Salomatlik

Ro‘za tutish vaqtida to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari

Muqaddas Ramazon oyida ovqatlanish ratsioningiz odatdagidan ko‘p ham farq qilmasligi va iloji boricha oddiy bo‘lishi kerak.

Saharlik vaqtida ovqatlanish

Saharlik ro‘zador uchun juda muhim bo‘lib, u organizmga kunning birinchi yarmida samarali ishlash uchun zarur quvvatga ega bo‘lish imkonini beradi. Bu shunga olib keladiki, kunning ikkinchi yarmida organizmga zarur energiya uglevodlar va yog‘larning bir qismi parchalanishi hisobiga ajralib chiqadi, ammo bu oqsillar almashinuviga ta’sir qilmaydi, shunday ekan, organizmdagi almashinuv jarayoni hech ham zarar ko‘rmaydi.

Shifokorlar saharlikka murakkab uglevodlar — bug‘doy non (qora non), yormalardan tayyorlangan taomlar, yangi uzilgan sabzavotlardan salatlar va quruq mevalar iste’mol qilishni tavsiya etadi. Murakkab uglevodlar organizmda uzoq vaqt davomida hazm bo‘ladi va shuning uchun organizmni kamida 8—12 soat davomida quvvat bilan ta’minlaydi. Ularga go‘sht, baliq, tuxum yoki sut mahsulotlari ko‘rinishida biroz oqsil qo‘shish mumkin. Oqsil hazm bo‘lishi uchun ham ancha uzoq (8 soat) vaqt talab etiladi va u, ayniqsa, yuqori jismoniy faollikda muhimdir, ammo uni ko‘p miqdorda iste’mol qilish orqali jigarga og‘irlik tushirish mumkin, bu a’zo o‘zi shundoq ham ro‘za paytida zo‘r berib ishlaydi.

Shuningdek, og‘iz yopish vaqtida xurmoqoqi, bodom, banan tanovul qilish ham foydalidir. Biroq haddan tashqari ko‘p yeyish va ichish kerak emas, axir oqibatda kun davomida organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlab turish uchun zarur bo‘lgan mineral tuzlar organizmdan chiqib ketadi.

Saharlik vaqtida qahvadan butunlay voz kechgan (yoki uni minimal miqdorda ichgan) ma’qul. Qatiqqa ko‘kat va biroz tuz qo‘shib ichilsa, ham foydali, ham chanqoqbosdi bo‘ladi.

Iftorlik vaqtida ovqatlanish

Og‘iz ochish vaqtida dasturxonga mevalar, quruq mevalar, pishiriqlar va boshqalarni tortish mumkin, asosiysi — oshirib yubormang. Ovqat ko‘p bo‘lishi kerak emas — qovurilgan va xamirli taomlarni cheklash kerak. Yog‘li va qovurilgan ovqatlarni, tarkibida shakar juda ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni yemang. Qovurilgan taom ovqat hazm qila olmaslik, jig‘ildon qaynashiga olib keladi, vaznni ko‘paytiradi.

Eng ma’quli — sabzavotlardan yoki go‘sht va sabzavotlardan tayyorlangan taomdir. Yangi uzilgan sabzavotlardan salatlar, yormalardan taomlar — foydali. Shirinliklar yeyish mumkin, biroq ko‘p bo‘lmagan miqdorda. Ovqatlanish muvozanatga keltirilgan bo‘lishi kerak: unga har bir guruhga taalluqli ozuqalar, masalan, sabzavotlar, mevalar, go‘sht, tovuq go‘shti, non, don va sut mahsulotlari kirishi kerak.

Iftor va uyqu oralig‘ida iloji boricha ko‘proq suv va sharbatlar iching, bu organizmda suyuqlik miqdorini normal darajada saqlab turish uchun zarur. Ichimliklardan yangi siqilgan sharbatlar, morslar, kompotlar, kisel va choy, shuningdek, oddiy suv ham to‘g‘ri keladi.