Oramizda quymoq (blinchik)ni yoqtirmaydiganlar bo‘lmasa kerak. Ularni shunchaki murabbo yoki quyultirilgan sut bilan yeyish mumkin, shuningdek, quymoqning ichini masalliq bilan to‘ldirib, uni butun bir taomga aylantirish ham mumkin. Maqolada oila a’zolaringiz va, hatto, mehmonlarga ham yoqib tushishi mumkin bo‘lgan mazali qiymalar uchun g‘oyalarni keltiramiz.
- Tuxumli qiyma
Tarkibi: 4 ta tuxum, 50 g ko‘kpiyoz, 5—10 g shivit, tuz.
Tayyorlanishi: 4 ta tuxumni qaynatib olamiz. Pishgach, ularni po‘stidan ajratib, qirg‘ichdan o‘tkazamiz. Ko‘kpiyozni qovurib olamiz, so‘ng tuxum, shivit va tuz bilan aralashtiramiz.
- Tvorogli qiyma
Tarkibi: 500 g tvorog, 1 ta tuxum sarig‘i, 2 osh qoshiq shakar, 50 g mayiz.
Tayyorlanishi: tvorogga tuxum sarig‘i, shakar qo‘shib aralashtiramiz. Hosil bo‘lgan massaga avvaldan qaynoq suvga ivitilgan mayizni qo‘shamiz.
- Tovuq go‘shtli qiyma
Tarkibi: 1 ta tovuqning ko‘krak qismi, 10 g shivit, 2 ta qaynatilgan tuxum, tuz, murch.
Tayyorlanishi: tovuq go‘shtini qaynatib olamiz va go‘sht qiymalagichdan chiqaramiz. Shivitni mayda to‘g‘raymiz. Tuxumni qirg‘ichdan chiqaramiz. Barchasini aralashtirib, ta’bga ko‘ra tuz va murch qo‘shamiz.
- Go‘shtli qiyma
Tarkibi: 500 g go‘sht qiymasi, 1 bosh piyoz, tuz, murch.
Tayyorlanishi: go‘sht qiymasini piyoz bilan qovurib, tuz va murch qo‘shamiz.
- Turshakli qiyma
Tarkibi: 300 g tvorog, 100 g turshak, 1 osh qoshiq shakar.
Tayyorlanishi: tvorogga maydalangan turshakni va shakarni qo‘shib yaxshilab aralashtiramiz.
- Qaynatilgan mol go‘shtidan qiyma
Tarkibi: 500 g mol go‘shti, 1 bosh piyoz, 20 g saryog‘, tuz.
Tayyorlanishi: mol go‘shtini 1,5 soat qaynatamiz, so‘ng go‘sht qiymalagichdan chiqaramiz. Piyozni to‘rtburchak qilib to‘g‘rab, saryog‘da qovurib olamiz, qiymalangan go‘shtni solamiz, ta’bga ko‘ra tuz qo‘shamiz.
- Quyultirilgan sut
Tarkibi: suyuq shakldagi quyultirilgan sut yoki qaynatib quyultirilgan sut (varyonnaya sgushyonka).
Shakar qo‘shib pishirilgan quymoq ustiga quyultirilgan sut quyish mumkin.
- Go‘sht qiymasi va guruch
Tarkibi: 500 g go‘sht qiymasi, 1 ta piyoz, o‘simlik yog‘i
Tayyorlanishi: qiymalangan go‘shtni o‘simlik yog‘ida qovurib olamiz. Piyozni mayda to‘g‘rab unga qo‘shamiz va past olovda pishgunicha qovurishda davom etamiz. Tayyor bo‘lgach, unga qaynatib pishirilgan guruchni qo‘shamiz, tuzlaymiz, murchlaymiz va yaxshilab aralashtiramiz.
- Qo‘ziqorinli qiyma
Tarkibi: 500 g qoziqorin, 2 ta piyoz, tuz, murch.
Tayyorlanishi: qoziqorin va piyozni qovurib olamiz. Ta’bga ko‘ra tuz va murch qo‘shamiz.
- Qaynatilgan kolbasadan qiyma
Tarkibi: 200 g qaynatilgan kolbasa, yarim qoshiq xantal, 50 g smetana, 100 g pishloq.
Tayyorlanishi: kolbasani go‘sht qiymalagichdan o‘tkazamiz, pishloqni yirik tishli qirg‘ichdan chiqaramiz, xantal va smetanani qo‘shib, barchasini aralashtiramiz.