— Yoshim 29 da. Yaqinda ko‘z qovog‘imning ustki qismida kichik bez tugunchasi hosil bo‘lganiga ko‘zim tushdi. Ko‘rish qobiliyatim yaxshi, sog‘ligimda ham hech qanday bezovtalik yo‘q, ammo bez yuzaga kelishining boisi nima bo‘lishi mumkin, shuni tushunolmayapman?..
Nigora Ahmedova, Toshkent shahri
Nodira RASULOVA, shifokor-okulist:
— Ko‘z qovog‘ining yuzasida paydo bo‘lgan bez shish bo‘lishi ham mumkin, xulosa qilishga shoshilmang. Siz aytayotgan bez qichishish, achishish yoki og‘riqni keltirib chiqarmayaptimi? Vaziyatga aniqlik kiritishda ana shu savollarga ham javob topish darkor. Qovoqning chetidan qovoqning ichki tarafida joylashgan teri bezlariga infeksiya tushishi yallig‘lanishni hosil qiladi. Yiringning qotib qolishi esa siz aytayotgan bez ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Tibbiy ko‘rik xulosasi bez deyayotganingiz qotib qolgan yiring ekanligini ko‘rsatsa, oftalmolog teriga maxsus ineksiya yuborish orqali yiringni tortib olish amaliyotini bajaradi. Bordi-yu qovoq ustida hosila haqiqatan ham o‘sma bo‘lsa, onkolog ko‘rigidan so‘ng kerakli davo choralari qo‘llaniladi.
Manba: Darakchi.uz