Bilasizmi?

Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva o‘zining ilk loyihasiga qo‘l urdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi, Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Shavkatovna Mirziyoyeva ilk loyihasiga qo‘l urdi, deb xabar bermoqda Qalampir.uz nashri.

Hademay, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini qarshilaymiz. Bu bayram uchun ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlari, ijodkorlar hamkorligida sovg‘a tayyorlanmoqda. Ushbu ta’sirli musiqaviy video orqali, Maktabgacha ta’lim vazirligi barchaning e’tiborini bolalarga tug‘ilgan kunidan tug‘ilishidan boshlab singdirish kerak bo‘lgan muhim narsalarga qaratmoqchi.

Ushbu loyiha haqida Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva shunday deydi:

“Bizning bolalarimiz bugun qanday qaror qabul qilishlari va biz ularga erta yoshidan o‘rgatganlarimiz,  ularning va yurtimizning kelajagini belgilab beradi. Va ushbu narsalarga erishishda ularga ko‘mak berish – bu bizning umumiy vazifamizdir”.

Ushbu klipni suratga olish jarayonida 300 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Ular orasida “Tomosha”, “Monster kids”, “Aladdin” bolalar ansambllari, “Paxtakor” bolalar futbol klubi, bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar, boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari Shaxram G‘iyosov va Xasanboy Do‘stmatov, Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik opera va balet Katta teatri balerinasi Nodira Hamroyeva, “Global Soccer Awards” xalqaro tanlovining “Yilning eng yaxshi hakami” nominatsiyasi g‘olibi Ravshan Ermatov, taniqli futbolchi va Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi hujumchisi Sardor Rashidov, Bunyodkor futbol klubi va boshqa taniqli san’atkorlar va aktyorlar ishtirok etishgan.