Madaniyat

Qomatga qarab palto tanlaymiz

Qishning sovuq kunlarida palto barchamizning eng yaqin hamrohimizga aylanadi. Palto tanlashga sinchkovlik bilan yondashmasak, adyolga o‘rab qo‘yilgan qomat paydo bo‘lishi mumkin.

Agar siz «qum soat» shaklidagi qomatga ega bo‘lsangiz, sizga deyarli barcha modeldagi paltolar yarashadi. Biroq agar bo‘yingiz baland bo‘lmasa, tizzadan biroz pastga tushgan yoki trapetsiya shaklidagi palto tanlashni tavsiya etamiz. Baland bo‘yli ayollarga to‘g‘ri bichimdagi, bel qismida belbog‘i bo‘lgan uzun paltolar mos keladi.

Agar uchburchak (keng son va tor yelka) shakldagi qomat sohibasi bo‘lsangiz yelkaga urg‘u beruvchi modeldagi paltoni tanlang. Bu baland yoki katta yoqa, mo‘ynali yoki boshqa bezakli yoqali palto bo‘lishi mumkin. Ideal uzunlik — tizzagacha bo‘lgan uzunlik. Bejirim kamar yoki belbog‘ bilan belga urg‘u berishni ham unutmang.

«To‘ntarilgan uchburchak» shaklidagi qomatga ega bo‘lgan ayollar yuqori qismdan e’tiborni chalg‘itib, asosiy urg‘uni bel va son qismiga berishi lozim. Masalan, pastki qismi kengayib boradigan, yoqasi kichkina palto tanlashingiz mumkin. Shuningdek, muammoli qismlarda ortiqcha bezak va naqshlardan voz keching.

«To‘g‘riburchak» qomat (yelka, bel va son bir xil o‘lchamda) uchun tanlangan palto qiziqarli va noodatiy bichimda bo‘lishi lozim. Turli matolar, ranglar va uslublar uyg‘unligini o‘zingizda sinab ko‘ring. Bunday palto assimetrik detallar, yopishtirma cho‘ntaklar, shuningdek, tizzagacha yoki son o‘rta qismigacha bo‘lgan uzunlikka ega bo‘lishi mumkin. Albatta bel «hosil qilish» uchun kamarga ham!

Manba: Daryo.uz