Zarur masalliqlar: xamiriga: 500 gr. un, 250 ml. sut, 100 ml. o‘simlik yog‘i, 2 osh qoshiq shakar, 10 gr. quruq xamirturush, 2 dona tuxum, tuz; qiymasiga: 300 gr. qaynatilgan mol go‘shti, 1 boshpiyoz, yarim bog‘ ko‘kpiyoz, tuz, murch; ustiga surtishga: 1 dona tuxum sarig‘i, 1 osh qoshiq sut.
Tayyorlanishi: 1. Quruq mahsulotlarni aralashtiring. Iliq sut, o‘simlik yog‘i va tuxumni qo‘shib, yumshoqqina xamir qoring. Zuvala yasagach, o‘simlik yog‘idan surtib, ustini sellofan va sochiq bilan yoping-da, 1 soatga issiq joyga qo‘ying.
2. Oshgan xamirni yana bir bor qorib, ustini yoping-da, 30-40 daqiqa kuting.
3. Qaynatilgan mol go‘shtini go‘shtqiymalagichdan o‘tkazing. Piyozni esa maydalab to‘g‘rab, qizdirilgan o‘simlik yog‘ida yaxshilab qovuring. So‘ngra go‘shtni qo‘shib, tuz, murch sepib aralashtiring.
4. Past olovda go‘shtni dimlagach, maydalangan ko‘kpiyozni solib, bir aralashtiring-da, olovdan oling.
5. Xamirni 12 bo‘lakka bo‘ling. Qo‘lingiz bilan ozgina yoyib, o‘rtasiga qiymadan soling-da, tuging.
6. Pishiriqlarni pishiriq qog‘ozi solingan patnisga terib, ustiga tuxum sarig‘i va sutni aralashtirib surting. 220 darajada qizdirilgan gaz pechiga 20 daqiqaga qo‘ying.
2 soatu 25 daqiqa
4 kishilik
Manba: Darakchi.uz