Internet va ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda muhim va foydali vositaga aylangan. Pentagon va yahudiylarga alohida tashakkur bu uchun :). Hususan, Facebook O‘zbekiston sharoitida oz bo‘lsa ham, jiddiy va mazmunli baxs-munozara bo‘lib o‘tayotgan yagona muhit bo‘lsa kerak. Lekin Internetning zarari ham talaygina. Senzura qilinmagan, erkin fikringiz uchun boshingizga kelib tushadigan musibatlarni nazarda tutmayapman, albatta.
Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ijtimoiy tarmoqlar, 18+ saytlar va smartfondagi dasturlar miya strukturasini jismonan o‘zgartirayotgan ekan. Bu miyadagi o‘zgarishlar esa diqqatni jamlash, eslab qolish kabi muhim insoniy qobiliyatlarga putur yetkazayapti. Buning natijasida biz uzunroq va qiyinroq bir matnni oxirigacha o‘qiy olmaydigan, mashaqqat va davomiylikni talab qiladigan aqliy mehnat bilan shug‘ullana olmaydigan bo‘lib qolayapmiz. Yaxshi xabar shundan iboratki, Internet, TV, smartfonlardan foydalanish odatimizni o‘zgartira olsak, miya yana o‘z original holatiga qaytar ekan. Buni “neuroplasticity” deyishadi.
Tarki odat – amri mahol
“Biz doimo qaytarib kelayotgan hatti-harakatlarimizdan boshqa narsa emasmiz. Komillik, demak, muayyan harakat emas, odatdir” deydi faylasuf Arastu. Ya’ni, hayotimiz asosan odatlardan (doimo qaytarilib keladigan fikrlash, faoliyat tarzidan) iborat. Yaxshi odatlar egasi - komil insonga aylanadi, aksi - johilga. Hususan, Internet, TV, o‘yinlar, smartfonlarga zombi kabi yopishib qolish, ularda soatlab o‘tirish na bu dunyoimizga, na u dunyoimizga foyda keltirayapti.
Tarki odat - amri mahol bo‘lsa ham, lekin yomon odatlardan voz kechishning ilojisi bor. Masalan, tasavvufda chilla (arbain, itikof) degan tushuncha mavjud. Ya’ni, murid 40 kun hilvatga chekinib, oz yeydi, oz ichadi. Jismoniy ehtiyojlarining eng ozi bilan kifoyalanadi, kechayu kunduz doimiy zikr bilan, fikr bilan mashg‘ul bo‘ladi. Chilladan maqsad, eski odatlarini tark etib, yangi, foydali odatlarni hosil qilishdir.
Ish, oila talablari tufayli bugun biz bunday uzlatga chekina olmaymiz, tarki dunyo qilish shart ham emas. Lekin hayotimizning kamida bir sohasida vaqti-vaqti bilan uzlatga chekinib, intizomli yashashni o‘rganishimiz kerak. Bu ham bo‘lsa onlayn hayotimiz, gadjetlar bilan munosabatimizdir.
Ramazon ochlik, tashnalik, nafsni qiynash bilan Allohga taqvo hosil qilinadigan oydir. Ro‘zani to‘g‘ri tutganda, odatda detoksifikatsiya degan jarayon boshlanadi. Ya’ni badan o‘zida ig‘ilib qolgan zaharli moddalar (toksinlar) va eski hujayralardan tozalashni boshlaydi. Masalan, og‘izdan keladigan hid ham shundan.
Bugungi kunda, fikrimcha, musulmon kishi jismoniy ro‘za tutish bilan chekinmasdan, dijital ro‘za ham tutishi kerak. Fastfud badan uchun qanday zararli bo‘lsa, Internet ham miya uchun shunday zarar ekan. Shuning uchun, ongimizni bo‘lar-bo‘lmas, ikkilamchi ma’lumotlardan tozalash, jismonan o‘zgargan miyamizni qayta qurish, diqqat qilish va esimizni bir joyga to‘plash kabi qobiliyatlarimizni qaytarish uchun dijital parhez, detoksifikatsiya qilib turishimiz kerak.
Quyida, kelayotgan Ramazon oyini onlayn hayotimizda “tarki dunyo” qilib, nafs tazkiyasi va ruh tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish imkoniyatini beruvchi bir qancha mulohazalarni taklif qilayapman.
Men o‘zim shularga amal qilmoqchiman, siz esa keraklisini oling.
Onlayn hayotimizni qanday tartiblash mumkin? Demak, bugundan boshlab to Hayit kunigacha chilla deb belgilaymiz va shu 40 kun davomida:
- Dijital uzlatga chekinamiz. 40 kun jismoniy parhez va ro‘za bilan birga aqliy parhezga ham rioya qilaylik. Miyamiz nima iste’mol qilayotganiga ahamiyat beraylik.
- Feysbuk, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarga kirmaymiz. Iloji bo‘lsa, butunlay akkauntingizni o‘chirib tashlang. Iloji bo‘lmasa, shu kunlar umuman kirmaslikka harakat qiling (hatto shaxsiy xatlarni tekshirish uchun ham). Muloqotni sog‘insangiz, real hayotdagi do‘stlaringiz bilan uchrashing.
- Dijital detoksifikatsiya boshlanishi uchun miyani doimiy ozuqadan mahrum qilish kerak. Iloji bo‘lsa, chilla vaqtida Internetga umuman kirmang. Iloji bo‘lmasa, Internetdan ongli foydalaning va vaqtini cheklang. Internetdan nima olmoqchi ekanligingizni avval qog‘ozga yozing, keyin Internetni yoqing, kerakli narsani oling va o‘chiring.
- Telegram, FB Messenjer, Vatsap, Clash of Kings va hokazo smartfondagi barcha ilovalar va o‘yinlarni o‘chirib tashlang. Apparatni faqat qo‘ng‘iroq qilish va sms yozish uchun ishlating.
- Yangilik, xabarlar saytlarini kompyuterda ham, telefonda ham o‘qimang. Daryodan boshlab, New Yorker'gacha bo‘lgan saytlarga taqiq qo‘yiladi. 40 kun ichida dunyoga hech narsa qilmaydi, havotir olmang. Haqiqatdan ham olamshumul voqea sodir bo‘lsa, do‘stlaringizdan bilasiz.
- TV/Radio yoqilmaydi. Baribir, ularda ko‘radigan, eshitadigan hech narsa yo‘q.
- Musiqa/kinofilmlardan voz kechib turing. Ayniqsa, o‘zbekchasidan. Turgan-bitgani zarar va miyani primitivlashtirib yuboradi.
Bu tajribadan maqsad, Internet va dijital ko‘ngilocharlik ustidan nazoratni o‘rnatish, ular sizni nazorat qilishidan qutilishdir. Ramazon oyi bu tajriba uchun ideal muhitni yaratadi, shu imkoniyatdan foydalanib qolish kerak.
Bo‘shab qolgan vaqtingizni xohlasangiz ibodat va zikr, tafakkur bilan, xohlasangiz jiddiy (kasbiy, ruhiy, diniy va h.k) kitoblarni o‘qish bilan o‘tkazing. Bismilloh deb, men ertadan chillani boshladim, qo‘shiladiganlar bormi :) ?
Sardor Salim