Salomatlik

Ozishga to‘sqinlik qiluvchi 4 ta omil

Siz parhez qilyapsiz, meva-sabzavotlarni ko‘proq yeya boshladingiz, tamaddi qilib olishlarni to‘xtatdingiz, muntazam ravishda yugurish bilan shug‘ullanyapsiz, ammo vazningiz kamaymayapti. Xo‘sh, bunday paytda nima qilish kerak?

Mashq qilish uchun ovqatlanasiz

Jismoniy yuklanmani oshirishingiz bilan, parallel tarzda ishtaha ham yaxshilanib boradi, axir organizm sarflanayotgan energiya o‘rnini to‘ldirishga urinadi. Ammo siz ovqat bilan o‘zingiz yo‘q qilayotgan kaloriyadan ko‘ra ko‘proq kaloriyani iste’mol qilayotgan bo‘lsangiz, vazningiz kamayishiga umid ham qilib o‘tirmang.

Mutaxassislar yugurishga chiqishda va sportzalga qatnashda davom etishni, biroq ovqatingiz kaloriyasini puxtalik bilan nazorat qilishni tavsiya etadi. O‘zingiz sarf qilayotgan energiya o‘rnini muzqaymoq yoki shirin kulcha bilan to‘ldirishga urinmang.

Kunni shirinlik bilan boshlaysiz

Bodroq, shirin qahva, shirin kulcha — bularning barchasi kunning qolgan qismida tutilgan parhezni yo‘qqa chiqaradi. Nonushtaga iste’mol qilingan uglevodlar kun boshida o‘zingiz uchun ancha foydali modda — oqsilga ega bo‘lmayotganigizni bildiradi. Ko‘p sonli tadqiqotlar sifatli oqsilli nonushta ozishga va kun davomida keragidan ortiq narsa yeb qo‘ymaslikka yordam berishini ko‘rsatmoqda.

So‘li yormasidan tayyorlangan bo‘tqa, varene surilgan non yoki shirin tvorog o‘rnini, yaxshisi, tuxum yoki yong‘oq va mevalar qo‘shilgan yog‘siz yogurt (qatiq) bilan almashtirgan ma’qul.

Uzoq vaqt och qolyapsiz

Och qolish — o‘zi uchun noqulay holatda qolish demakdir. Siz doimo ochlikni his qilsangiz, oza olmaysiz. Tadqiqotlarga ko‘ra, ochlik bilan bog‘liq noqulayliklarga, jumladan, qorindagi og‘riqlarga o‘ziga xos neyronlar sababchi bo‘ladi, ular energiya tanqisligi chog‘ida ishlab ketadi va odamni zudlik bilan yegulik qidirishga majbur qiladi. Vazningiz qanchalik kam bo‘lsa, ushbu signallar shunchalik kuchli bo‘ladi hamda ochlik bilan bog‘liq og‘riqlarni va ovqatlanish istagini yengish ham shunchalik qiyin bo‘ladi.

O‘tkir ochlik hissini kutib o‘tirmang. Sizga “biroz tamaddi qilib olish yomon bo‘lmasdi” degan fikr kelishi bilan, buni amalga oshiring.

Stressni e’tiborsiz qoldirasiz

Stress chog‘ida kortizol gormoni miqdori oshadi, shuningdek, betatrofin oqsili ajraladi, u organizmda yog‘ parchalanishi jarayoniga to‘sqinlik qiladi. Shifokorlar aniqlashicha, “stress gormoni” bo‘lmish kortizol miqdori ortib ketsa, normal vaznga ega odamlarda ham qorinda yog‘ yig‘ila boshlaydi. Surunkali stress natijasida uyqu ham buzilishi mumkin.

Agar siz ozishni istasangiz, albatta stressni yengishingiz kerak. Bunda meditatsiya, yoga, rasmlarni bo‘yash yoki psixoterapiya usullaridan foydalanish mumkin.