilan javob qaytarilgan.
Amaldagi qonunda mehnat daftarchasi pensiyaga chiqish uchun asosiy hujjat ekanligi qayd etilgan, odamlarning arxivdan ma’lumotnoma olib kelishini talab qilish haqida gap-so‘z yo‘q. Bu ortiqcha qog‘ozbozlikdan boshqa narsa emas. Lekin, ba’zi inspektorlarimiz arxivdan ma’lumotnoma talab qilayotgani bor gap. O‘z kasbiga layoqatsizlik bilan yondashgan 5 ta xodimimizni ishdan bo‘shatdik, 184 nafariga xayfsan e’lon qildik. Maxsus o‘quv kurslari tashkil etdik. Shunga qaramay, jamg‘armamizda iqtidorli, yetuk, sohani yaxshi biladigan kadrlarga ehtiyoj katta”.
Mehnat daftarchasida ish faoliyati davomida uzulishlar bo‘lishi tabiiy jarayon. Doimiy ish joyiga ega bo‘lmaslik, tomorqa mehnati yoki birovlarning xojatini chiqarish orqali daromad qilishi, ya’ni uy ta’mirlash, kirakashlik, bozorda arava tortish kabi masalalarga doir matbuot xodimlarining bergan savollariga Yorqin Tursunov quyidagicha javob berdi:
“Hozirda mamlakat ichkarisida turib oilasini boqish uchun yollanma mehnat orqali daromad qilib, davlatga soliq to‘lamay, pul topayotganlar hamda xorijda ishlayotgan fuqarolarimizga nisbatan pensiyaga chiqishlarida yengillik yaratish maqsadida oldindan badal to‘lovlari joriy etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xorijda mehnat qilayotganlar soni 2 million nafarni tashkil etsa, shundan 1,5 millioni Rossiyada ishlaydi. Hali bu ro‘yxatga olingani. Ichki va tashqi muhitda doimiy ish joyiga ega bo‘lmay, mehnat daftarchasi yuritilmasdan, yollanma mehnat qilayotgan fuqarolar bir minimal okladning 4,5 barborada jamg‘arma hisobiga mablag‘ kiritsa, bir yillik ish stajiga ega bo‘ladi. Shu tariqa to‘lovni amalga oshirsa, yoshga doir pensiyasini belgilangan tartibda oladi.
1993 yilda qabul qilingan “Pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun eskirganligi sezilib qolayapti. O‘tgan davr mobaynida qonunga kiritilgan o‘zgarishlarni yana bir bor ko‘rib chiqish, xorij tajribasi asosida takomillashtirish, aholi manfaatlariga moslashtirish uchun takliflar ishlab chiqildi”.