Bilasizmi?

Qolipli non kartoshka kasaliga chalinadimi?

Mutaxassislar haroratli kunlarda nonda kartoshka kasalligi yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bu kasallik qanday paydo bo‘ladi? Uning oldini olish uchun nima qilish kerak? Ushbu savollarga «Don mahsulotlari ilmiy ishlab chiqarish markazi» mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassisi Saodat Qudratova javob berdi.

— Vazirlar Mahkamasining «Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentini tasdiqlash haqida»gi qarorida sohaga doir yagona talablar belgilangan. Unga ko‘ra, har bir mahsulot uchun maxsus reglament ishlab chiqilgan. Ya’ni mamlakat hududida muomalaga chiqariladigan don, uni yetishtirish, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish, utilizatsiya qilish jarayonlariga qo‘llash va bajarish uchun yagona va majburiy bo‘lgan xavfsizlik talablari mavjud.

Joriy yilning 1 sentyabridan yana bitta reglament kuchga kiradi. Unda non va makaron mahsulotlarini qo‘llash va xavfsizligi xususida iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olish borasidagi vazifalar belgilab berilgan. U 13 turdagi non-bulka, 3 turdagi yarim tayyor non-bulka mahsulotlari, talqon, quruq non kvasi va 2 turdagi makaronga taalluqli.

Bunda mazkur mahsulotlarning ishlab chiqarishda ularning sifatini oshirish, inson hayoti, sog‘lig‘i uchun xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratilgan. Misol uchun, ishlab chiqarilayotgan non mahsulotlarining saqlash muddatlari har xil. Agar bug‘doy unidan tayyorlangan qolipli nonni saqlash muddati 24 soat bo‘lsa, javdar va bug‘doy aralashmasi qo‘shilgan nonda bu muddat 36 soat, tandirda pishgan ya’ni milliy nonlarning muddati esa 14 soat.

Endi qolipli nondagi kartoshka kasaliga keladigan bo‘lsak, u issiqlik 36 darajadan oshganda yuzaga chiqadi. Zararlangan nonning ichki yumshoq qismi yopishqoq bo‘lib, undan yoqimsiz hid keladi. Bu alomatlarni nonning tashqi qismidan sezib bo‘lmaydi. Bu kasallik unda bo‘lib, daladagi bug‘doydan kelib tushadi va non noto‘g‘ri saqlanganda yuzaga chiqadi. Xo‘sh, bu qanday bo‘ladi?

Agar siz do‘kondan non xarid qilib, uni issiqligida paketga solib qo‘ysangiz, bu kasallik rivojlanadi. Zero, issiq non paketga solinsa, ham issiqlik, ham namlik paydo bo‘ladi. Bu esa kartoshka kasalini rivojlanishi uchun eng yaxshi omil bo‘ladi. Buni oldini olish uchun esa iste’molchi o‘ziga kerakli miqdorda non olishi, hech bo‘lmaganda nonni taxtadan bo‘lgan javonlarda saqlashi yoki avval sovutib, keyin paketda saqlashi kerak.