Olimlarning bu xulosalari do‘konga pishloq uchun yugurishga majbur qiladi yoki aksincha, ishtahani buzadi. Kun.uz pishloq tarkibi, uning foydasi va zarariga doir maqolani taqdim etdi.
Pishloqning foydasi
Kuchli qiladi
100 gramm pishloqda 25 gramm oqsil bo‘ladi, ular esa, mushaklar uchun "qurilish materiali" hisoblanadi, immunitetni oshiradi, o‘sish, rivojlanish va hujayralarning qayta tiklanish jarayonlarida ishtirok etadi. Shuning uchun mushak massasi to‘plashni niyat qilgan kishilar ko‘proq oqsil iste’mol qilishga harakat qilishadi.
Suyaklarni mustahkamlaydi
Organizmdagi kalsiyning taxminan 99 foizi suyaklar va tishlarda saqlanadi. Qolgan 1 foizi esa - qon va to‘qimalarda. Agar qonda kalsiy yetishmasa, organizm uni suyaklardan oladi. Bunday "kredit" uzoq davom eta olmaydi: suyaklar mo‘rtlashadi, osteoporozning rivojlanish xavfi oshadi.
Shuning uchun ratsionga kalsiyga boy mahsulotlar, shu jumladan, pishloqni kiritish muhim. 100 gramm pishloq kalsiy iste’molining kundalik normasini ta’minlay oladi: unda bu makroelement - taxminan 1000 milligramm. Aniq miqdor navga bog‘liq. Qattiq va yarim qattiq navlarda, masalan, parmezan, chedder va gaudda kalsiy ko‘proq.
Bundan tashqari, pishloq — D vitaminiga ega kam sonli mahsulotlardan biri. Xususan, u kalsiyni yaxshiroq o‘zlashtirishga yordam beradi. D vitamini odatda inson organizmida quyosh nurlari ta’siri ostida sintezlanadi. Shu bois qishning bulutli kunlarida uning qo‘shimcha manbalarini topish juda muhim.
Quvvat baxsh etadi
Pishloqda eritrotsitlar shakllanishida qatnashuvchi B12 vitamini mavjud. Bu qizil qon tanachalari to‘qimalar va organlarga kislorod yetkazib beradi. Shunday ekan, agar insonga B12 vitamini yetishmasa, hujayralarda kislorod yetishmovchiligi kuzatiladi, bu esa holsizlanish, parishonxotirlik va nafas olish bilan bog‘liq muammolarga olib keladi. Demak, erkin nafas olish uchun pishloq iste’mol qilish kerak ekan.
Bundan tashqari, pishloq anchagina kaloriyali mahsulot (o‘rtacha 100 gramm pishloqqa 300-400 kkal), bu esa uning anchagacha to‘q tutishi va quvvat baxsh etishi mumkinligidan dalolat beradi.
Yurak va qon tomirlarini himoyalaydi
Ha, pishloqda yog‘ va xolesterin mavjud, bu esa yurakka og‘irlikni oshiradi. Biroq yaqinda ma’lum bo‘lishicha, pishloqning me’yoriy iste’moli (kuniga taxminan 25 gramm), aksincha, yurak-qon tomir kasalliklari rivoji xavfini pasaytiradi.
Metabolizmni yaxshilaydi
Pishloqda ichaklar mikroflorasini yaxshilovchi foydali bakteriyalar bor. Bu esa organizmga turli ozuqaviy moddalarni yaxshiroq o‘zlashtirish va toksinlarni chiqarib tashlash imkonini beradi.
Pishloqning zarari
Qon bosimini oshiradi
Sir emaski, pishloq navlarining aksariyati ancha sho‘r. Tuzning me’yordan ortiq iste’moli esa qon bosimini oshiradi, yurak va qon tomirlariga og‘irlikni oshiradi. Shunday ekan, pishloqqa to‘yishga qaror qilgan bo‘lsangiz, o‘z taomnomangizdagi boshqa sho‘r mahsulotlar sonini kamaytirish kerak.
Qomatingizni buzadi
Pishloqda yog‘lar ko‘pligini unutmaslik kerak, shu jumladan to‘yingan yog‘lar ham. Shuning uchun uni parhez mahsuloti deb bo‘lmaydi va ozishga qaror qilganlar, qoidaga ko‘ra, undan voz kechishadi.
Pishloqni qanday yeyish kerak?
Pishloq zarar emas, foyda keltirishi uchun uni me’yorda iste’mol qilish kerak. Bu asosiy qoida. Kuniga ikki bo‘lak (taxminan 25 gramm) sizni foydali moddalar va bakteriyalar bilan ta’minlaydi, shu bilan birga, yurak va qomatga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Oqsillarning qattiq navlarida tuz va yog‘ ko‘proq bo‘ladi. Pishloq tanlashda bu haqida unutmang, ayniqsa, yurak va qon tomirlar bilan bog‘liq muammolaringiz bo‘lsa.