Bilasizmi?

Qaysi go‘zallik tavsiyalari aslida ish bermaydi?

Internetda go‘zallik bilan bog‘liq xilma-xil maslahatlarga duch kelamiz. Undagi sahifalar aksariyat hollarda bir-biriga butunlay zid narsalarni tavsiya qiladi. Keling, ulardan ba’zilari qanchalik haqiqatga mos kelishini tahlil qilib ko‘ramiz.

1-«maslahat»: Sochlarni tez-tez tarab turish kerak

Aslida taroqdan tez-tez foydalanish soch tolalarining titilishi va teridan uzilib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun, agar turmagingiz bunga imkon bersa, taroqdan juda ko‘p foydalanmang. Ho‘l sochlarni zinhor taramang! Bunday holatda ular yanada sinuvchan va chalkashib qolishga moyil bo‘ladi.

2-«maslahat»: Tonal krem yuzdagi teshikchalarni berkitib qo‘yadi

Qachonlardir shunday bo‘lgan bo‘lishi mumkin — tonal kremlarning og‘ir tarkibi terining nafas olishini qiyinlashtirgan bo‘lsa ajabmas. Biroq hozir ilm-fan ancha ilgarilab ketgan. Oil free lineykasidagi kremlar tarkibida yog‘ mavjud emas. Shuning uchun ham ular yuz teshikchalarini berkitib qo‘ymaydi va qora nuqtachalarni yuzaga keltirmaydi.

3-«maslahat»: Sochlarni tez-tez kaltalatish ularning tezroq o‘sishiga sabab bo‘ladi

Bu noto‘g‘ri qarash qayerdan kelib chiqqani hozirgacha noma’lum. To‘g‘ri, agar siz sochlaringizning shikastlangan qismini kestirib tashlasangiz, ular sog‘lom ko‘rinishga ega bo‘ladi. Ammo bu ularning tezroq o‘sishiga yordam bermaydi.

4-«maslahat»: Choy paketchalari sizni ko‘z ostidagi qora doiralardan butunlay xalos etadi

«Choy paketchalarini bir necha daqiqaga ko‘zga qo‘yish bilan qorayishlardan butunlay xalos bo‘lish mumkin». Bu kabi tavsiyalarga albatta ko‘zingiz tushgan. Biroq aslida bu usul har doim ham ish bermaydi. Bu vosita qon aylanishini yaxshigina tezlashtiradi. Biroq ko‘z ostidagi shishlardan uzoq vaqtga xalos etmaydi. Bunda kompleks muolajalar yaxshiroq natija beradi.

5-«maslahat»: Tish pastasi husnbuzarlarga qarshi kurashishda yordam beradi

Husnbuzarlarni tish pastasi bilan kuydirish mumkinligi haqida siz ham eshitgandirsiz. Biroq bu muammoli hududni yengil quritishi mumkin, biroq muammodan butunlay qutulishga yordam bermaydi. Bundan tashqari, tish pastasi tarkibidagi ba’zi moddalar terining qizarishi va haddan ortiq qurib ketishini keltirib chiqarishi mumkin.

Manba: Daryo.uz