Bilasizmi?

Perfeksionizmdan voz kechish uchun arzigulik 6 sabab

Insonning o‘ziga va atrofdagilarga imkon doirasidan yuqori talab qo‘yishi uni azoblanishga majbur qiladi. Yaxshisi boshqa yo‘lni tanlagan ma’qul. "Layfxaker" perfeksionizmdan voz kechish uchun arziydigan sabablar haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Tal Ben-Shahar 20 yildan buyon perfeksionizmni o‘rganadi. U perfeksionizmning ikki — ijobiy va salbiy turi borligini aniqladi. U birinchisini — optimalizm, ikkinchisini esa — an’anaviy perfeksionizm deb atagan.

Perfeksionistlar ularning tasavvuriga to‘g‘ri kelmaydigan barcha narsalarni rad etishadi, keyin esa o‘zlarining noreal standartlariga muvofiq kela olmay, azoblanishadi. Optimalchilar hayotni borligicha qabul qilishadi va undagi barcha hodisalardan o‘zlari uchun foydali tomonlarini olishadi. Teng sharoitlarda ikkinchi turdagilar muvaffaqiyatliroq bo‘lib chiqishadi. Nima uchun deysizmi?

1. Yo‘l tanlovi

To‘g‘ri liniya — perfeksionist uchun mukammal yo‘l. Biror tomonga og‘ib ketish — uning uchun tanazzulga teng. Optimalchi uchun esa muvaffaqiyatsizlik — yo‘lning ajralmas bir qismi. Uning maqsad sari yo‘li doim bir necha burilishlardan iborat bo‘ladi.

2. Xatolar ustida ishlash

Perfeksionistlarning asosiy xususiyati — muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqish, ular xatolarni chetlab o‘tishga harakat  qilishadi. Biroq xatolar odamlarga o‘zini chidamlilikka tekshirish, chiniqish imkonini beradi. Tavakkal qilib, qulaganimizdan so‘ng yana o‘rnimizdan turamiz va shu tariqa yanada kuchli shaxsga aylanib boramiz. Biz tajriba asosida rivojlanamiz va bunda bizga muvaffaqiyatlarimiz emas, omadsizliklarimiz yordam beradi.

Muvaffaqiyatsizlik muvaffaqiyatni va’da qilmaydi, biroq muvaffaqiyatsizlikning yo‘qligi doim muvaffaqiyatning ham yo‘qligini bildiradi.

Muvaffaqiyatsizlik doim muvaffaqiyat bilan bog‘liq deb tushunadiganlar o‘z xatolari ustida ishlashadi, rivojlanishadi va oxir-oqibat muvaffaqiyatga erishishadi.

3. O‘ziga past baho berish

Perfeksionist o‘ziga shunday "olam" yaratib oladiki, unda o‘ziga normal baho berishning iloji yo‘q: u o‘zini doim tanqid qiladi, faqat kamchiliklariga e’tibor qaratadi va shu kungacha erishgan natijalarini qadrlamaydi. Mukammallashtirishga moyillik va aqlning maksimal yuklanishi perfeksionistlarni yo‘lda uchragan to‘siqlarni fojia darajasida ko‘rishga majbur qiladi. Bunday sharoitlarda insonning o‘zini o‘zi past baholashi kafolatlangan.

Shunisi ajablanarliki, psixologlar inson muvaffaqiyatsizlikka uchraganda uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshishini aniqlashdi, chunki u mag‘lubiyat u tasavvur qilgan darajada dahshatli emasligini anglab yetadi. Perfeksionistlar muvaffaqiyatsizlik oldidagi qo‘rquv tufayli sinovlarni chetlab o‘tishadi. Bu esa ularning o‘ziga o‘zi qiyinchiliklarni yengib o‘ta olmasligiga doir fikrni singdirishi bilan tengdir.

4. Maksimal samaradorlik

Psixologlar Jon Dodson va Robert Yerks inson apatiya va xavotir o‘rtasidagi holatda maksimal darajadagi samaradorlikka erishishi mumkinligini isbotlashdi. Ish davomida aynan optimalistlar shunday jo‘shqinlik darajasini his qilishadi, zero ular muvaffaqiyatsizliklarni bir tomondan - hayotning ajralmas qismi, boshqa tomondan - muvaffaqiyat uchun kurash sifatida qabul qilishadi.

5. Jarayondan zavq olish

Perfeksionist mukammal natijaga intiladi. Dastlab uning rejalari kuchli bo‘ladi va u tinmay mehnat qiladi, oxir-oqibat agar jarayonning o‘zidan zavq ola bilmasa, tez charchab qoladi.

Optimalistning yo‘li yoqimliroq: u butun bir jarayondan zavq oladi va shunda ham bor diqqatini maqsadga jamlaydi. Agar muvaffaqiyat sari eltuvchi yo‘l to‘g‘ri bo‘lmasa — u kurashadi, shubhalanadi, mag‘lub bo‘ladi va ba’zan azoblanadi, biroq oxir-oqibat g‘alaba qozonadi.

6. Vaqtdan unumli foydalanish

Ish mukammal bajarilishi kerak yoki umuman unga qo‘l urmaslik kerak — perfeksionistlarning maksimalizmi ularning vaqtdan unumli foydalanmasligiga olib keladi. Mukammal ijro (unga yetishish imkoni bo‘lsa, albatta) har doim ham o‘zini oqlamaydigan juda katta sa’y-harakatlarni talab qiladi.

Perfeksionistlar minglab soatlarni aslida mukammallikni talab qilmaydigan vazifalarga sarflashadi.

Optimalistlar bu masalaga donolik bilan yondashishadi: vazifa haqiqatda muhim bo‘lgan joyda ular perfeksionistlar odatda qancha vaqt sarflashsa, shuncha sarflashadi. Biroq ko‘pincha vazifani mukammal emas, yaxshi bajarishning o‘zi yetarli bo‘ladi.

Perfeksionistdan optimalistga aylanish — butun umrga teng loyiha. Bu katta sabr va matonat, vaqt va sa’y-harakatlarni talab qiluvchi sayohatdir. Uni amalga oshira olgan kishi o‘z hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oladi.

Manba: Kun.uz