Bilasizmi?

Shokolad tanlashda nimalarga e’tibor berish lozim?

Shokolad ko‘pchiligimiz uchun sevimli shirinlik hisoblanadi. Shokoladlarning turi juda ko‘p. Ularni tanlashda nimalarga e’tibor berishimiz lozim?

Qaysi shokolad foydaliroq — achchiq, qoramtir yoki sutlimi?

Shokoladning bu turlari bir-biridan tarkibidagi kakao mahsulotlari miqdori bilan farq qiladi. Achchiq shokoladda ular 55%, klassik shokoladda 35 dan 55—60% gacha, sutlida esa 35% dan kamroqni tashkil qiladi. Oxirgisida shakar va sut ko‘proq (bu quruq sutli zardob yoki quruq sut bo‘lishi mumkin). Aynan shuning uchun tarkibida umuman sut bo‘lmagan achchiq shokolad ancha parhezliroq hisoblanadi.

Oq shokolad — bu haqiqatan ham shokoladmi?

Ha. Uning tarkibida albatta kakao-yog‘, ko‘proq sut bo‘lishi, lekin qirilgan kakao bo‘lmasligi kerak. Shuning hisobiga uning rangi oq bo‘ladi. Bundan tashqari, odatda bunday shokoladning tarkibi shakar, «burbon» vanilini, letsitindan iborat bo‘ladi.

Shokoladni qanday saqlash kerak?

Uning uchun eng qulay harorat — 5 dan 18 darajagacha . Shuning uchun shokoladni muzxonada saqlashning keragi yo‘q.

Shunday bo‘lsa ham, agar siz sovuq shirinlikni xush ko‘rsangiz, uni sovitgichning kondensatlarsiz va yorug‘lik tegmaydigan bir burchagida saqlang. Aks holda shokoladning tashqi ko‘rinishi tez o‘zgaradi. U o‘z sifatini yo‘qotmaydi, lekin yuzasi oqish changsimon qatlam bilan qoplanadi.

Shokolad qanday o‘ralgan bo‘lishi kerak?

Albatta folga yoki flou-pak — shokoladni zararlanish va quyosh yorug‘ligidan himoya qiluvchi maxsus plyonka bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak. Uning ustidan esa — qog‘oz yoki karton bo‘lishi lozim.

Manba: Daryo.uz