Madaniyat

Qo‘lni yuvish — kasalliklar oldini olishning eng oson usuli

Qo‘l yuvish kabi juda oddiy harakat uyda, ishda, bolalar bog‘chalari, maktablar va kasalxonalarda turli infeksiya va xastaliklar oldini olishning eng samarali usullaridan biridir. Toza qo‘llar virus va mikroblar yuqishiga va ularning jamoatchilik orasida tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Qo‘l yuvish qay tarzda kasalliklar oldini oladi?

Qo‘llarimiz organizm, og‘iz, burundan chiqadigan turli ajralmalar, najasga tegadi, xasta kishilarning viruslari yuqqan buyumlar bilan aloqada bo‘ladi. Qo‘lni oqar suvda sovun bilan yuvish, toza yoki bir martalik sochiqdan foydalanish mexanik yo‘l bilan potensial kasallik tarqatuvchilarni yo‘q qiladi. Sovun nafaqat kasallik tarqatuvchilarni yo‘qotadi, balki qo‘llardagi viruslarni ham qiradi.

Qo‘l yuvishning samaradorligi

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, qo‘lni suv va sovun yordamida yaxshilab yuvish ichak kasalliklari va diareyaga chalinish holatlarini 31 foizga, nafas yo‘llari kasalliklarini esa 21 foizga kamaytiradi.

Olimlar qo‘lni suv bilan sovunlab yuvish butun dunyo bo‘ylab millionlab kasallanish holatlari oldini olishi mumkinligini aytadi.

Virusli gepatit, ovqatdan zaharlanish, enterit, nafas yo‘llari infeksiyalari, ichburug‘ kabilar — iflos qo‘llar kasalliklaridir.

Qiziqarli faktlar

— Toza qo‘l terisida mikroblar o‘n daqiqa ichida nobud bo‘ladi. Agar qo‘l iflos bo‘lsa, mikroblar 95 foiz holatlarda tirik qoladi, buning ustiga, faollik bilan ko‘payadi.

— Birinchi marta sovunlaganda, qo‘l terisidagi mikroblar yuvilib ketadi, ikkinchisida esa, terida ochilgan teshikchalardan ham mikroblar chiqib ketadi.

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari fikricha, doimiy ravishda qo‘lni yuvib turish Osiyo va Afrika mamlakatlarida dizenteriyadan nobud bo‘layotgan minglab bolalarning hayotini qutqarishi mumkin. Ushbu kasallikni biz uchun oddiy bo‘lgan “ovqatdan oldin va hojatdan so‘ng qo‘l yuvish” jarayoni orqali to‘xtatib qolish mumkin.

— BMT Bosh Assambleyasi 2008-yilda 15-oktabr sanasini Xalqaro qo‘l yuvish kuni deb e’lon qilgan.

Qo‘lni qanday yuvsa, to‘g‘ri bo‘ladi?

  • qo‘lni doimo ovqatlanishdan, bolalarga ovqat berishdan va hojatxonaga kirib chiqqandan so‘ng yuvish kerak;
  • qo‘l yuvish jarayoni kamida 30 soniya davom etishi lozim;
  • qo‘lni albatta sovunlab yuvish zarur;
  • suv issiq bo‘lishi kerak emas. Mikroblar issiq suvda o‘ladi, degan fikr yanglishdir. Shu tariqa, siz terining himoya qatlamini yuvib yuborasiz, bu esa qo‘lingizga shikast yetkazishi mumkin;
  • qo‘lni ikki marta sovunlash kerak;
  • asosiy e’tiborni barmoqlar oralig‘i va tirnoqlar ostiga qarating, u yerda doimo mikroblar ko‘p bo‘ladi;
  • nafaqat kaftlarni, balki bilaklarni ham yuving;
  • qo‘lni oqar suv tagida yuving;
  • qo‘llarni yumshoq sochiqda yaxshilab arting. Axir, ma’lumki, bakteriyalar iliq va nam muhitda ko‘payishni yaxshi ko‘radi;
  • sochiqni iloji boricha tez-tez almashtiring. Oilaning har bir a’zosida alohida sochiq bo‘lgani ma’qul;
  • sovun bo‘lagidan foydalansangiz, sovundonni yuvish va quritish juda muhimdir.