Amerikalik parhezshunos Kris Ganners oziq-ovqat haqida ko‘pchilik hozirgacha ishonib keladigan 11 xato ma’lumotni bir joyga to‘pladi. Ushbu afsonalardan har birini u o‘z tadqiqotlari yordamida inkor qildi, deb xabar bermoqda «Layfxaker».
1. Tuxum xolesterin darajasini oshiradi
Taniqli parhezshunoslar bir ishni katta muvaffaqiyat bilan eplaydi — sog‘lom ovqatga tuhmat qilish. Tuxum buning eng yaxshi namunasidir. U go‘yoki ulkan miqdorda xolesteringa ega bo‘lib, yurak xastaliklarining kelib chiqish ehtimolini oshirib yuborarmish.
Ammo oxirgi tadqiqotlar ovqatdagi xolesterin qonda xolesterinning oshishiga olib kelmasligini ko‘rsatdi. Aksincha, tuxum yurakni kasallantirmaydigan «foydali» xolesteringa egadir.
Bundan tashqari, tuxumda ko‘zni himoya qiladigan antioksidantlar ko‘p miqdorda mavjud. Tuxumda yog‘ mo‘l bo‘lishiga qaramay, bugun ko‘pgina tadqiqotchilar ertalabga tuxum yeyish vazn tashlashga ko‘mak beradi, degan xulosaga kelmoqda.
Xullas, tuxum eng foydali mahsulotlardan biridir.
2. To‘yingan yog‘lar — zararli
Bir necha o‘n yillar muqaddam yurak xastaliklari epidemiyasi odamlar yog‘li ovqatlarni juda ko‘p yeyishidan kelib chiqadi, degan to‘xtamga kelingan edi. Ayniqsa to‘yingan yog‘ zararli hisoblanardi.
2010 yilda bu borada kattakon maqola chop etildi. U jami 345 ming kishini qamrab olgan 21 tadqiqot natijalarini aks ettirardi. Xulosa: yurak xuruji va to‘yingan yog‘lar o‘rtasidagi hech qanday bog‘liqlik yo‘q.
Aksincha, bunday yog‘lar qonda HDL — «yaxshi» xolesterin darajasini oshirib, DHL — «yomon» xolesterinni kamaytiradi.
Shunday ekan, go‘sht, pishloq va yog‘dan qo‘rqishga va voz kechishga asos yo‘q.
3. Donli mahsulotlar yeyish lozim
Parhez faqat donli mahsulotlar asosiga qurilishi kerakligi haqidagi g‘oya u qadar to‘g‘ri emas. Agromadaniy inqilob nisbatan yaqinda bo‘ldi, genom esa jiddiy o‘zgarishlarga uchragani yo‘q. Demak, inson organizmi donli mahsulotlarga yetarli darajada o‘rgangani yo‘q.
Mevalarga nisbatan donli ekinlarda foydali mahsulotlar ancha kam. Shuningdek, ularda oshqozon-ichak traktida foydali minerallar bilan bog‘lanib, ularning o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiladigan fitin kislotasi ko‘p miqdorda uchraydi.
Bug‘doy ko‘plab katta-kichik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Uning tarkibida glyuten ham ko‘p. Glyuten ichaklarning shilliq qatlamini zararlab, og‘riq, qorin dam bo‘lishi, ich ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, u bosh miya kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
4. Ko‘p miqdordagi oqsil suyak va buyrakka yomon ta’sir ko‘rsatadi
Oqsilning me’yordan oshib ketishi osteoporoz va buyrak xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkinligi ko‘p bora ta’kidlangan. Oqsil qisqa istiqbolda darhaqiqat suyaklardan kalsiyni yuvib chiqaradi, uzoq istiqbolda esa buning teskarisini qiladi.
Oqsil suyaklar sog‘lig‘ini yaxshilash bilan bevosita aloqadordir. Tadqiqotlar buyrak xastaligining oqsil miqdori bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatdi.
Buyrak kasalliklarining ikki asosiy omili bor — diabet va yuqori qon bosimi.
5. Yog‘sizlantirilgan mahsulotlar — foydali
Aslida bu puxta marketingdan boshqa narsa emas. Butunlay yog‘siz ovqat ta’m jihatdan qog‘oz parchasidan farqlanmaydi.
Buni bilgan ishlab chiqaruvchilar yog‘ning o‘rnini shakar, fruktoza, makkajo‘xori shinnisi yoki aspartam singari sun’iy qo‘shimchalar bilan to‘ldirishga urinadi.
Aslida aynan mana shunday qo‘shimchalar yog‘ bog‘lash, diabet, yurak xastaliklari va depressiyani keltirib chiqaradi.
6. Kam va kichik porsiyalar bilan yeyish kerak
Bunday oziqlanish metodi metabolizmni tezlashtiradi degan fikr haqiqatga mos kelmaydi. Qisqa muddatga (ovqat hazm bo‘lishi chog‘ida) metabolizm darhaqiqat oshadi, lekin sarflangan energiyaning umumiy miqdori ovqat qabul qilishlar soni emas, iste’mol qilingan ovqatning umumiy hajmi bilan bog‘liqdir.
Bir tadqiqotda odamlar ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruh tez-tez kam porsiyalarda oziqlanar, ikkinchi guruh esa xuddi shu hajmdagi ovqatni bir necha qabul qilishda yer edi. Ikki guruh o‘rtasida mutlaqo hech qanday farq kuzatilmadi.
Yana bir tadqiqotga ko‘ra, odam 3 marta o‘rniga 6 marta ovqatlansa, u to‘yganini his qilishi qiyin bo‘ladi.
Bundan tashqari, kuniga 4 marta ovqatlanadigan odamlarda to‘g‘ri ichak saratoni xastaligi ehtimoli oshishi kuzatilgan.
7. Kaloriyalarning asosiy qismi uglevodlardan kelishi lozim
Parhez odatda 60 foizga uglevodlardan iborat bo‘ladi. Aslida esa yog‘ bog‘lagan odam uchun uglevodning bunday miqdori xavflidir. Tadqiqotlar uglevod kam, yog‘ ko‘p iste’mol qilinadigan parhezning foydaliroq ekanligini ko‘rsatdi.
8. Omega-6 yog‘lari va o‘simlik yog‘ining foydasi
Polito‘yinmagan yog‘ kislotalari yurak xastaliklari tahdidini kamaytirgani bois sog‘lom ratsionning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ammo to‘yinmagan kislotalarning ko‘plab turlari mavjud. Ularning asosiy turlari — Omega-3 va Omega-6 yog‘ kislotalari.
Omega-3 yallig‘lanish bilan bog‘liq xastaliklar ehtimolini tushiradi. Inson Omega-3 va Omega-6 ni teng miqdorda olishi lozim, agar muvozanat Omega-6 tomonga siljisa, sog‘liqda muammolar kelib chiqadi.
Omega-6 ning yaxshi ma’lum manbalari qayta ishlangan urug‘ va sabzavotdir: kungaboqar yog‘i, makkajo‘xori yog‘i va hokazo.
Inson hech qachon bunday miqdorda Omega-6 qabul qilgan emas — bu evolyusiyaga zid holat. Tadqiqotlar buni tasdiqlamoqda — Omega-6 aslida yurak xastaliklari tahdidini oshirishi e’tirof etilmoqda.
9. Uglevod darajasi past parhezlar organizmga zarar keltiradi
Ganners buning teskarisini uqtirmoqda. Buning sabablari:
– uglevod kam qo‘llanadigan parhez boshqa parhez turlariga nisbatan teri osti yog‘ini samaraliroq yo‘q qiladi;
– qon bosimini tushiradi;
– qonda shakar darajasini kamaytirib, diabet belgilarining oldini olishda yordam beradi;
– «yaxshi» xolesterin darajasini oshiradi;
– triglitseridlar darajasini tushiradi;
– «yomon» xolesterin strukturasini yaxshilaydi;
– nihoyat, bunday parhezga amal qilish oson.
10. Shakar «bo‘sh» kaloriyalarga egaligi bois zararlidir
Shakarda kaloriya rostanam ko‘p (100 grammga 99 gramm uglevodlar = 400 kaloriya). Lekin bu mahsulotning haqiqiy zarari boshqa jihatda ko‘rinadi.
Shakardagi fruktoza jigarda qayta ishlanib, yoqqa aylantiriladi. Bu triglitserid va xolesterin darajasining oshishiga sababchi bo‘ladi.
Shakar, shuningdek, insulin va leptinga qarshilik ko‘rsatib, yog‘ bog‘lash va diabetni keltirib chiqaradi.
11. Yog‘li ovqat semirishga sabab bo‘ladi
Mantiqan to‘g‘riday. Ovqatda yog‘ bor, teri ostida ham yog‘ bor, demak, bu e’tirofda haqiqat bor. Lekin Ganners buni ham inkor etmoqda.
Yog‘da uglevod va oqsillarga nisbatan kaloriyalar ko‘proq bo‘lishiga qaramay, gap yog‘da emas, iste’mol qilinayotgan kaloriyalar miqdoridadir.
Ya’ni, agar inson sarflaganidan ko‘proq kaloriya iste’mol qilsa semiradi, kamroq iste’mol qilsa — ozadi. Boz ustiga, tadqiqotlar tarkibida yog‘ ko‘p parhezlar vazn tashlashga ko‘mak berishini ko‘rsatmoqda.
Manba: Sof.uz