Kutubxona

Qizingizni uzatishdan oldin salomatligiga e’tiborli bo‘ling!

— Menga «jinsiy a’zolar rivojlanishdan ortda qolgan» deb tashxis qo‘yishdi. Shunday bo‘lishi mumkinmi? Bu haqda ma’lumot bersangiz...»

Hamida, Jizzax viloyati

Tibbiyotda tananing umumiy rivojlanmay qolishi infantilizm deb ataladi. U tug‘ma va orttirilgan bo‘lib, asosan ikki turi mavjud:

  • umumiy — tana umumiy rivojlanishdan to‘xtaydi;
  • qisman — tananing ba’zi a’zo yoki tizimlari rivojlanmay qoladi.

Sabablari

  • Bolalikda boshdan kechirilgan infeksion xastaliklar;
  • bosh miyaning shikastlanishi yoki boshqa kasalliklari;
  • yurak-qon tomir tizimi kasalliklari (masalan, yurak porogi);
  • ichki sekretsiya bezlari kasalliklari;
  • yaxshi oziqlanmaslik, yashash sharoiti yomonligi, ota-onadagi zaharlanish (masalan, spirtli ichimliklar, simob, qo‘rg‘oshin bilan).

Infantilizm ayollarda ham, erkaklarda ham uchraydi.

Ayollar infantilizmi

Ba’zi hollarda jinsiy infantilizm umumiy infantilizm bilan birgalikda rivojlanadi, ba’zan esa qismiy infantilizm ham uchrab turadi. Birinchi holatda ayolning butun tanasi va a’zolari, tizimlarida ham rivojlanishdan to‘xtash kuzatiladi. Odatda bunday ayollarning bo‘yi past, suyaklari nozik va ingichka, bo‘ksasi esa tor bo‘ladi. Shuningdek, ko‘krak bezlari ham yaxshi rivojlanmaydi. Jinsiy a’zolar yaxshi rivojlanmagani sababli bunday ayollarda hayz sikli buzilishi, jinsiy mayl pastligi yoki umuman yo‘qligi, bepushtlik yoki bola tashlash hollari ham kuzatiladi.

Qisman infantilizmda esa ayol ham jismonan, ham ruhan to‘g‘ri rivojlangan, faqatgina jinsiy a’zolar anatomik rivojlanmay qolgan yoki nuqsonli bo‘ladi.

Ayollik a’zolarining rivojlanish darajasi bir‑biridan farq qiladi. Yangi kelinlik davrida jinsiy a’zolar to‘la rivojlanmagani sababli u qiyinchilikka duch keladi. Ammo keyinchalik jinsiy hayot, homiladorlik hamda tug‘ruq jarayonini boshdan kechirgach, bu nuqson butunlay yo‘qolib ketishi ham mumkin.

Oqibatlari

Ba’zi hollarda jinsiy a’zolarning yetarlicha rivojlanmaganligi turmushga chiqib, jinsiy hayot boshlagan qiz salomatligiga xavf tug‘dirishi ham mumkin. Ya’ni uning jismoniy va ruhiy salomatligiga zarar yetishi natijasida ayol turli jinsiy muammolarga duch keladi. Shu bois yangi uylangan yigit ilk yillarda ayoli bilan bu borada ehtiyotkorona muomala qilishi lozim.

Jinsiy a’zolar rivojlanmaganligi ayolning oilaviy hayotiga hamda ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy hol. Hozirgi kunda turmush qurish ostonasida turgan yigit va qiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu jarayonda qizlarning qay darajada to‘g‘ri rivojlanganiga ham ahamiyat berish lozim. Qizda biror nuqson kuzatilganda bu kamchilikka ko‘z yumib, «o‘tib ketadi» deya uzatib yuborish yaramaydi. Yuqorida aytilganidek, bu qizning ham oilaviy hayotini, ham salomatligini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Unutmang, bu ham bir kasallik. Shu sababli uni shifokor nazorati ostida davolab, so‘ng turmushga berish to‘g‘ri bo‘ladi.

Davolash

Eng avvalo infantilizmga sabab bo‘lgan kasallikni aniqlash lozim. Xastalik sabablari qancha erta tashhislanib, davo muolajalari boshlab yuborilsa, shuncha yaxshi. Ayniqsa, onalar endi rivojlanayotgan o‘smir qizlarga ahamiyatli bo‘lishlari darkor. Qizlari sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishiga ham e’tibor berish kerak.

Ayollardagi jinsiy infantilizm jinsiy gormonlar — estrogen va progesteron yordamida davolanadi. Shu bilan birga, issiq muolajalar, balchiq bilan davolash va diatermiya ham olib boriladi. Muolajalar bilan birgalikda vaqtida ovqatlanish, umuman, kun tartibini bir maromga solish tavsiya qilinadi.

Manba: Darakchi.uz