Tarbiya

Qizlarimizga o‘rnak bo‘la olyapmizmi yoki qush uyasida ko‘rganini qiladi

Bir kuni tumandagi «Go‘zallik saloni»da navbat kutib o‘tirgan ikki juvonning yosh qizchalari oldida qaynonasini g‘iybat qilayotganiga guvoh bo‘ldim.

– Men tunov kuni maktabdagi «Alifbe bayrami» uchun qizimni shu yerga olib kirib sochini turmaklatib ketdim. Ammo uyga borganimda qaynonam bilan bo‘ldi janjal, bo‘ldi qiyomat.

– Nimaga?

– Men u kishi xohlaganiday kelin emasmishman. Endigi topgan gapi-chi?! «Nevaramning tarbiyasini buzasiz», deydi. Aslida ziqnaligi tutib, qizimning soch turmagi uchun ancha-muncha pulni ishlatganimga g‘ashi keldi. «Mening kiyinishimga qarshi turib qilgan janjallaringiz kammi, endi nabirangiz uchun ham urushasizmi?» dedim. Rost-da, mendayam orzu-havas bor. Qizim tadbirda chiroyli bo‘lib qatnashishini xohlayman.

– Qo‘yaver, qaynona zotining bari shu. Mening qaynonam «jang» qilmay qo‘ydi. Uchta bolam bilan ajratib yuborolmaydi-ku. Qolaversa, sarf qilayotgan pulimni qaynonamdan olayotganim yo‘q. O‘zim topayapman. Shuning uchun erim ham indayolmaydi…

Yetti yoshlar chamasidagi qizcha esa jimgina ularning suhbatini eshitib turibdi. Uning nazarida «Buvisi juda ziqna, janjalkash. Onasi esa uning chiroyli bo‘lishini xohlaydigan yaxshi ayol. Dadasi ham uni yaxshi ko‘radi». Bola shu zaylda «qaynona albatta yomon» degan fikr bilan… ulg‘ayib boradi. Ammo u onajonisi o‘z qizchasining sochini havas bilan, mehr bilan sarishtalashga ham uquvi kelmasligi, oiladagi sarf-xarajatni o‘rinsiz oshirib, oila byudjetiga ziyon keltirayotgani, oqila, tejamkor ayol emasligini, shundan ham oilasida mayda-chuyda janjallar bo‘lib turishini, bunda kim xaq, kim nohaq ekanini hozircha bil­maydi.

Bolaligidanoq pardoz-andoz qilayotgan, sochini falon pulga turmaklatib, evaziga buvisi bilan onasining janjallarini eshitib ulg‘ayayotgan qizchalarning oqila, odobli bo‘lib ulg‘ayishiga, turmushga uzatilganda tushgan joyida hurmat topib yashashiga kim kafolot beradi?

Hayot murakkab. Yosh onalarimiz ba’zan xaq, ba’zan nohaq janjallarga duch keladi. «O‘zimni himoya qilayapman» degan oqlov xulosa bilan me’yoridan oshirib baqirishga, so‘kinishga, o‘zidan kattaligini o‘ylamay, sensirab, qo‘lini arra qilib urishishgacha borayotganlari ham yo‘q emas. Yosh onaning qizi ham, o‘g‘li ham buni ko‘rib turadi. Farzandlar onasining ibrat darsidan saboq olib, tarbiyasi shu tarzda shakllanib boradi.

Ehtimol o‘sha juvonlar erta indin qizi ulg‘ayib, endi onasining o‘ziga bo‘ysunmay qo‘yganida «menga gap qaytarma» deb qizidan xafa bo‘lar. Gap qaytarmaslik haqida tarbiya berar. Qizlari bir paytlar o‘zi kiygandan oshiribroq, o‘zbeklikka yarashiqsiz kiyimlar kiyganida, tez-tez bozordan yangi libos olib berish haqidagi injiqligi joniga tekkanida «yaxshi qiz qanaqa bo‘lishi» haqida, odob, hayo, ibo haqida o‘git berar. Ammo qizi allaqachon tarbiyani onasining kechagi kunidan, fe’l-u atvoridan olib bo‘lganini bilarmikin?!

Agar o‘sha onalar kitob o‘qishni suysa, o‘qiganlaridan xulosa chiqarib o‘z hayotiga, fe’l-u fazilatiga bir razm solsa, yaxshi yomonni oson farqlardi. O‘zbekona qadriyatlarimizni hurmat qilib o‘zi ham hurmatga loyiq bo‘lib borardi. Axir oramizda bolalarim yetim bo‘lmasin deb, ba’zan noqobil, ba’zan bevafo turmush o‘rtog‘ining jabrlariga sabr qiladigan ayollar kam emas.

Qishlog‘imizda yashaydigan shunday ayolni bilaman. Uning o‘z turmushidan o‘ksinib kimgadir shikoyat qilganini, kimnidir qarg‘ab, kimdandir norizo bo‘lganini hech kim ko‘rmagan. U bolalari oldida har turli gaplarni gapirishdan ham o‘zini tiya­di. Ota obro‘sini saqlashga intilib yashaydi. Kelin bo‘lib tushgan hovlisiga mehr qo‘ygan. Hali ham o‘z kelinlik burchlarini unutmaydi. Hayotda hech narsa ajrsiz emas, qaynonasi kelinining sabr-bardoshiga qoyil qolib noqobil o‘g‘liga insof tilab duo qilaveradi.

Yaxshilik yaxshilikni yetaklab keladi, degan gap bor. Noqobil er ham yaxshiga aylandi, qilmishiga tavba tazarru qildi. Ularning buvijonlaridan duo, onasidan ibrat olib ulg‘aygan qizlari esa, tarbiyali, sabrli, odobli bo‘lib ulg‘ayishdi. Hammasi baxt topib ketdi. Axir xalqimizda «Olmaning tagiga olma tushadi» degan naql ham bor.

Zamira Xo‘jamberdiyeva

Manba: Tafsilot.uz