Sarimsoq piyozning hammaga ma’lum va mashhur foydasi, shifobaxsh xususiyatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo u yangi hosilgacha barra va sersuv bo‘lib qolishi uchun uni qanday saqlash kerakligini hammamiz bilamizmi? Maqolamizda buning ba’zi usullari bilan tanishishingiz mumkin.
Sarimsoqni saqlab qo‘yishdan avval, uni maqbul vaqtda va ob-havoda to‘g‘ri yig‘ib olish kerak. Uni yaxshisi, zarar yetkazmagan holda, bus-butun boshli ko‘rinishda kavlab olgan ma’qul. Buni quruq havoda amalga oshiring, kavlashdan oldin sug‘ormang.
Terib olgach, sarimsoqni soyada yoki ayvon ostida ikki hafta davomida quritish lozim. So‘ng tuproq qoldiqlarini olib tashlash, bandi va ildizlarini kesish, ildiz qoldiqlarini esa olov ustida kuydirish kerak.
Sarimsoq piyozlarni diqqat bilan saralang, shubhali bo‘lgan — buzilgan, ezilgan, dog‘lari bo‘lgan, puk bosh va bo‘laklarni tashlab yuboring.
Quritganingizdan keyin sarimsoqni kichik porsiyalarda karton yoki yog‘och qutilarga, plastik konteynerlarga, to‘qima savatlarga, kanop qoplarga va hatto shisha bankalarga joylashtirish mumkin.
Sarimsoqni qayerda saqlash kerak? Eng yaxshisi — qorong‘i, quruq joyda 2 dan 5 darajagacha bo‘lgan haroratda va havo namligi 70—80 daraja bo‘lgan sharoitda saqlash lozim. Optimal joy yerto‘la, omborxona, balkondagi quti yoki sovitgich bo‘ladi.
Saqlash jarayonida sarimsoq buzilib qolmasligi uchun, uning holatini kuzatib borish kerak. Chirigan sarimsoq o‘ziga xos hid chiqaradi. Shuningdek, yumshoq, burishgan yoki dog‘ bosgan bo‘lakchalar yoki butun boshlar paydo bo‘lishi mumkin. Aynigan boshlarni umumiy massadan ajratib olish zarur.
Manba: Daryo.uz