Toshkent shahrida «Yil ayoli – 2017» milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
«Yil ayoli» tanlovining hududiy bosqichlarida komissiyalar tomonidan 5,5 mingdan ortiq ayolning faoliyati o‘rganildi. Mamlakat bosqichida 140 nomzod qatnashdi.
Hay’at «Farg‘ona Roza-al» korxonasi va «Ibratli Bekam» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Shahnoza G‘aniyevani tanlov g‘olibligiga munosib ko‘rdi.
—Tanlovning oliy o‘rin sovrindoriga loyiq topilganimdan behad xursandman. «Ibratli Bekam» nodavlat ta’lim muassasasiga yetakchilik qilib, xotin-qizlarimizni hunar egasi bo‘lishga ko‘mak bermoqdamiz. Xususiy korxonamiz faoliyati esa bu yerda ta’lim olgan qizlarni ish bilan ta’minlashda qo‘l kelmoqda, — deydi Shahnoza G‘aniyeva.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘qituvchisi, pedagogika fanlari doktori Zuhra Soliyeva birinchi o‘ringa loyiq, deb topildi.
Ikkinchi o‘rin «Taxiatosh IES» korxonasi ofis menejeri Gulsara Jallibekovaga, uchinchi o‘rin Surxondaryo viloyati Boysun tumani milliy hunarmandlik markazi direktori Hanifa Salimovaga nasib etdi.