Kutubxona

Pushtirang ko‘ylak

Yomg‘irdan so‘ng tabiat tiniq ko‘l suvida cho‘milib chiqqan qizdek yashnab ketdi. Jiyda gullarining hidi dillarni ajib bir orzularga oshno qildi. Qushlar chug‘urlab, faqat o‘zlarigigagina ayon tilda suhbat qurishdi. Patlarini cho‘qilab tozalashga harakat qilishdi. Biroq bularning hech biri ayolning xafaqon kayfiyatini  ko‘tarolmadi. Necha kundirki ko‘ngliga qil sig‘maydi. O‘sha pushtirang ko‘ylakni ko‘rdi-yu tinchi-oromi yo‘qoldi. Ko‘ziga bog‘chada qiyg‘os ochilib yotgan gullar ham, daraxtlarning hayot nafasi ufurib turgan yam-yashil barglari-yu, osmonda oq paxtadek suzib ketayotgan bulutlar ham pushtirangda ko‘rina boshladi. Bolalarini bog‘chaga tashlab kelar ekan, oyoqlarini bemajol sudrab bosdi. Qop-qora, uzun sochlarini tortqilab o‘ynayotgan shamolning rangi qanaqa ekan-a? Balki shamol ham uning tinchini buzgan pushti ko‘ylak rangidadir? Nafisligidan ko‘rishning iloji bo‘lmayotgandir? Eh, qayerdanam ko‘rdi-ya, o‘sha ko‘ylakni? O‘sha matohning g‘ijimlaganingda mayin shabboda esganda barglarning yoqimli shitirlashi kabi ovoz chiqarishi, bejirim, tonggi shabnam kabi nozik gullari yana ko‘z oldida gavdalandi. Yo‘q, yaxshisi uni hayolidan chiqarib tashlaydi. Narxi erining naq ikki oylik maoshi-ya. Xo‘jayini osmon uzilib yerga tushgandayam bunaqa qimmat ko‘ylakni olib bermaydi. Qolaversa, bollarining rizqidan shuncha aqchani qiyishga o‘zining ham vijdoni yo‘l qo‘ymaydi. Bir ko‘ngli butun umr mehnat qilmay bechora erining siqib suvini ichib yashayotgan   ba’zi jinsdoshlari kabi “vijdonini qafasaga solib” o‘sha ko‘ylakni olib bering deb turib olgisi keldi-yu, yana tarbiyasidagi andisha bunga yo‘l bermadi. Lobar uyga kirdi. Eshikdan kiraverishda turgan bitta eski stol, yonidagi ikkita yelim stul ko‘ziga o‘gay boladek hunuk ko‘rindi. Shu ham yashash bo‘ldimi? Uy ham ijara. Shu topda hayotini ham ijaraga olib yashayotgandek his qilgan ayol hafsalasizlik bilan televizorni yoqdi.  Tasodifni qarangki unda “Pushtirang xonim” haqida ko‘rsatuv berishayotgan ekan. Lobar ko‘zlari yonib televizorga tikildi. Pushtirang xonim, pushtirang ko‘ylak. Ayolning pushtirang hislar og‘ushida qolib entikdi. Kechgacha cho‘zilib yotdi. Quyosh ko‘k toqiga yonboshlagan chog‘da oyog‘ini sudrab oshhonaga yo‘l oldi. Zo‘rg‘a ovqatga unnadi. Hayolidan o‘rik gulining pushti tusidagi ko‘ylak, pushtirang xonim sira nari ketay demadi. Qanday nafis, qanday ehtirosli. Qozon tagini o‘chirgach ko‘zgu oldiga bordi. Qachondan beri oynaga tuzukroq qaramabdi.   Eri ham qancha bo‘ldi uni erkalab so‘z aytmaganiga? Trikchilik tashvishi qursin. Ayol sochlarini yuvib chiroyli turmakladi. Pardoz-andoz  qildi. Oynadagi aksiga bir zum tikildi-da, “bo‘larkanku, Lobar, ” deya o‘yladi. Shu payt eshik taqillab qoldi. Qarasa qo‘shnisi Bahora. Sochlari to‘zg‘igan. Yuzlari shilingan. -voy o‘lmasam sizga nima bo‘ldi qo‘shni? – dedi Lobar qo‘rqib ketib. -Iltimos, eshikni qulflang. Erim quvlab kelyapti, - dedi-yu Bahora o‘zini ichkariga urdi. Lobar avvaliga dovdirab qoldi. Keyin shosha-pisha eshikni qulfladi. -       endi tushuntirib gapiringchi. -       Ichib kelibdi. Rashk qilib rosa kaltakladi.,- hiqilladi juvon. -       O‘zingiz ham qizhonsa qizg‘ongudeksizda aylanay- dedi uni yupatib. -       E, o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim. Yegan ichganimda halovat yo‘q. Bolalar ham katta bo‘lib qolishdi.nomus qilaman axir. Bahoraning ko‘zlaridan yosh tirqiradi. Joning qirqta deb do‘pposlagani-do‘pposlagan. -       Sabr qiling qo‘shnijon. Insofga kelib qolar. -       Qachongacha? Sizning eringiz mo‘min-qobil, ichmaydi-chekmaydi.Qolaversa  hamma narsaning chegarasi bor. Lobar boshqa gapirmadi.  To‘g‘rirog‘i nima deyishni bilmadi. Bahoraning eri eshikni taqillatishga botinmadi chog‘i eshikdan asta uzoqlashgayotgan qadam tovushlari quloqqa chalindi. Nodir ishdan qaytguncha Lobar bilan Bahora gaplashib o‘tirishdi. Eri bolalarni ham bog‘chadan ola qaytibdi. Nodirning qo‘lidagi pushti atirgullardan yasalgan mo‘’jazgina guldastaga havas bilan boqdi. Ko‘zlari chaqnab ketgandek bo‘ldi. Bu Lobarning e’tiboridan chetda qolmadi. Bir pasda g‘ala-g‘ovurga to‘lgan uyi ko‘ziga fayzli ko‘rinib ketdi. Pushtirang ko‘ylak haqida batamom unutdi.Hayoli atirgulda bo‘lib qoldi. Uni vayta-qayta hidlab, guldonga solib qo‘ydi. Keyin esa yayrab-yashnab dasturxon tuzadi. Shu kuni Nodir ham Lobarning porlab turgan chehrasiga mehr bilan boqdi. Lobar shu kuni tushida pushrang ko‘ylakni ko‘rdi. Uni kiyib olib, guldastain tutgancha jilmayib turganmish. Uyg‘onib ketgan ayol ko‘zlarini huzur bilan yumdi. Axir tushida bo‘lsa ham o‘sha ko‘ylakni kiygandi-da.
Saida Ibodinova