28 iyun kuni "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida" gi Prezident qarori qabul qilindi. Qaror matni O‘zAda e’lon qilindi.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.
2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!”degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi ishlab chiqiladi.
Mazkur dastur 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlanadi.
Bunda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson manfaatlarini ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohani, xususan, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport tarmoqlarini rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mazmun-mohiyatini ilmiy-ma’rifiy asosda, hayotiy misollar orqali ochib berishga alohida e’tibor qaratiladi.
3. Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etiladi hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlanadi.
4. Respublika komissiyasi o‘z yig‘ilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib boradi.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!”respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazadi.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinadi va taqdirlanadi.
7. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazilishi ta’minlanadi.
8. O‘tkaziladigan bayram tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan; Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
9. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha yoritib boriladi.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklatildi.