Bilasizmi?

Prokuratura 3 opa-singil o‘limi bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi natijalarini e’lon qildi

Toshkent shahar prokuraturasi boshqarmasi boshlig‘i Bobir Dehqonov to‘satdan vafot etgan 3 opa-singil o‘limi bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi natijalarini e’lon qildi.

Avval xabar qilinganidek, bir oilaning 3 qizi Munisa (2010 y.t.), Muxlisa (2011 y.t.) va Mohira (2013 y.t.) 8 noyabr kuni Toshkentda vafot etishdi. Ularning eng kichigi shifoxonaga olib ketilayotganda tez yordam mashinasida olamdan o‘tgan. Qolgan ikki nafari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy- tadqiqot institutiga yetkazilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga ko‘ra, qizlar gipotenziv dori vositasini (arterial qon bosimini tushiradigan) qabul qilishganidan keyin vafot etishgan. Dori vositasini davomli qabul qilish natijasida, qizlarda kardiogen shok holati yuzaga kelgan.

Bobir Dehqonovning ta’kidlashicha, tergov davomida bu dorixona xodimining xatosi bo‘lganmi yoki davolovchi shifokorning xato tashxisi bo‘lganmi aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.