Bilasizmi?

Qishki kurtka tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?

Qish fasli issiq kiyim xarid qilishning ayni vaqtidir. Palto, kurtka yoki shuba – ularning har biri o‘ziga yarasha afzallik va kamchiliklarga ega. Ular tashqi ko‘rinishi bilan bir qatorda sovuqdan himoya qilish darajasi bilan ham farq qiladi. Bugun bozor va do‘konlardagi kurtkalarning turli-tuman assortimenti orasidan o‘zingizga mosini tanlash haqida so‘z yuritamiz.

Par kurtka (puxovik) eng ommabop qishki kiyimlardan biridir. Ular issiq va yumshoq bo‘lib, sovuq shamoldan juda yaxshi himoya qiladi. Agar shapka kiyishni xush ko‘rmasangiz, ularning kapyushonlisini tanlang.

Mo‘ynali kurtkalar eng issiq, shu bilan birga eng qimmati hamdir. Ko‘p vaqtingizni ochiq havoda o‘tkazsangiz yoki sovuq mamlakatlarga sayohat qilishni yaxshi ko‘rsangiz, aynan mo‘ynali kurtka xarid qilishni tavsiya etamiz. Soxta mo‘ynaga duch kelmaslik uchun xaridni kafolat beruvchi do‘konlardan amalga oshirish zarur.

Agar katta hajmli ustki kiyimni yoqtirsangiz, sizga mo‘yna yoki sintepon astarli tekstil kurtkalar mos keladi. Ularni izg‘irin sovuqda, shuningdek, issiqroq havoda ham kiyish mumkin. Par kurtkalardan farqli ravishda ular ancha yengil bo‘ladi. Qolaversa, narxi ham uncha qimmat bo‘lmaydi.

Charm kurtkalar ham urfda bo‘lib, ular sovuq havodan yaxshi himoya qiladi. Biroq qishda ularning astarlisini xarid qilishni tavsiya etamiz. Issiqroq havoda ularning astar qismini yechib qo‘yish mumkin.

Ko‘pincha ularning yoqa qismiga tabiiy mo‘yna qo‘yib, astar qismiga sun’iy mo‘yna qo‘yish holatlari uchrab turadi. Buni mo‘ynaning bir tolasini sug‘urib olib, yoqib ko‘rish yordamida tekshirib ko‘rish mumkin. Agar mo‘yna tolasi to‘liq yonib ketsa va o‘zidan kuygan soch hidini chiqarsa – u tabiiy; agar tola erib ketsa, u sun’iy mo‘ynadir.

Eng sovuq havoda ham o‘zingizni issiq va qulay his qiling!

Manba: Daryo.uz