Salomatlik

​Qalqonsimon bez qalqondek mustahkammi?

Qalqonsimon bezdagi tugunlar xavflimi? Ular haqida to‘liq ma’lumot bersangiz.

Hojiqurbon Masharipov Toshkent

Savolga oliy toifali shifokor endokrinolog Natalya Ni javob beradi.

— Qalqonsimon bezdagi tugunlar borligi profilaktik ko‘rik vaqtida aniqlanadi. Bu tugunlar ko‘p vaqt o‘zini ko‘rsatmaydi. Mayda tugunlar esa paypaslanganda sezilmaydi, ularni faqatgina ultratovush tekshiruvi orqali ko‘rish mumkin. Katta (diametri 2 sm.dan oshsa) tugunlarni paypaslashda aniqlash mumkin. Bu tugunlar nega paydo bo‘ladi va bu noxush holat aniqlanganda nima qilish kerak, degan savol ko‘pchilikni qiziqtiradi.

Kattaligi ahamiyatga ega

Qalqonsimon bezda tugunlarning shakllanishiga ko‘pincha yod moddasining yetishmasligi sabab bo‘ladi. Ba’zan esa genetik moyilik, atrof-muhitning yomonligi, havoda radiatsiyaning yuqoriligi ham sabab bo‘lishi mumkin.

Agar qalqonsimon bezingizda tugun aniqlangan bo‘lsa, avvalo vahimaga tushmang. Diametri 1 sm.gacha bo‘lgan tugunlar odatda xavfsiz hisoblanadi. Ultratovush tekshiruvida shifokor shubhali holatlar, masalan, kalsiy tuzlarining yig‘ilishi, o‘simta qirralarining notekisligi, bo‘yin limfa tugunlarining kattarishi, kishi yaqinlarida qalqonsimon bez saratoni borligi aniqlasa, tugunlarni yanada chuqurroq o‘rganish talab qilinadi..

Agar shifokor shubhali o‘zgarishlarni aniqlamasa, bir yilda bir marta mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tish yetarli. Ammo tugun 1 sm.dan katta bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish kerak.

Issiq yoki sovuq?

Avvalo qonning gormonlar darajasini aniqlash zarur. Agar qon natijasi me’yordan oshgan bo‘lsa qalkonsimon bez radioizotop qilinadi. Bunda tugunning «issiq» yoki «sovuq» turi aniqlanadi.

«Issiq» tugunlar ko‘plab tireoid gormonlarini ishlab chiqaradi. O‘z navbatida ular zararsizdir. Ya’ni, qushimcha tekshiruvlarga hojat yuq.

«Sovuq» tugunlar esa xavfli. Hujayra tarkibini aniqlashtirish uchun igna aspiratsion biopsiya tekshiruvi o‘tkaziladi. Shifokor ingichka igna bilan bez to‘qima qismidan biroz parcha oladi. Muoalaja ultratovush tekshiruvi nazoratida o‘tkaziladi va shifokor igna yo‘nalishini ko‘rib turadi va shuning uchun boshqa organlar zararlanmaydi. Olingan to‘qima sitologik laboratoriya tekshiruviga jo‘natiladi. Bunda tugunning xavfli yoki xavfsizligi aniqlanadi. Odatda tugunlarning 90 foizi xavfsiz bo‘lib chiqadi.

Tashxis qo‘yildi, keyinchi?

Tahlillar natijasida shifokor an’anaviy davolashni yoki operatsiya qilishni tavsiya qiladi.

Tugunning kattaligi operatsiya qilishinishi ko‘rsatkichi emas. Operatsiya tugun to‘qimasida xavfli o‘zgarishlar bo‘lsagina qilinadi. Yana bir sabab – «issiq» tugunlar bo‘yin harakatiga xalaqit bersa yoki kosmetik nuqson mavjud bo‘lsa, bemor xohishiga ko‘ra shish operatsiya yo‘li bilan olib tashlanadi. Bemor operatsiyadan so‘ng 2-3 kun shifoxonada yotadi. Shifokor bemorga keyingi davolanish va kuzatish xaqida tavsiyalar beradi.

Test :

Qalkonsimon bezingiz sog‘lommi yoki yo‘qligini tekshirish uchun quyidagi savollarga javob berishingiz kifoya.

Bu alomatlar sizda kuzatiladimi?

✓ Yig‘loqilik, bezovtalik, asabiylashish;

✓ Ayollarda tartibsiz yoki ko‘p hayz ko‘rish;

✓ Vazningizning keskin o‘zgarishi (sababsiz);

✓ Terining quruqlashgani;

✓ Sochning ko‘p to‘kilishi;

✓ Isib ketish, terlashning kuchayganligi

✓ Yurakning tez urishi;

✓ Tanaga titroq kirishi;

✓ Ich qotishi.

Natija: agar sizda 3 yoki undan ko‘p alomatlar kuzatilsa, endokrinolog bilan maslahatlashing!

Manba: Darakchi.uz