«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mutaxassislari yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.
So‘rovnomada 14 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan mingdan ziyod yigit qizlar qamrab olindi. Tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, ayni chog‘da yoshlar uchun ta’lim, ayniqsa, oliy ta’limning ijtimoiy ahamiyati o‘sib bormoqda.
Agar 2010—2011 yillarda yoshlarning faqat uchdan bir qismi oliy ma’lumot olishni xohlagan bo‘lsa, 2017 yilga kelib, 76,5 foiz yigit-qiz oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lish eng katta orzusi ekanini bildirdi.
Respondentlar qiziqishi kasbiy nuqtai nazardan o‘rganilganida, ular pedagogik (18,6 foiz), tibbiyot (9 foiz) yo‘nalishlarida, shuningdek, moliya sohasida oliy ma’lumot olishni afzal ko‘radi. So‘ralganlarning 4,6 foizi axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassis bo‘lishni istaydi. Yoshlar texnika sohasiga u qadar qiziqish bildirmagan.
So‘rovda ayon bo‘lishicha, yoshlarning ish bilan bandlik darajasi ma’lumotga uzviy bog‘liq. Masalan, mehnat bilan band oliy ma’lumotli yoshlar so‘ralganlarning 71,7 foizini tashkil etdi. Respondentlarning faqat 53,5 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotganini ko‘rsatdi.
Xorijda vaqtincha ishlash istagi respondentlarning 18,2 foiziga xosdir. Surxondaryo va Toshkent (31,2 foiz) viloyatlari yoshlarida ishlab, daromad topish uchun chet elga ketish xohishi ancha yuqori.
Shuningdek, ishtirokchilar turli diniy ekstremistik guruhlarga nisbatan ham o‘zlarining qat’iy yondashuvini ifoda etdi.
So‘ralganlarning 76,6 foizi ularni islom shiori ostida hokimiyatga intiluvchi kuchlar desa, 72,1 foizi yoshlarni xalqimiz ruhiyatiga yot bo‘lgan g‘oyalar bilan zaharlashni istaydigan O‘zbekiston dushmanlari, 56,6 foizi qurolli gazandalar sifatida ko‘radi.