Salomatlik

Qaysi yoshda qanday tekshiruvlardan o‘tish kerak?

25 yoshda...

— Har yarim yilda ginekolog nazoratida bo‘lish lozim. Boisi bu yoshda bachadon bo‘yni eroziyasi xavfi va boshqa shamollashlar kuchliroq bo‘ladi.

Mammolog ko‘rigidan o‘tishni ham yoddan chiqarmang. Mastopatiya yoshlikda boshlanadigan xastalik.

— Yilda ikki marotaba stomatologga ham uchrang.

30 yoshda...

— Bu yoshda endometrioz, bachadon miomasi, tuxumdon o‘simtasi, mastopatiya kabi kasalliklarga chalinish ehtimoli kuchli. Shuning uchun bir oyda bir marotaba ginekolog qabulida bo‘ling.

— Qalqonsimon bez bilan muammolar yuzaga kelishi ham mumkin. Birdan kayfiyatingiz buzilsa, kechasi uxlolmasangiz, darhol endokrinologga ko‘rining. Gormonlarni aniqlash uchun qon topshiring va qalqonsimon bezni ultratovush apparatida tekshirtiring.

— Homiladorlik, tug‘ruq, abort — bularning bari beiz ketmaydi. Natijasi sifatida varikoz, grija va bavosil paydo bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, jarroh ko‘rigini ham kanda qilmang!

40 yoshda...

— Bu yoshda sog‘liqqa alohida e’tibor qaratish lozim. Oxirgi yillarda ayollardagi klimaks shu yoshda boshlanayapti. Hayz ko‘rish muddatida qorinning pastki qismi yo belda og‘riq sezsangiz, ginekolog huzuriga shoshiling. Hozirgi kunda har uch ayoldan biri mioma sabab bachadondan qon ketishi sabab jarrohlik stoliga yotayotgani hech kimga sir emas.

— Bir yilda bir marotaba mammografiya (sut bezlari rentgeni) qildirish kerak. Ellik yoshdan esa bir yilda ikki marta.

— Ko‘rishning xiralashishi va bosh og‘rig‘i bezovta qilishi mumkin. Bu glaukoma — ko‘k suv kasalligining alomatlari. Bu muammodan qutulishda sizga okulist yordam beradi.

— Qandli diabetning ikkinchi bosqichi ham shu yoshda uchraydi. Bir yilda kamida bir marta qand miqdorini tekshirish uchun qon topshirsangiz, kasallikning oldini olgan bo‘lasiz.

Manba: Darakchi.uz