Bu afsonaviy sabzavot teringiz uchun noyob topilmadir. Axir uning tarkibida go‘zallik va yoshlik vitamini juda mo‘l!
Ikki asosiy vitamin
Teri hamisha silliq, parvarishli va yetarli darajada namlangan bo‘lishi uchun muntazam ravishda Ye va T vitaminlarini qabul qilib turishi kerak. Birinchisi teri tarangligi, ikkinchisi esa hujayralarning doimiy ravishda yangilanib turishiga javobgar. Qovoq tarkibida ularning ikkisi ham juda ko‘p. Aynan shu sababli ham qovoqdan kosmetik maqsadlarda foydalanib qolish kerak.
Yuz uchun niqoblar
Har qanday turdagi teri uchun…
Niqobni surtishdan avval teringizning teshiklari ochilib, foydali moddalarni yaxshi shimib olishi uchun bir muddat yuzingizga iliq suvga ivitilgan sochiq qo‘yib yoting. 2 osh qoshiq qaynatib ezilgan qovoq bo‘tqasiga 1 ta tuxum sarig‘i va 1 choy qoshiq asal qo‘shasiz. Niqobni iliq holda yuzga surtib, 10-15 daqiqadan so‘ng yuvib tashlaysiz. Teringiz yosharib, silliqlashadi.
Quruq teri uchun…
Qirg‘ichdan o‘tkazilgan qovoqning 1 osh qoshig‘iga 2 osh qoshiq qaynoq sut quying. Bu aralashmani suv hammomida 10-15 daqiqa isiting. Hosil bo‘lgan aralashmaga 2 osh qoshiq tuyilgan «Gerkules» (suli yormasi) qo‘shib, yana aralashtiring. Quyuqligi smetanaga o‘xshashi kerak. Niqobni yuzga iliq holda surtish lozim. 15 daqiqadan so‘ng sirka aralashtirilgan sovuq suv bilan (500 ml suvga yarim choy qoshiq sirka solib) yuvib tashlang. Niqob tetiklantiruvchi samara beradi.
Yuzdagi shishlarni yo‘qotuvchi kompress
2 osh qoshiq maydalab to‘g‘ralgan qovoq ustidan ozgina suv quyib, bir qaynatib oling. Keyin aralashmani bo‘tqasimon holga keltirish uchun qovoqni yaxshilab ezing. Aralashmani dokaga solib, tugun hosil qiling-da, shish ustiga qo‘ying. Ustini kompress qog‘ozi (dorixonalarda sotiladi) bilan yoping. 15 daqiqadan so‘ng avval iliq, so‘ng sovuq suvda yuving. Ushbu kompress buyraklar, yurak va tomir kasalliklariga bog‘liq bo‘lmagan shishlarda yordam beradi.
Sepkil va pigment dog‘larga qarshi loson
Tozalangan qovoq danaklarini hovonchada yaxshilab tuying yoki qahvamaydalagichda maydalang. Teng miqdorda qaynagan suv qo‘shing. 2 soatdan keyin dokadan o‘tkazib olib, 2:1 nisbatda sut qo‘shib aralashtiring. Hosil bo‘lgan losonni yuzga surtish, undan niqob va malham sifatida foydalanish mumkin.
Har kuni qo‘llanganda ushbu loson sezilarli darajada oqartiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.
Uyqusizlikni bartaraf etishda…
Qovoq sharbati uyquni yaxshilab, asablarni tinchlantiradi, organizmdagi almashinuv jarayonlarini izga soladi. Qovoqni qaynatib pishiring, yaxshilab ezib, sharbatini siqib oling va asal qo‘shing. Agar uyqungiz notinch bo‘lsa, har kuni uyquga yotishdan oldin 2/3 stakandan iching.
Salomatlik uchun…
- Semizlikda ko‘proq qovoq yeyish tavsiya etiladi. Chunki uning kaloriyasi past. Qovoqdan bo‘tqa va quymoqlar pishiring.
- Kariyesdan himoyalanish uchun ko‘proq qovoq va uning sharbatini iste’mol qiling.
- Gijjalarni tushirish uchun qovoq danagidan nastoyka qabul qilinadi. 1 stakan qynoq suvga 1 osh qoshiq maydalangan qovoq danagi qo‘shib, 30 daqiqa tindirib qo‘ying. Kuniga 3 mahal 1 stakandan ichiladi.
Manba: Darakchi.uz