Bilasizmi?

Tsitrusli dorixona

Apelsin toksinlarga qarshi!

Yarimta apelsinda har bir kishiga kerakli bo‘lgan S vitaminining kundalik miqdori mavjud. Bu meva tamaki tutuni, spirtli ichimliklar hamda yog‘li taomlar bilan birgalikda organizmimizga tushib, sog‘lom hujayralarga zarar yetkazadigan moddalarga qarshi kurashadi. Apelsin tarkibidagi pektin esa hazm qilish jarayonini yengillashtiradi. Kaliy moddasi mushak to‘qimalari va asab tolalarining yaxshi faoliyat yuritishi uchun muhim sanaladi. Fosfor va kalsiy suyaklar hamda tishlarning mustahkamligiga hissa qo‘shadi. Apelsinnni tozalash davomida bo‘lakchalarning orasidagi oq tololalarni olib tashlamang. Ularni qo‘shib iste’mol qilish organizmga S vitaminini o‘zlashtirishga yordam beradi.

Greypfrut bilan ozamiz!

Greypfrut tarkibida flavonoid naringenin moddasi mavjud. U organizm qabul qilgan yog‘lar to‘planib qolmasligi hamda yaxshi parchalanishiga ko‘mak beradi. Bu jarayon natijasida esa biz ozamiz! Greypfrutdagi efir moylari, organik kislotalar o‘z navbatida moddalar almashinuviga ta’sir ko‘rsatib, hazm qilish jarayonini tezlashtiradi. Shuningdek, bu foydali meva kletchatkaga boy bo‘lib, u organizmga tushgach qorin dam bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Greypfrutning ta’mi biroz nordon bo‘lgani bois, uni qandli diabet bilan og‘riganlar bemalol iste’mol qilishi mumkin. Bundan tashqari, u uglevodlar almashinuvini tezlashtirib, qonda qandning yig‘ilishining oldini oladi.

Kayfiyatni ko‘taruvchi laym

Sizu biz yaqindagina do‘stlashgan laym mevasining po‘stlog‘ida bir qancha efir moylari mavjud. Agar uni po‘sti bilan iste’mol qilsangiz, asablaringiz tinchlanib, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Bundan tashqari u mikrob va viruslarga qarshi foydali meva sanaladi. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, laym tarkibida limonga nisbatan foydali vitamin va minerallar ko‘p ekan. Yurak-qon tomir xastaliklarini oldini oluvchi yaxshi vosita hisoblanadi.

Mandarin yo‘talni to‘xtatadi!

Shamollash vaqtida turli-tuman achchiq dorilardan ko‘ra apelsinning kichik qarindoshi mandarin ko‘proq foyda beradi. Ayniqsa, yo‘talda! Chunki uning tarkibida mikroblarni parchalovchi flavonoid nobiletin bor.

Yo‘talga qarshi dori: ikkita mandarin va bitta nokni po‘sti bilan bir necha bo‘laklarga ajrating. Idishga solib, ikki osh qoshiq shakar yoki asal, 400 ml qaynagan suv qo‘shing. Past olovda 15 daqiqa davomida qaynating. Sovuting, ovqatdan keyin 1-2 osh qoshiqdan iste’mol qiling.

Manba: Darakchi.uz