Bilasizmi?

Sizni holdan toydiradigan 15 yumush

Nega uyni doim yig‘ishtirish kerak? Xonadonning bitmagan ta’miri sizga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Dam olish kunlari nimalarni qilmaslik kerak? Ruhshunoslar insonning quvvatini so‘rib oladigan narsalar ro‘yxatini tuzishdi va ular bilan kurashish usullarini ishlab chiqishdi. Quyida ular bilan tanishtiramiz. Mutaxassis ruhshunos — Go‘zal RO‘ZMATOVA.

1. O‘tmishni hadeb mushohada qilaverish, o‘tgan ishlarni o‘ylayverish (o‘shanda mana bunday qilsam, unday bo‘lmasdi va h.k.)

Nima qilmoq kerak? O‘tgan ishga salavot. O‘tmish faqat bizga bergan tajribasi nuqtai nazaridan qadrli, boshqasi bekor. Xulosa chiqaring-u, tafsilotlarni unuting. Bu xulosalar kelajagingiz ssenariysini yozishda qo‘l keladi. Ammo o‘tmish xotiralari hayotingizning ko‘p qismini egallab olsa, sutkasiga 24 soat faqat uni o‘ylayversangiz, kelajak haqida o‘ylashga vaqt qolmaydi. Shu sababli o‘tmishni yod etishda me’yorni unutmang.

2. Uydagi betartiblik

Nima qilmoq kerak? Avvalo, hamma ishni zimmangizga ortib olmang: farzandlar do‘kondan non olib kelishlari, turmush o‘rtog‘ingi bozor qilishi mumkin. Qizlaringiz bo‘lsa, 6–7 yoshdan idishlarni yig‘ishtirish va yuvishni o‘rgatsangiz bo‘ladi. Uyni tozalash uchun biron kunni belgilang, oila a’zolariga vazifalarni taqsimlab bering, shunda har kim o‘ziga tushadigan yuklamani biladi, avvaldan shunga ruhan tayyor bo‘ladi va o‘sha kuni tongdanoq hamma safarbarlik kayfiyatida uyg‘onadi. Yana bir yo‘li: har kuni oz-ozdan uyni tozalab boring, masalan, bir kun vannaxona, bir kun hojatxona, yana bir kun oshxona... Dam olish kuni bir sidra changyutkichda xonalarni aylanib chiqasiz, tamom. Bir hafta davomida uy tozalash kerak degan yuk yelkangizni bosib yotmaydi. Uy yig‘ishtirishning psixologik foydasi bor. Bir pasda tartibga kelgan xonadoningizni ko‘rib harakat qilsangiz ishingizda, tuyg‘ularingizda, umuman, butun hayotingizda shunday tartibga erishishingiz mumkinligini his etasiz.

3. Hayotda qiziqqan mashg‘ulotingiz, yaxshi ko‘rgan ishingiz yo‘qligi

Nima qilmoq kerak? Biron qiziqarli mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga nuqul vaqt yo‘q deymiz, yo hammasini dam olish kunlariga taqaymiz. Aslida, begim kunlari, boring ana, o‘sha og‘ir dushanbada ham ishdan bo‘sh paytda biron sevimli mashg‘ulot bilan shug‘ullanish mumkin. Shunday qilib, hayotingizga rang qo‘shasiz, uni yorqinroq, totliroq qilasiz. Dugonalaringiz bilan kafega boring, shunchaki sayr qiling, o‘zingizga nimadir sotib oling va hokazo. Uy–ish–uy yo‘nalishi bo‘yicha qatnashni bas qiling, siz tramvay emassiz!

4. Alam, g‘azablanish

Nima qilmoq kerak? Bu tuyg‘ularni yenga bilish kerak. Balki ruhshunosga borarsiz, opa-singlingiz yo yaqin dugonangizdan yordam so‘rarsiz, g‘azabni yengishda ularning tajribasini o‘rganib, qo‘llab ko‘rarsiz. Muammoni qo‘yib yuborsak, u haqida o‘ylashni bas qilsak, yengil tortamiz. Muammoning o‘zi ham avvalgi o‘tkirligini yo‘qotadi. Kelajakni aniqroq ko‘ra boshlaymiz, umidlar uyg‘onadi.

5. Oxiriga yetkazilmagan ishlar

Nima qilmoq kerak? Hammasini uch guruhga taqsimlang: «juda muhim» – bularni yaqin kunlar, soatlarda amalga oshirishingiz kerak; «muhim» – bularni ma’lum muddatga kechiktirish mumkin; «muhim emas» – ularni kelajakda amalga oshirasiz, hozir bunga vaqtingiz yo‘q. Navbat bilan avval juda muhim, keyin muhim va nihoyat muhim bo‘lmagan yumushlarni bajarib boravering. Keraksiz ishlarni umuman ro‘yxatga kiritmang, aynan o‘shalar ko‘p quvvatingizni olib qo‘yadi. Manfaatingizga to‘g‘ri kelmaydigan iltimoslarga yo‘q deyishni o‘rganing, yuz-xotir qilish doim ham foydali emas.

6. Sobiqlarning sovg‘alari, u bilan tushgan suratlaringiz...

Nima qilmoq kerak? Ularning barini ko‘zdan yo‘qoting. Nikoh suratlari, nikoh uzugi va boshqa shunga o‘xshash narsalarga qaraganda ko‘nglingiz buzilaversa, bu quvvatingizni so‘rib oladi.

7. Oxirigacha ta’mirlanmagan xonadon, oqib turgan jo‘mrak, darz ketgan oyna, uzilib tushgan eshik tutqichi, buzilgan texnika

Nima qilmoq kerak? Buzilgan texnika xuddi zirapchaga o‘xshaydi. O‘zicha og‘rimaydi-yu, tegib ketsangiz, bezovta qila boshlaydi. Yakunlanmagan ta’mir ham shunday. Olaylik, eshik tutqichi bo‘shashib, qimirlab qoldi. Ushlasangiz uzilib tushadi, siz uni joyiga qayta ilib qo‘yasiz. Har safar shunday bo‘lganda asabingiz buzilaveradi. Bu esa quvvat sarflanishiga olib keladi. Shu sababli maishiy muammolarni yuzaga kelishi bilanoq hal etib boring. Uyni ta’mirlayotganda iloji boricha cho‘zmaslikka harakat qiling. Asosiysi, ishni oxiriga yetkazish.

8. Qilgan ishim uchun munosib haq olmayapman, degan fikr

Nima qilmoq kerak? Pul – belning quvvati. Har qanday inson biron ishga bor bilimi, kuch-quvvati va malakasini sarf qilsa, undan munosib foyda ko‘rsa, o‘zini baxtiyor his etadi. Agar berayotganlaringiz olayotganlaringizdan ko‘p bo‘lsa, o‘ylab ko‘ring. Balki rahbariyat bilan gaplasharsiz yoki umuman ishingizni o‘zgartirishingiz kerakdir.

9. Uyqu va harakat ozligi

Nima qilmoq kerak? Anchadan beri sport zaliga bormoqchisizu, ammo hech buni amalga oshira olmayapsizmi? Demak, irodangizni jamlab buni, albatta, qiladigan vaqtingiz keldi. Uyqu ham muhim, uning yetishmasligi kun bo‘yi sarflangan quvvatingiz o‘rni to‘lmasligiga va muntazam charchoqqa olib keladi.

10. Atrofdagilar...

Nima qilmoq kerak? Odatda, hayotdan noliyveradigan odamlar quvvatingizni olib qo‘yishadi. Siz mendan maslahat so‘rayapti degan o‘yda unga maslahat berasiz, amal qilishini va hayotini o‘zgartirishini kutasiz. Ammo bunday bo‘lmaydi. Natijada, yordamim behuda ketdi deya kayfiyatingiz tushadi. Do‘stingiz (hamkasbingiz)ning muammolarini uzoq tinglamang. Iloji boricha, gapni boshqa mavzuga burishga harakat qiling.

11. Qarzlar

Nima qilmoq kerak? Qarzga botmaslik uchun hamyonga qarab ish qilish kerak. Albatta, hozir banklar uy olishdan tortib kichkina maishiy texnikagacha kredit taklif qilyapti. Ularga rad javobini berish doim ham qo‘limizdan kelavermaydi, axir, shu kreditni olsangiz, istagan narsangizga bugunoq, hoziroq erishishingiz mumkin-da. Lekin bunda ham moliyaviy imkoniyatlaringizni e’tibordan qochirmang. Bordi-yu, juda zarur narsa uchun qarz oldingiz. Masalan, uy uchun ipoteka krediti. HІyech siqilmang, shunchaki daromadlaringizdan bir qismini oyda shu to‘lov uchun ajratib qo‘ying, xuddi kommunal to‘lovlar kabi. Kreditni to‘lay olmasam-chi, deb qo‘rqmang, bankdagilarki to‘lay olishingizga ishonib uni sizga berishibdimi, demak, siz ham o‘zingizga ishonishingiz kerak.

12. Eski kiyimlar, yaroqsiz poyabzal

Nima qilmoq kerak? Albatta, yangi kiyimlar sotib olish kerak. Chunki eski kiyimlarning o‘zi emas, ularga bog‘liq taassurotlar, hislar bizni charchatadi. Har bir libos hayotingizdagi ma’lum davrni o‘zida muhrlagan: masalan manavi ko‘ylakni yaxshirog‘iga pulingiz yetmagani uchun sotib olgansiz, anavi noqulay etik tufayli esa oyog‘ingizda qadoqlar paydo bo‘lgan. Endi ularni kiygingiz yo‘q. Shunday ekan, saqlab nima qilasiz? Kiyim va poyabzal bizni xafa qilmasligi, aksincha, quvontirishi kerak.

13. Darz ketgan idish, teshik chelak, qiyshiq qoshiq...

Nima qilmoq kerak? Darz ketgan yo cheti uchgan idishda ovqat yemaslik kerak deyishadi kattalar. Bu gapda jon bor. Tibbiyot nuqtai nazaridan idishning darzi va uchgan joyi doimiy mikroblar yig‘iladigan joy. Ularni tashlab yuboring va achinmang. O‘nta cheti uchgan kosadan bitta yaxshisi a’lo.

14. Oilali erkak bilan munosabatlar

Nima qilmoq kerak? U baxtsiz, men baxtsiz, bir-birimizga baxt beryapmiz, buning nimasi yomon, degan fikr bilan o‘zingizni ovutmang. Birovning narsasiga tegmaslik kerak, tamom-vassalom!

15. Televizor yo monitorga tikilib, telefonda gaplashib ovqatlanish

Nima qilmoq kerak? Nimani yeyayotganimiz ham, qay tarzda yeyayotganimiz ham birdek muhim. Agar yo‘l-yo‘lakay yoki televizor qarshisida taomni tizzangizga qo‘yib yeydigan bo‘lsangiz, hayot lazzatlaridan biri – ta’m lazzatini e’tiborsiz qoldirayapsiz. Demak, hayotdagi boshqa quvonchlarni ham xuddi shunday his etmayotgan bo‘lishingiz mumkin. Odatlaringizni o‘zgartiring.

ShAHINA tayyorladi

Manba: Darakchi.uz