Kutubxona

Ro‘molli doktor (davomi)

Ha, bu yana menman.... ro‘molli doktoringiz! Agar mendan zerikmagan bo‘lsangiz, hikoyamning birozgina davomi bor edi 😃...

Siz doktormisiz? Psixoterapevtmisiz? Telefonda aynan siz bilan gaplashganmidik? Rasmingizda boshqacha ekansiz?! Otinoyimasmisiz?

Askdoktor.uz, bestdoktor.uz, klubmedikov.uz, xullas internetdagi jamiki tibbiyot saytlari, telegram kanallari va “sarafan reklama” orqali topib kelayotgan patsiyentlarim tomonidan yuqoridagi savollar berilishiga o‘rganib xam qoldim. To‘g‘ri-da, ulardan hafa emasman, meni boshqacharok ta’riflashgan ularga, men esa endi “ro‘molli doktor”ga aylanganimdan ularning xabari yo‘q.

Allohning biz uchun o‘z rejalari bor deyishadi, men shunga aniq ishondim. Sababi, men ilgarilari ko‘proq G‘arb psixoterapiyasiga ko‘ra ish ko‘rgan bo‘lsam, aynan shunday, ya’ni yevropalashgan, rusiy zabon o‘zbeklarimiz murojaat etishar edi. Xozirda esa asosan sharq, ya’ni ma’naviyatga (dinga) yo‘naltirilgan psixoterapiya bilan shug‘ullanayotganimdan buyon taajjubki, aynan diniy aqidalarga rioya etadigan bemorlarimiz murojaat etishayapti. Bunday yo‘nalish metodini, konsepsiyasini ishlab chiqish uchun ilmiy izlanayapman.

Ilgari onlayn va bevosita konsultatsiyalar chog‘ida faqat tibbiyot nuqtai- nazaridan javob berayotgan bo‘lsam, endilikda esa savollarga javobni diniy kitoblarimizdan ham izlayapman. Sababi tibbiyot hali hech qachon dinga bog‘lab o‘rganilmagan kasalliklar sababi, ayniqsa psixosomatik kasalliklarning sababi oddiygina farzlarimizni bajarmasligimiz tufayli kelib chiqishi men uchun, ya’ni shifokor uchun yangilik bo‘layapti. Shularni bilganim sari, agar inson ruhiyatini tinchlantirmokchi bo‘lsa (stress menejment, suggestiv psixoterapiya), havotir va qo‘rquvni yengmoqchi bo‘lsa (ratsional psixoterapiya), qo‘yingki, ruxiy hotirjamlikka erishmoqchi bo‘lsa, men tavsiya etadigan psixoterpevtik usullar, zaruriy hollarda medikamentoz (dorilar) bilan birgalikda albatta farzlarni bajarishi, Qur’on o‘qishi (o‘qishni bilmasa, tinglashi) lozimligini tavsiya etayapman. To‘g‘ri, bularni psixoterapevt sifatida tavsiya etishim uchun tibbiy muassasalardan ruxsat olishim zarurdir (ko‘pchilik xamkasblarim shu yeriga kelganda men bilan xamfikr bo‘la olmaydi, ammo vaqti kelib, ilmiy tomondan o‘z tasdig‘ini topgandan so‘ng, fikri o‘zgarishiga ishonchim komil)... ammo oddiy muslima ayol sifatida menga hech kimning roziligi shart emas, sababi islomiy farzlarimizni eslatishga xar qanday musulmon xaqli deb o‘ylayman.

Ko‘ngli cho‘kkan, tushkunlikka tushgan ayollarga maslahat chog‘ida xam “o‘zingizni seving, o‘zingizni xammadan ustun qo‘ying, joyida javob bering” deya Yevropa bilimlariga tayanib ish ko‘rgan bo‘lsam, endilikda “Allohni seving, farzlaringizni o‘z vaqtida ado eting, sharttakilik qilib birovni dilini og‘ritish katta gunoh, sabrli bo‘ling” deya aytayapman. Siz o‘sha Gavhar Darvishonamisiz, degan savollarni xam berishayapti. To‘g‘ri biroz yumshaganim, fikrlarim, qarashlarim o‘zgargani rost. Inson xarakteri uzoq vaqtli kognitiv-hulqli psixoterapiya, korreksion tadbirlardan keyingina o‘zgarishi mumkin deb o‘ylaydigan mutaxassis, Islom insonni halimdek yumshashiga sabab bo‘lishiga toboro ishonib borayapman. Alloh buyuk, istasa bir insonni tamoman boshqa insonga aylantirishiga endi aniq ishonchim komil. Fan, ilm, tibbiyot kuchsizlik qilganda, Allohni amri bilan o‘lim to‘shagidagi inson sog‘ayib ketishiga aniq ishonaman, mo‘’jizalarga ishonaman.

Gavhar Teshaboyeva