Odatda qor-yomg‘irda ko‘chadan oyog‘imiz jiqqa ho‘l bo‘lib kelgandagina poyabzalimizga ham e’tibor berishimiz kerakligi yodimizga tushadi.
Oyoq kiyim uchun «tez yordam»
- Suv o‘tkazgan oyoq kiyimni eng avvalo ustini sovuq suvda yuvib, quritish choralarini boshlash kerak.
- Etik yoki botinkadagi suvni shimib olishi uchun ichini buklangan qog‘ozlar bilan to‘ldirish lozim. Juda ho‘l bo‘lsa, ichidagi qog‘ozlarni bir necha marta almashtirish mumkin. Poyabzalni issiqlik radiatori, batareya yoki issiq plita yonida quritish tavsiya etilmaydi. Bunday holatda oyoq kiyim terisi tez quriydi, natijada burishib, yoriqlar paydo bo‘lishi mumkin. Yaxshisi, xona haroratida quritganingiz ma’qul.
- Agar oyoq kiyimni tezda quritish kerak bo‘lsa, qog‘ozlar bilan bajarilgan jarayondan so‘ng changyutgichdan foydalanish mumkin. Changyutgich ishlayotganida undan chiqadigan issiq havo ho‘l poyabzalni quritish uchun yetarli bo‘ladi. Lekin bu usulni juda shoshilinch vaziyatlardagina qo‘llash tavsiya etiladi.
- Qurigan oyoq kiyimni sifatli maxsus krem bilan artish kerak. Bunday krem bo‘lmagan holatlarda vazelin, glitserin, kanakunjut yoki o‘simlik yog‘i bilan ham ishlov berish mumkin.
Kundalik «parvarish» usullari
- Chang va loy poyabzal terisini yog‘sizlantirib, suv o‘tkazuvchan bo‘lib qolishiga birinchi sabablardan hisoblanadi. Shuning uchun kir bo‘lgan oyoq kiyimni yechgandan so‘ng yuvish lozim. Kamida bir haftada bir marotaba poyabzal terisiga mos rangdagi maxsus kremdan surtib turish kerak.
- Poyabzal o‘zining shaklini yo‘qotmasligi uchun ichini g‘ijimlangan qog‘ozlar bilan to‘ldirib qo‘yish mumkin.
- Agar sevimli oyoq kiyimingiz kengayib ketsa, uni yana foydalanish uchun yaroqli holga keltirsa bo‘ladi. Buning uchun tuflining tovon turadigan qismidan yuqoriroqqa 5-6 mm qalinlikdagi porolon yopishtirib qo‘yish mumkin.
Loklangan poyabzallar
- Loklangan oyoq kiyimlarni cho‘tka yordamida tozalash tavsiya etilmaydi. Bu bilan poyabzal terisiga zarar yetkazish mumkin.
- Bunday oyoq kiyimlarni har kuni, ayniqsa, yomg‘ir-qorli kunlarda kiyish tavsiya etilmaydi. Namlik va kir natijasida loklangan poyabzalning yaltiroq yuzasi vaqt o‘tgani sari xiralashib boradi, shu bilan birga, mayda yoriqchalar paydo bo‘lishi ham mumkin.
- Yangi loklangan etikni maxsus kremlar bilan tozalash shart emas, yumshoq mato bilan artish kifoya.
- Loklangan poyabzalingiz yanada yaltirab turishi uchun uni sirkaga botirilgan paxtada artish mumkin. Quriganidan so‘ng etikning yuzasiga yarim bo‘lak piyozni surtib chiqib, quruq mato bilan artiladi.
- Bunday poyabzalni yaltiratishning yana bir usuli bor: nam mato bilan artiladi. Quriganidan keyin esa ozgina o‘simlik yog‘ini paxta yordamida surtib, oyoq kiyimlar uchun mo‘ljallangan maxsus duxoba lenta bilan yaltiratiladi.
Zamsh terili poyabzallar
- Zamsh teridan tayyorlangan oyoq kiyimlarni tozalash hozir katta muammo emas. Zamsh teri uchun mo‘ljallangan maxsus krem va spreylarni har bir do‘kondan topish mumkin.
- Yangi zamsh etikka namlik va loydan himoyalaydigan maxsus krem surtish lozim. Bunday himoya chorasi oyoq kiyimning kirlanish jarayonini sekinlashtiradi, dog‘lar va loyni oson tozalashga yordam beradi.
- Har qanday holda ham zamsh etikni tozalashdan avval quritib olish kerak. So‘ng chang va boshqa kirlar cho‘tka yordamida tozalanadi. Tozalanishi qiyin bo‘lgan dog‘larni qalam o‘chirgich bilan ketkazish ham mumkin.
- Agar zamsh etigingiz judayam kirlanib ketgan bo‘lsa, sovunli suvga noshvadil spirtidan (1 osh qoshiq spirtga 5 osh qoshiq sovunli suv) qo‘shib, bu suvda cho‘tkani ho‘llab tozalanadi. Terida sovun iz qoldirmasligi va changlardan himoyalash uchun sirkali eritmada (bir litr suvga 1 choy qoshiq sirka qo‘shiladi) mato namlab artiladi. Tozalash ishlarini tugatganingizdan so‘ng poyabzalni bug‘ ustida ushlab turiladi, natijada terining mayinligi o‘z holiga qaytadi.
Zamsh poyabzaldagi yog‘li dog‘larni benzin yoki talk sepib qo‘yib, bir necha soatdan keyin cho‘tka bilan tozalab ketkazish mumkin.
Manba: Darakchi.uz